$
 12990.00
5.56
 13570.65
127.86
 131.86
1.96
weather
+26
Кечаси   +14°

Oxirgi ikki yilda uy-joy qurilishi bo‘yicha 5,5 mingdan ziyod qoidabuzarlik aniqlangan

qurilish

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishida foydalanishga topshirilgan uylar bo‘yicha ham e’tirozlar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi. 

Qurilish sifati boʻyicha jiddiy kamchilik 

Oxirgi ikki yilda uy-joy qurilishi bo‘yicha 5,5 mingdan ziyod qoidabuzarlik aniqlangan. Xususan, 88 ta holatda pudratchilar loyihaga zid ravishda uylarga ortiqcha 1-2 qavat qo‘shib qurgan. Yoki foydalanishga qabul qilingan 74 ta ko‘p qavatli uylarda qurilish sifati bo‘yicha jiddiy kamchiliklar aniqlangan. 

Shu ma’noda, pudratchilarning qurilish madaniyatini tubdan oshirish zarurligi qayd etildi. 

“Shaffof qurilish”

Hozir pudratchilar qurilishni boshlash uchun hujjatlarni kamida 5 bosqichda kelishishi kerak. Bunga 2 oygacha vaqt ketayapti. Bu jarayonlar soddalashtirilishi e’lon qilindi. 

Quruvchilar “Shaffof qurilish” platformasi orqali tayyor loyihani idoralar bilan onlayn kelishadi. Ular kamchilik ko‘rsatsa, bartaraf qiladi. 

Qurilish loyihaga mos bajarilishini Davlat arxitektura-qurilishi nazorati inspeksiyasi tekshiradi va bitganidan keyin xulosa beradi. Obyektni foydalanishga topshirishda faqat 2 ta idora – DAQN va yong‘in xavfsizligidan xulosa olinadi. Zarur bo‘lsa, boshqa sohadagi mutaxassislarni inspeksiyaning o‘zi jalb qiladi.

Xorijdan muntazam pul oʻtkazgan shaxslarga ham ipoteka beriladi 

Shuningdek, mamlakatda aholiga rasmiy ish joyi bo‘lmasa ham, daromadini deklaratsiya asosida hisobga olib, ipoteka krediti olishi uchun imkoniyat yaratilgani taʼkidlandi.

Lekin hozirda xorijga ishlashga ketganlarga “O‘zbekistonda rasmiy daromadi yo‘q”, degan vaj bilan kredit va subsidiya berilmayapti, dedi prezident.

Davlat rahbari mutasaddilarga xorijda mehnat qilayotgan va olti oy ichida muntazam pul o‘tkazib kelayotgan fuqarolar daromadini hisobga oladigan tizimni yaratishni topshirdi.

Yangi uy-joy xarid qilgan fuqarolarga keshbek berilishi mumkin

Bundan tashqari, uy-joy qurishda asosiy eʻtiborni eskirgan uylar oʻrnida renovatsiya asosida zamonaviy koʻp qavatli uylarni koʻpaytirishga qaratish zarurligi taʻkidlandi. Renovatsiya hisobiga yerdan foydalanish samaradorligi 4-5 karra oshadi, kommunikatsiya xarajati 2 karra kamayadi.

Bu borada Jizzax, Margʻilon, Qoʻqon, Shahrisabz, Qarshi shaharlari, Doʻstlik va poytaxt tumanlarida ishlar yaxshi boshlangani qayd etildi. Ularning tajribasini barcha hududda ommalashtirish kerakligi, avariya holatidagi eskirgan uylarda yashayotgan odamlar buni kutayotgani koʻrsatib oʻtildi.

Renovatsiya asosida bu yil 20 ming xonadon qurilishini tashkil qilish zarurligi qayd etildi. Joriy yilda uy-joy dasturlarini moliyalashtirishga budjetdan 15,5 trillion soʻm resurs berilmoqda.

Sohada yashirin iqtisodiyotni yanada qisqartirish uchun yangi uy-joy oladigan fuqarolarga oʻzi toʻlagan mablagʻining bir qismini keshbek qilib qaytarish boʻyicha takliflar ishlab chiqish topshirildi.

Теги :
Jamiyat