$
 12136.57
-0.53
 14318.73
11.52
 157.70
-0.83
weather
+26
Кечаси   +14°

Qo‘shni davlatda yana urush: Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi ziddiyatning ildizi qayerda?

Afg

Pokiston harbiy-havo kuchlari erta tongda Afg‘oniston hududiga aviazarba bergani haqida xalqaro OAV, jumladan BBC xabar qildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, zarbalar Kobul va Qandahor viloyatlaridagi “Tolibon”ga tegishli harbiy obyektlarga yo‘naltirilgan.

Islomobod mazkur operatsiyani oldindan ogohlantirilmagan afg‘on hujumlariga javob sifatida izohladi. Pokiston tomoni zarbalar natijasida afg‘on jangchilari orasida katta yo‘qotishlar bo‘lganini da’vo qilmoqda.

Afg‘oniston rasmiylari esa Pokistonning havo hujumlari oqibatida o‘nlab tinch aholi vakillari, jumladan ayollar va bolalar halok bo‘lganini ma’lum qildi. Shuningdek, rasmiy Kobul bunga javoban ikki mamlakatni ajratib turuvchi Durand chizig‘i bo‘ylab Pokiston kuchlariga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlanganini e’lon qildi.

Qurbonlar soni: ikki tomonning ikki xil talqini

Zarbalar oqibatida halok bo‘lganlar soni borasida tomonlar o‘rtasida keskin tafovut mavjud.

Pokiston tomoni aviazarba natijasida 133 nafar afg‘on jangchisi halok bo‘lganini, 200 dan ortiq kishi yaralanganini bildirdi. Bundan tashqari, 27 ta harbiy post yo‘q qilingani va 9 tasi egallangani, ko‘plab shtab-kvartiralar, o‘q-dori omborlari hamda 80 dan ortiq harbiy texnika yakson etilgani da’vo qilinmoqda.

Afg‘oniston tomoni esa boshqa raqamlarni keltirmoqda. Unga ko‘ra, Pokiston zarbalari oqibatida 72 afg‘on harbiysi halok bo‘lgan, 120 nafari jarohat olgan. Shu bilan birga, Kobul Islomobodga qarshi o‘tkazilgan javob operatsiyasi natijasida 55 nafar pokistonlik harbiy halok bo‘lgani, 11 nafari yaralangani hamda 19 ta nazorat-o‘tkazish punkti egallab olinganini ma’lum qilgan.

Shu tariqa, Afg‘oniston tomoni qurbonlar sonini 72 nafar harbiy sifatida ko‘rsatayotgan bo‘lsa, Pokiston tomoni halok bo‘lgan afg‘on jangchilari soni 133 nafarga yetganini da’vo qilmoqda. Har ikki tomon raqibiga katta yo‘qotish yetkazilganini ta’kidlamoqda, biroq mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlangan yakuniy raqamlar hozircha mavjud emas.

Chegaradagi keskinlik va vaziyatning kengayishi

Tomonlar bir-birini chegarani buzishda ayblamoqda. Pokistonning shimoli-g‘arbidagi Xaybar Paxtunxva viloyatida o‘q uzish holatlari qayd etilgan. Torkham chegara punkti yaqinidagi aholiga hududni tark etish tavsiya qilingan. Chegara orqali afg‘on fuqarolarini qaytarish jarayoni vaqtincha to‘xtatilgan.

Ikki davlat o‘rtasida qariyb 2,5 ming kilometr uzunlikdagi tog‘li chegara mavjud. Oktabr oyida erishilgan muvaqqat sulhga qaramay, so‘nggi kunlarda vaziyat yana keskinlashgani kuzatilmoqda.

Muammo ildizlari chuqur

Mintaqaviy masalalar bo‘yicha ekspert Dovud A’zamiyning BBCga bergan intervyusiga ko‘ra, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi tanglik yangilik emas. Ikki qo‘shni o‘rtasidagi munosabatlarda uzoq yillardan buyon baland-pastliklar kuzatilib keladi.

Ekspertning ta’kidlashicha, so‘nggi inqiroz Pokistonning o‘tgan oy Afg‘onistonga uyushtirgan havo hujumlaridan so‘ng boshlangan. Tolibon Afg‘onistonda hokimiyatga qaytgan so‘nggi to‘rt yil ichida Pokiston tomonidan amalga oshirilgan shunga o‘xshash hujumlar o‘ndan oshgan.

Islomobod Pokiston Tolibon harakati a’zolarini nishonga olayotganini va ularni mamlakat ichidagi zo‘ravonliklarda ayblayotganini bildiradi. Biroq Afg‘onistondagi Tolibon hukumati bu da’volarni rad etib, o‘z hududidan boshqa davlat xavfsizligiga tahdid solinishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlab keladi.

A’zamiy, shuningdek, keskinlik ortida bir qator geosiyosiy omillar ham borligini qayd etadi. Jumladan:

  • Pokistonning azaliy raqibi Hindiston bilan Tolibon hukumati o‘rtasidagi aloqalarning faollashuvi;
  • Afg‘onistonda rejalashtirilayotgan to‘g‘on qurilishlari va suv resurslarini boshqarish masalasi;
  • Eng muhim omillardan biri sifatida esa Durand chizig‘i atrofidagi tarixiy chegara nizosi.

Afg‘oniston ushbu chegarani xalqaro miqyosda tan olingan chegara sifatida qabul qilmaydi. Bu chiziq etnik pushtun aholisini ikki tomonga ajratib qo‘ygan. Shu bois, chegara masalasi hamon o‘zaro ishonchsizlik va geosiyosiy beqarorlik manbasi bo‘lib qolmoqda.

Vaziyat qayerga qarab ketmoqda?

Qatar va Turkiya vositachiligida avvalroq muvaqqat otashkesimga erishilgan bo‘lsa-da, tomonlar o‘rtasidagi asosiy ziddiyatlar hal etilmagan. Har ikki taraf ham bir-birini terror guruhlarini qo‘llab-quvvatlashda ayblamoqda.

Hozircha tomonlar rasmiy bayonotlar bilan cheklanmoqda. Biroq qurbonlar soni bo‘yicha qarama-qarshi ma’lumotlar, chegaradagi harbiy faollik va geosiyosiy manfaatlar to‘qnashuvi vaziyatning tezda barqarorlashishiga shubha uyg‘otmoqda.

Mintaqadagi keskinlikning qay darajada kengayishi esa yaqin kunlarda tomonlarning siyosiy va harbiy qarorlariga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Теги :
Jamiyat