$
 11847.16
52.28
 13843.41
157.81
 141.44
2.77
weather
+26
Кечаси   +14°

BMT moliyaviy inqiroz yoqasida: AQSh 725 million dollar bermoqchi

bmt

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati BMTga 725 million dollar ajratishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Kongress ham xabardor qilingan. BMT hisob-kitobiga ko‘ra, AQShning tashkilot oldidagi qarzi 4 milliard dollardan oshgan. Shu sabab rejalashtirilayotgan 725 million dollar qarzning 20 foizini ham qoplamaydi. 21-avgust holatiga ko‘ra, mablag‘ hali BMT hisobiga o‘tkazilmagan.

725 million dollar ajratilishi islohotlarga bog‘liq

AQSh prezidenti Donald Tramp kelasi oy Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zlashi kutilmoqda. BMTga 725 million dollar ajratish rejasi ham aynan shu tadbir arafasida ma’lum bo‘ldi. Hozircha Vashington bu mablag‘ni tashkilotga o‘tkazmagan.

AQSh rasmiysining aytishicha, pul shunchaki ajratib berilmaydi. To‘lov BMTda boshlangan islohotlar davom etishiga bog‘liq bo‘ladi. Tramp ma’muriyati avval ham tashkilot faoliyatini tanqid qilib, uning xarajatlarini kamaytirish kerakligini bir necha bor ta’kidlagan. Shu siyosat doirasida BMTning ayrim agentliklariga ajratiladigan mablag‘lar ham qisqartirilgan.

Davlat departamenti rasmiysiga ko‘ra, AQSh so‘nggi olti oy ichida BMTda muhim o‘zgarishlarga erishgan. U ilgari amalga oshirish qiyin deb hisoblangan islohotlar boshlanganini va ular orasida BMT tarixidagi birinchi real byudjet qisqartirilishi ham borligini aytdi. Natijada tashkilot xarajatlari qariyb bir milliard dollarga kamaygan.

Aprel oyida Devex media platformasi ham AQSh BMTga pul ajratish uchun bir qator shartlar qo‘yganini yozgan edi. Ular orasida tashkilot xarajatlarini yanada qisqartirish va BMTdagi Xitoy ta’siriga qarshi kurashish kabi talablar ham bo‘lgan.

AQShning BMT oldidagi qarzi 4 milliard dollardan oshgan

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh tashkilotga 4 milliard dollardan ortiq mablag‘ to‘lashi kerak. Agar Vashington rejalashtirilgan 725 million dollarni to‘liq o‘tkazsa ham, bu umumiy qarzning 20 foiziga yetmaydi.

AQSh tomoni esa BMT keltirayotgan raqamlarga to‘liq qo‘shilmaydi. Vashington qarzdorlik miqdori aslida ancha kam ekanini va ayrim to‘lovlar allaqachon amalga oshirilganini ta’kidlab keladi. Shunga qaramay, ekspertlar 725 million dollarning ajratilishini mavjud qarzlarni kamaytirish yo‘lidagi ijobiy qadam deb hisoblamoqda.

AQSh BMT byudjetiga eng katta hissa qo‘shadigan davlat hisoblanadi. Shu sabab Vashington tomonidan to‘lovlarning kamayishi yoki kechiktirilishi tashkilotning moliyaviy holatiga sezilarli ta’sir qiladi. Tramp ma’muriyati esa majburiy badallarning ayrimlarini to‘lashdan bosh tortgan, bundan tashqari, o‘z byudjetiga ega bo‘lgan BMT agentliklariga beriladigan ixtiyoriy moliyaviy yordamni ham qisqartirgan.

BMTda xodimlarga maosh to‘lash ham muammoga aylanishi mumkin

BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish tashkilotning moliyaviy ahvoli og‘irlashayotganidan avvalroq ogohlantirgan edi. Uning aytishicha, a’zo davlatlar o‘z badallarini vaqtida to‘lamayotgani sabab BMT “yaqinlashib kelayotgan moliyaviy inqiroz”ga duch kelgan.

BMTning sobiq xodimi Yujin Chenning fikricha, AQShdan 725 million dollar kelib tushishi tashkilotga bir muddat yengillik beradi. Bu pul, jumladan, BMT xodimlarining maoshlarini to‘lashga yordam berishi mumkin. Biroq mablag‘ barcha xarajatlarni qoplash uchun yetmasligi ehtimoli bor.

Germaniyaning IDOS tahlil markazi eksperti Ronni Pats ham BMTning moliyaviy imkoniyatlari cheklanganini aytgan. Uning hisobicha, AQSh qarzining katta qismini to‘lasa, tashkilot deyarli zaxirasiz ishlashda davom etsa-da, yil oxirigacha faoliyatini olib borishi mumkin.

Agar katta miqdordagi to‘lovlar amalga oshirilmasa, vaziyat ancha qiyinlashishi mumkin. Ronni Patsning fikricha, bunday holatda yilning so‘nggi ikki-uch oyida BMT xodimlariga maosh to‘lash va kundalik faoliyatni davom ettirishda jiddiy muammolar paydo bo‘lishi ehtimoli bor.

AQSh BMTda ovoz berish huquqidan ayrilishi mumkin

AQSh uchun masala faqat qarzdorlik yoki BMTning moliyaviy ahvoli bilan cheklanmaydi. Agar Vashington to‘lovlarni yetarli darajada amalga oshirmasa, Bosh Assambleyada ovoz berish huquqi ham xavf ostida qolishi mumkin.

Yujin Chenning aytishicha, AQSh qo‘shimcha to‘lovlarni amalga oshirmasa, kelasi yil yanvar oyida ovoz berish huquqidan mahrum bo‘lish ehtimoli mavjud.

BMT Ustavining 19-moddasida bu borada alohida qoida belgilangan. Unga ko‘ra, a’zo davlatning to‘lanmagan badallari oldingi ikki yil uchun to‘lashi kerak bo‘lgan badallar miqdoriga teng yoki undan ko‘p bo‘lsa, mamlakat Bosh Assambleyada ovoz berish huquqidan mahrum bo‘lishi mumkin.

Shu sabab 725 million dollarlik to‘lov AQSh uchun ham, BMT uchun ham muhim. Mablag‘ tashkilotning hozirgi moliyaviy bosimini biroz kamaytirishi mumkin, ammo milliardlab dollarlik qarzdorlik va BMTning umumiy moliyaviy muammolarini to‘liq hal qilish uchun buning o‘zi yetarli bo‘lmaydi.

Теги :
Jamiyat