$
 12006.39
-28.87
 13765.33
54.76
 150.44
-1.02
weather
+26
Кечаси   +14°

Mahalla, yashil hudud va fuqarolik faolligi: Toshkentdagi e’tirozlar dunyo tajribasi fonida

Urban

Toshkent shahrining Yashnobod tumanidagi“Choʻlpon” mahallasi aholisi bir yildan buyon uylar orasida koʻp qavatli bino qurilishiga qarshi chiqmoqda. Qurilish avval buzib tashlangan mahalla binosi, futbolmaydoni va bolalar maydonchasining bir qismi oʻrnida olib borilmoqda.

Aslida nima boʻlgandi?

Royal Residence kompaniyasi loyihasiga koʻra, 0,05 gektar maydonda yangi mahalla markazi barpo etilishi rejalashtirilgan. Loyihaga muvofiq, binoning birinchi qavatida mahalla idorasi joylashadi, yuqori qavatlariesa tijoriy maqsadlarda foydalaniladi. Mahalla aholisi hokim qarori va loyiha hujjatlariga e’tiroz bildirib, sudga murojaat qilgan. Biroq birinchi instansiya, apellyatsiya hamda taftish bosqichlarida ularning da’vosi rad etildi. Soʻnggi sud qarori 7-iyul kuni oʻz kuchida qoldirildi.

Mahalla faollarining ta’kidlashicha, qurilish boshlanishidan oldin aholi bilan ochiq muhokama oʻtkazilmagan. Ularning aytishicha, koʻpchilik obodonlashtirish ishlari uchun imzo qoʻygan, biroq keyinchalik aynan shu hujjatlar loyiha boʻyicha rozilik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, 150 ga yaqin fuqaro imzolagan norozilik murojaati ham sud tomonidan inobatga olinmaganini ta'kidlamoqda.

Faollar yana bir muhim masalaga e’tibor qaratmoqda. Ularning fikricha, mahalla binosi buzilib, daraxtlar kesilib va poydevor qazilgandan keyingina ayrim zarur ruxsatnomalar rasmiylashtirilgan. Qurilish uchun mas’ul idoralar esa keyinchalik loyiha barcha tegishlixulosalarni olganini malum qilgan.

Sud qarorida esa qurilish maydoni belgilangan 0,0 5gektardan oshmagani, bolalar maydonchasiga kirish saqlanib qolgani hamda loyiha amaldagi qonunchilik talablariga mos ekani qayd etilgan. Shuningdek, sud aholining roziligi olinmaganini tasdiqlovchi yetarli dalillar mavjud emas, degan xulosaga kelgan.

Shunga qaramay, mahalla aholisi qarordan norozi. Ularning fikricha, qurilish yashil hudud, sport maydoni va bolalar maydonchasining qisqarishiga olib kelgan. Faollar ishni Oliy sudda davom ettirish niyatida ekanini bildirgan.

“Lolazor” mahallasidagi qurilish tanqid markazida

Shunga oʻxshash holat Toshkentning Mirobod tumanidagi "Lolazor" mahallasida ham kuzatilmoqda.23-iyul kuni jamoatchilik faoli Yevgeniya Muminovabolalar maydonchasi oʻrnida koʻp qavatli biznes markazi va avtoturargoh qurilayotgani yuzasidan e’tiroz bildirgan edi. Uning soʻzlariga koʻra, mahalla qoʻmitasining eski binosini rekonstruksiya qilish bahonasida bino buzilgan, daraxtlar kesilgan vahududdagi yagona bolalar maydonchasi yoʻq qilingan. Loyiha pasportiga koʻra, bu yerda balandligi 27,5 metrboʻlgan koʻp qavatli biznes markazi qurilishi rejalashtirilgan. Mahalla aholisi loyiha boʻyichajamoatchilik muhokamasi oʻtkazilmaganini ta’kidlab, hudud bolalar va yashil zona sifatida saqlab qolinishini talab qilgan. Oradan bir hafta oʻtib, 30-iyul kuni Prezidentadministratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva “Lolazor” mahallasidagi qurilish ishlarini koʻzdan kechirdi.

U bolalar maydonchalari va daraxtlarning yoʻqqilinishini keskin tanqid qildi:

“Odamlar dod deganicha bor – qurilishlar tufayli poytaxtdagi umumiy hovlilar yoʻq qilib yuborilyapti”.

Saida Mirziyoyevaning ma'lum qilishicha, Bosh prokuratura Toshkent shahri boʻyicha shunday obyektlarni toʻliq inventarizatsiyadan oʻtkazadi.

Shuningdek, u quyidagilarni ta’kidladi:

“Qurilish uchun berilgan ruxsatnomalarning qonuniyligi, shaharsozlik me’yorlari va aholi huquqlariga qay darajada rioya qilinganini tekshirish shart. Agar qonunbuzarlik holatlari aniqlansa, mas’ul shaxslarga nisbatan murosasiz jazo choralari koʻriladi, aybdorlar, kerak boʻlsa, hatto ozodlikdan mahrum etiladi”.

Mahalliy e’tirozlardan global fuqarolik harakatlarigacha

Shaharsozlik, ekologiya va jamoat hududlarini himoya qilish masalalari faqat Oʻzbekistonga xos emas. Dunyoning turli mamlakatlarida fuqarolar yashil hududlar, tarixiy maskanlar yoki ekologik xavfsizlikni saqlab qolish maqsadida birlashib, uzoq davom etgan kurashlarni olib borgan.

AQSh, Germaniya va Turkiyada yuz bergan quyidagi 3 voqea mahalliy muammo qanday qilib milliy, hatto xalqaro miqyosdagi fuqarolik harakatiga aylanishi mumkinligini yaqqol koʻrsatadi.

Standing Rock (AQSh): “Biz namoyishchi emas, suv himoyachilarimiz”

AQShning Shimoliy Dakota shtatidagi Standing Rock hududida Dakota Access neft quvuri qurilishi boshlanganda, bu oddiy infratuzilma loyihasi sifatida baholangan. Biroq mahalliy tub aholi ichimlik suvi manbalari va muqaddas maskanlar xavf ostida qolayotganini aytib, qurilishga qarshi chiqdi.

Harakatning oʻziga xos jihati shundaki, ishtirokchilar oʻzlarini “protestchilar” emas, balki “Suv himoyachilari” deb atashdi. Ularning fikricha, bu siyosiy kurash emas, balki hayot manbayini asrash masalasi edi.

Bu chaqiriq tarixiy natija berdi. AQShdagi 300 danortiq tub aholi qabilalari uzoq yillikkelishmovchiliklarni chetga surib, bir maqsad yoʻlida birlashdi. Keyinchalik minglab faxriy harbiylar lagerga kelib, tinch namoyishchilarni himoya qilish uchun jonli qalqon hosil qildi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi #NoDAPL harakati esa mahalliy ekologik muammoni butun dunyo e'tiboridagi inson huquqlari va atrof-muhitni muhofaza qilish masalasiga aylantirdi.

Hambach oʻrmoni (Germaniya): Daraxtlar ustidagi qarshilik

Germaniyada qadimiy Hambach oʻrmonining kattaqismi koʻmir qazib olish ishlari sabab yoʻq qilingan. Qolgan hududni ham kesish rejalashtirilgach, ekologik faollar noodatiy usulni tanladi. Ular daraxtlarning 20–25 metr balandlikdagi shoxlariga yogʻoch uychalar qurib, yillar davomida shu yerda yashadi. Maqsad texnikalarning oʻrmonga kirishiga toʻsqinlik qilish va oʻrmonni saqlab qolish edi.

Natijada, Germaniya sudi daraxtlarni kesishni vaqtincha toʻxtatdi. Bu qaror mamlakatda ekologik manfaatlarning iqtisodiy manfaatlar bilan teng darajada muhim ekanini koʻrsatgan muhim voqealardan biri sifatida tarixga kirdi. Keyinchalik Hambach oʻrmoni Germaniyaning koʻmirdan bosqichma-bosqich vozkechish siyosatining ramzlaridan biriga aylandi.

Gezi bogʻi (Turkiya): Bir necha daraxtdanboshlangan harakat

2013-yilda Istanbuldagi Gezi bogʻida bir nechadaraxtni kesib, ularning oʻrniga savdo majmuasi qurish rejasi e’lon qilindi. Avvaliga kichik ekologik e’tiroz boʻlib koʻringan voqea qisqa vaqt ichida Turkiya tarixidagi eng yirik fuqarolik harakatlaridan biriga aylandi.

Namoyishchilar Gezi bogʻini nafaqat e’tiroz maydoni, balki hamjihatlik makoniga aylantirdi. Hududda bepul kutubxona, birinchi tibbiy yordam punktlari, oziq-ovqat tarqatish maskanlari va madaniy tadbirlar tashkil etildi. Oxir-oqibat, sud qurilish loyihasini bekor qildi va Gezi bogʻi saqlab qolindi. Bu voqea Turkiyada fuqarolik faolligi va jamoat hududlarini himoya qilishning muhim ramziga aylandi.