$
 12929.92
-20.11
 13496.25
-9.34
 146.25
3.72
weather
+26
Кечаси   +14°
icci

O‘zbekiston Umra ziyoratchilari soni bo‘yicha 10-o‘rinni egalladi

umra

2024-yilda 461,5 ming o‘zbekistonlik muqaddas Makka va Madina shaharlariga safar qildi. Bu natija O‘zbekistonni ziyoratchilar soni bo‘yicha dunyoda 10-o‘ringa olib chiqdi. Garchi 2023-yilga nisbatan 10 foizga pasayish kuzatilgan bo‘lsa-da, mamlakat Markaziy Osiyo bo‘yicha yetakchilikni saqlab qoldi. Bu haqda Saudiya Arabistonining Toshkentdagi elchixonasi xabar berdi.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoda birinchi o‘rinda

Umra ziyoratiga boruvchi o‘zbekistonliklar soni mamlakatdagi musulmonlar umumiy sonining 1,4 foizini tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich O‘zbekistonni nafaqat mintaqada birinchi o‘ringa olib chiqdi, balki global miqyosda ham muhim o‘rin egallashiga sabab bo‘ldi. Saudiya Arabistonining Toshkentdagi elchixonasi xabariga ko‘ra, bu raqamlar o‘zbek xalqining muqaddas maskanlarga bo‘lgan chuqur hurmatini ifodalaydi. 

“Yuqoridagi raqamlar o‘zbek xalqining “Ikki muqaddas masjid” bilan chuqur bog‘liqligini aks ettiradi. Bu, oʻz navbatida, Qirollik hukumatining umra amallarining uzluksizligi va toʻliqligini taʼminlash boʻyicha kompleks xizmatlar va qulaylik tizimini yaratish borasidagi saʼy-harakatlarini koʻrsatadi”, — deyiladi elchixona xabarida.

Umra ziyoratchilari uchun texnologik yangiliklar

Saudiya Arabistoni hukumati ziyoratchilar uchun qulayliklarni oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Ayniqsa, Umra safarini osonlashtirish maqsadida Nusuk platformasi joriy qilindi. Ushbu raqamli tizim orqali ziyoratchilar viza olish, transport va turar joy bron qilish kabi xizmatlardan foydalanishlari mumkin. 

Shuningdek, Haramayn tezyurar poyezdi ziyoratchilarga Makka va Madina o‘rtasida tezkor va qulay harakatlanish imkonini taqdim etmoqda. Ushbu xizmatlar Umra ziyoratini xavfsiz va soddalashtirilgan tarzda amalga oshirishga yordam bermoqda. 

Haj va Umra ziyoratiga talab ortib bormoqda

Haj va Umraga bo‘lgan talabning oshishi sababli Saudiya Arabistoni “Ikki muqaddas masjid” hududini kengaytirish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirdi. Tavof va sa’y o‘tkaziladigan joylar obodonlashtirilib, ziyoratchilar uchun infratuzilma va sog‘liqni saqlash xizmatlari rivojlantirildi. 

Bundan tashqari, “Vision 2030” dasturi doirasida ekologik toza suv va qayta tiklanadigan energiya tizimlari joriy qilinmoqda. Sun’iy intellekt texnologiyalari orqali katta hajmdagi ziyoratchilarni boshqarish va ko‘rsatmalarni bir necha tillarda, jumladan, o‘zbek tilida taqdim etish yo‘lga qo‘yilgan. 

Saudiya Arabistoni va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik

Saudiya Arabistoni Haj va Umra vazirligi O‘zbekistonning vakolatli tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikda ishlamoqda. Umra shirkati tomonidan ziyoratchilar uchun turar joy, transport va boshqa xizmatlar qat’iy nazorat ostida. Saudiya Arabistoni hukumati ziyoratchilarga “Mehribonlik mehmonlari” tamoyili asosida yuqori sifatli xizmatlar ko‘rsatishni ustuvor vazifa deb biladi. 

Теги :
Jamiyat