$
 12275.58
-11.73
 14591.98
-52.04
 159.09
0.26
weather
+26
Кечаси   +14°

“U yerga bormang” deyish bilan ish bitmaydi”: Migrantlarni Rossiya bozoridan qanday qutqarish mumkin?

Migrantlar

Bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiyotida mehnat migratsiyasi strategik ahamiyatga ega omil bo‘lib qolmoqda. Biroq, an’anaviy yo‘nalish hisoblangan Rossiya bozoridagi huquqiy va xavfsizlik inqirozlari migratsiya siyosatini tubdan isloh qilish zaruriyatini yuzaga keltirdi. Youtube’dagi “ULAR” loyihasida ham aynan shu haqida so‘z borgan.

Migratsiyaning iqtisodiy salmog‘i va ijtimoiy himoya

ULAR’da keltirilishicha, bugungi kunda 2 milliondan ortiq O‘zbekiston fuqarosi xorijda mehnat qilmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, ushbu qatlam tomonidan amalga oshirilgan pul o‘tkazmalari hajmi 18,9 milliard dollarni tashkil etdi. Ta’kidlash joizki, ushbu mablag‘lar bevosita aholi iste’mol savatiga yo‘naltirilib, mamlakatdagi kambag‘allik darajasini jilovlab turuvchi asosiy vositadir. Jahon banki hisobotiga tayanilsa, migrantlar daromadisiz mamlakatda kambag‘allik ko‘rsatkichi amaldagi 9,6 foizdan 17 foizgacha ko‘tarilishi ehtimoli mavjud.

Rossiya yo‘nalishidagi inqiroz

Hozirda 1,4 millionga yaqin yurtdoshimiz Rossiya Federatsiyasida faoliyat yuritmoqda. Ushbu tanlovning asosiy sabablari sifatida viza tartibining yo‘qligi, til to‘sig‘ining pastligi va transport logistikasining qulayligi ko‘riladi. Biroq, so‘nggi vaqtlarda ushbu mamlakatda migrantlar huquqlarining tizimli ravishda poymol qilinishi, asossiz tekshiruvlar, majburiy harbiy safarbarlik xavfi va kamsitish holatlari kuchaygan.

Jamoatchilik faollari tomonidan bildirilayotgan “Rossiyaga bormang” chorlovlari esa amaliy muqobil taklif etilmagani sababli kutilgan natijani bermayapti. Fuqarolar vatanida barqaror daromad manbayiga ega bo‘lmagani bois, xavf-xatarlarga qaramay, mazkur yo‘nalishni tanlashda davom etmoqda.

Global mehnat bozori: Imkoniyatlar va to‘siqlar

O‘zbekiston hukumati ishchi kuchi eksportini diversifikatsiya qilish, xususan, G‘arb va rivojlangan Osiyo davlatlariga yo‘naltirishni ustuvor vazifa sifatida belgilagan. Germaniya, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Saudiya Arabistoni va Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida malakali ishchi kuchiga talab yuqori.

Xususan, Germaniya bozorida hamshiralik, IT, muhandislik va “yashil” energetika mutaxassislariga ehtiyoj katta bo‘lsa, Saudiya Arabistoni “Vision 2030” dasturi doirasida arxitektura va shaharsozlik ustalarini jalb qilmoqda. Yaponiya va Avstraliya yo‘nalishlarida esa agrotexnologiya hamda logistika menejerlari uchun keng imkoniyatlar mavjud.

Biroq, Laziz Hamidov ushbu bozorlarga kirishda asosiy to‘siq sifatida til bilmaslik, kasbiy malakaning xalqaro standartlarga javob bermasligi va huquqiy savodxonlikning pastligini keltirmoqda. Ayrim holatlarda fuqarolarimizning tartib-intizom qoidalariga rioya qilmasligi (masalan, BAA va Janubiy Koreyadagi holatlar) viza rejimlarining qattiqlashishiga sabab bo‘lmoqda.

Filippin tajribasi: Migratsiyani davlat aktivi sifatida boshqarish

Loyiha muallifining tavsiyasiga ko‘ra, Mehnat migratsiyasini tizimli yo‘lga qo‘yishda Filippin modeli samarali namuna bo‘lishi mumkin. Mazkur davlatda 10 milliondan ortiq migrant “tayyor mutaxassis” sifatida xorijga yuboriladi.

Filippinda davlat migrantga kafolat va xavfsizlik vada qiladi. Har bir ishchi maxsus agentlik orqali ro‘yxatga olinadi. Ishchi huquqi buzilgan taqdirda, hukumat darhol muzokaralarga kirishadi. Hatto texnik yo‘nalishdagi ishchilar ham maxsus tayyorgarlik kurslaridan o‘tib, davlat namunasidagi sertifikatga ega bo‘ladi, bu ularning xalqaro bozordagi nufuzini oshiradi.

65 foiz respondent Rossiya yo‘nalishidan voz kechishga tayyor

O‘zbekistonda migratsiya siyosatini isloh qilish uchun shunchaki taqiqlash emas, balki tizimli ko‘mak berish mexanizmini yaratish lozim. So‘rovnomalarda ishtirok etganlarning 65 foizi xavfsiz va qonuniy muqobil bo‘lsa, Rossiya yo‘nalishidan voz kechishga tayyorligini bildirgan.

Tavsiya etiladigan chora-tadbirlar qatorida kasbiy ta’lim standartlarini Yevropa va Osiyo rivojlangan davlatlari talablariga moslashtirish, xorijiy davlatlarda ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzuvchi kuchli konsullik xizmatini shakllantirish hamda fuqarolarni ketishdan avval til va huquqiy normalarga majburiy o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yish lozim deb hisoblanadi.

Mehnat migratsiyasi — bu faqatgina ishchi kuchi oqimi emas, balki davlatning strategik resursidir. Uni to‘g‘ri boshqarish fuqarolar xavfsizligini ta’minlash bilan birga, iqtisodiy samaradorlikni ham bir necha barobarga oshirish imkonini beradi.

Теги :
Jamiyat