$
 11847.16
52.28
 13843.41
157.81
 141.44
2.77
weather
+26
Кечаси   +14°

Mirziyoyev Aliyevni, Aliyev esa Mirziyoyevni oliy davlat ordeni bilan taqdirladi

orden

Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyevga ikki mamlakatning oliy davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ilhom Aliyev O‘zbekistonning “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Shavkat Mirziyoyevga esa Ozarbayjonning “Haydar Aliyev” ordeni topshirildi. Ikki rahbar ushbu mukofotlarni mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlariga berilgan yuksak baho sifatida qabul qildi.

Ilhom Aliyevga O‘zbekistonning oliy mukofoti topshirildi

Marosim avvalida Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyevga O‘zbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti — “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini topshirdi. O‘zbekiston prezidenti bu mukofot Ilhom Aliyevning ikki qardosh mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashdagi xizmatlariga berilgan yuksak baho ekanini aytdi. Shuningdek, bu O‘zbekiston xalqining Ozarbayjon rahbariga bo‘lgan samimiy hurmati va e’tirofini ifodalashi ta’kidlandi.

Shavkat Mirziyoyev Ilhom Aliyev otasi, taniqli davlat arbobi Haydar Aliyev boshlagan ishlarni munosib davom ettirayotganini qayd etdi. Uning rahbarligida olib borilayotgan islohotlar tufayli Ozarbayjon taraqqiyotda ham, xalqaro maydonda ham katta yutuqlarga erishayotgani aytildi.

Ilhom Aliyevning O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalarni kengaytirishga qo‘shgan hissasi ham alohida e’tirof etildi. Ikki davlat o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari shakllanishida uning o‘rni beqiyos ekani ta’kidlandi.

Ilhom Aliyev mukofot uchun Shavkat Mirziyoyev va O‘zbekiston xalqiga minnatdorlik bildirdi. U ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro hurmatga asoslangan har tomonlama hamkorlik bundan keyin ham mustahkamlanib borishiga ishonch bildirdi.

Shavkat Mirziyoyevga “Haydar Aliyev” ordeni berildi

Marosim davomida Shavkat Mirziyoyev ham Ozarbayjonning oliy davlat mukofoti — “Haydar Aliyev” ordeni bilan taqdirlandi. Mukofotni unga Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev topshirdi.

Shavkat Mirziyoyev bu yuksak e’tirof uchun Ilhom Aliyev va Ozarbayjon xalqiga chuqur minnatdorlik bildirdi. O‘zbekiston rahbari ordenni ikki mamlakat o‘rtasidagi abadiy do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilikni mustahkamlash yo‘lidagi birgalikdagi sa’y-harakatlarga berilgan yuksak baho sifatida qabul qilishini aytdi.

Prezident “Haydar Aliyev” ordeni o‘zi uchun alohida ahamiyatga ega ekanini ham ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mukofot butun umrini Vataniga xizmat qilishga bag‘ishlagan buyuk davlat arbobi Haydar Aliyev nomi bilan atalgan. Shavkat Mirziyoyev aynan Haydar Aliyev Ozarbayjonning kelajakdagi taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratganini qayd etdi.

Haydar Aliyev O‘zbekiston tarixi va madaniyatini yuksak qadrlagani, o‘zbek va ozarbayjon xalqlarining bir-biriga yanada yaqinlashishiga katta hissa qo‘shgani ham eslab o‘tildi.

Bu orden bilan dunyoning mashhur davlat arboblari ham taqdirlangan

“Haydar Aliyev” ordeni Ozarbayjonning oliy davlat mukofoti hisoblanadi. Turli yillarda bu mukofot bir qator xorijiy davlat rahbarlari va taniqli siyosatchilarga ham topshirilgan.

Ular orasida Fransiya prezidenti Jak Shirak, Quvayt amiri Saboh as-Saboh, Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an va Italiya prezidenti Serjo Mattarella bor. Bundan tashqari, boshqa ko‘plab davlat arboblari ham ushbu orden bilan taqdirlangan.

Marosim yakunida O‘zbekiston va Ozarbayjon bundan keyin ham barcha sohalarda hamkorlikni kengaytirib borishiga ishonch bildirildi. Ikki qardosh xalq o‘rtasidagi yaqin munosabatlarni yangi amaliy loyihalar va tashabbuslar bilan yanada boyitish maqsad qilingan.

Теги :
Jamiyat