$
 12006.39
-28.87
 13765.33
54.76
 150.44
-1.02
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonliklar borgan sari yangi avtomobillarga qiziqmoqda

Avto

Iyun oyida O‘zbekiston avtomobil bozorida sezilarli jonlanish kuzatilib, umumiy bitimlar hajmi keskin oshdi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi taqdim etgan tahliliy ma’lumotlarga ko‘ra, bir oy davomida mamlakat bo‘yicha 80,2 mingdan ziyod avtomobil sotildi. Bu ko‘rsatkich may oyiga nisbatan 18 foizlik o‘sishni tashkil etmoqda.

Hududiy savdo ko‘rsatkichlari

Respublika bo‘ylab avtotransport vositalariga bo‘lgan talab deyarli barcha hududlarda yuqori dinamikani ko‘rsatdi. Faqatgina Jizzax viloyatida savdo hajmi may oyidagiga qaraganda 2,2 foizga kamaygani qayd etildi.

Boshqa viloyatlarda esa faollik yuqori bo‘ldi. Savdo hajmining eng jadal o‘sishi Surxondaryo viloyatida qayd etilib, ko‘rsatkich 33,7 foizga yetdi. Keyingi o‘rinlarni Xorazm (32,6 foiz), Sirdaryo (29 foiz), Samarqand (28,3 foiz), Qashqadaryo (26,2 foiz) va Andijon (26 foiz) viloyatlari egalladi. Mamlakatning asosiy avtomobil bozori sanalgan Toshkent shahrida esa bir oy ichida savdo hajmi 9 foizga o‘sib, 17,9 mingta avtomobilni tashkil etdi.

Elektromobillar bozori

Iyun oyida ekologik transport vositalari segmentida keskin sakrash qayd etildi. Oy davomida elektromobillar savdosi 8,4 mingtani tashkil etib, may oyidagi ko‘rsatkichdan 63,5 foizga o‘zib ketdi. Yilning birinchi yarim yilligi yakuniga ko‘ra esa 40 mingdan ortiq elektromobil o‘z egalarini topdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40 foizlik o‘sish demakdir.

Elektromobillar segmentida hududiy faollik ko‘pchilik viloyatlarda oshdi, yagona pasayish ko‘rsatkichi faqat Sirdaryo viloyatida (2,9 foiz) kuzatildi. Ushbu turdagi transport vositalari savdosida eng yuqori sur’atlar Jizzax (101 foiz), Buxoro (64,6 foiz) va Farg‘ona (58,5 foiz) viloyatlarida namoyon bo‘ldi.

Toshkent shahri elektromobillar bozorida mutlaq yetakchilikni saqlab qolmoqda. Iyun oyida respublika bo‘yicha sotilgan barcha elektromobillarning qariyb 63 foizi poytaxt hissasiga to‘g‘ri keldi. Toshkentda ushbu segmentdagi bitimlar soni may oyiga nisbatan 78 foizga oshib, 5,3 mingtani tashkil etdi.

Yengil avtomobillar segmenti

Iyun oyida yengil avtomobillar segmentida ham ijobiy o‘sish kuzatilib, umumiy savdo 61,4 mingtaga yetdi va may oyiga nisbatan 14 foizga oshdi. Ularning orasida yangi yengil avtomobillar savdosi 11 foizlik o‘sish bilan 24 mingtani tashkil etdi.

Yangi yengil avtomobillar tarkibi tahlil qilinganda, mahalliy ishlab chiqarilgan modellar savdosi 12 foizga oshib, 18,8 mingtaga yetgani ko‘rinadi. Xorijdan import qilingan yangi avtomobillar savdosi esa qariyb 7 foizlik o‘sish bilan 5,1 ming birlikni tashkil etdi. Ikkilamchi bozorda ham faollik ortdi: foydalanilgan yengil avtomobillar bitimlar soni bir oyda 16 foizdan ziyod ko‘payib, 37 mingdan oshdi.

2026-yilning dastlabki olti oyi yakunlariga ko‘ra, yangi yengil avtomobillar bozori o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda 3,5 foizlik o‘sish namoyish etdi hamda umumiy ko‘rsatkich 157 mingtaga yetdi. Aksincha, ikkilamchi bozorda yarim yillik natijalar pasayishni ko‘rsatdi — ushbu davrda qariyb 240 mingta foydalanilgan avtomobil sotilib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18 foizga kamdir.

Теги :
Jamiyat
Avto