$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Neft, urush va bozor vahimasi: Fors ko‘rfazidagi mojaro iqtisodiyotga qanday ta’sir qilmoqda?

Fors ko‘rfazi

Fors ko‘rfazidagi urush bozorlar va jahon iqtisodiyotiga allaqachon salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Energiya narxlari oshdi, aksiyalar va obligatsiyalar qadrsizlandi, investorlar esa xavotirda. Ammo hozir harbiy harakatlar tugaguncha bu zarba qanchalik kuchayishi ko‘pchilikni o‘ylantirmoqda. The New York Times shu mavzuni tahlil qilib, oldinda turgan xavflar juda ko‘p ekanini yozdi. Donald Trampning keskin bayonotlari, Eronning yuk tashish yo‘llarini to‘sishi ehtimoli va Ko‘rfazdagi energiya ishlab chiqarishga zarar yetishi mumkinligi sabab vaziyatni aniq baholash tobora qiyinlashmoqda. 

Bozorlar ko‘tarilib tushmoqda

Urush boshlanganidan beri bozorlarda asabiy holat hukm surmoqda. Yangi prognozlar deyarli har kuni chiqmoqda va ularning ko‘pi “yomon”dan “juda yomon”ga qarab ketmoqda. So‘nggi bir oy ichida Trampning urush deyarli tugayotgani haqidagi bayonotlari bozorlarda qisqa muddatli o‘sishga sabab bo‘ldi, ammo bu uzoq davom etmadi va ortidan yana pasayish kuzatildi.

1-aprel kuni Oq uyda qilgan nutqida Tramp Eron haqida keskin gapirib, “keyingi ikki-uch hafta ichida biz ularni o‘zlari munosib bo‘lgan tosh davriga qaytaramiz” dedi. Shu bilan birga, u muzokaralar ham davom etayotganini aytdi. Tramp, shuningdek, dunyodagi neft va tabiiy gazning beshdan bir qismi o‘tadigan, Eron nazorat qiladigan Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish masalasini boshqa davlatlar hal qilishini aytdi. Bu ham bozorlardagi noaniqlikni yanada kuchaytirdi.

Natijada urush boshlanganidan beri energiya narxlari yanada oshdi, aksiyalar va obligatsiyalar esa tushib ketdi. 31-mart bilan yakunlangan yilning birinchi choragida S&P 500 indeksi 7,3 foizga pasaydi. AQSh va Isroil 28-fevral kuni Eronga hujum qilganidan keyingi bir oy ichida esa indeks deyarli 8 foiz yo‘qotdi. Trampning 1-apreldagi nutqidan keyin ham bozorlar yana pasaydi. Biroq agar investorlar urush global iqtisodiyotga uzoq muddatli va chuqur zarar yetkazadi, degan qat’iy xulosaga kelganida, vaziyat bundan ham og‘irroq bo‘lishi mumkin edi.

Energiya narxlari oshdi, benzin qimmatlashdi

Neft, tabiiy gaz va o‘g‘itlar kundalik hayotdagi juda ko‘p mahsulotlar uchun zarur bo‘lgani sababli, yetkazib berishdagi har qanday uzilish iqtisodiyotga tez ta’sir qiladi. Hozirgacha kuzatilgan uzilishlarning o‘ziyoq xavfli darajaga yetgan. Agar urush uzoq davom etsa, oqibatlar yanada og‘irlashib, hatto global retsessiyaga olib kelishi mumkin.

AQShda shu hafta 1 gallon, ya’ni 3,78 litr benzinning o‘rtacha narxi 4 dollardan oshdi. Avvallari bu daraja amerikaliklar uchun inflyatsiya jiddiy muammoga aylanganining aniq belgisi bo‘lib kelgan va hukumatning siyosiy mavqeiga ham zarar yetkazgan. So‘nggi 15 yilda benzin narxi bilan prezident reytingi o‘rtasidagi bog‘liqlik biroz sustlashgan bo‘lsa-da, 2022-yil iyunida benzin 5 dollardan oshgani Bayden ma’muriyati uchun katta muammo tug‘dirgan edi.

Hozir ham AQShda benzin narxi yuqori. Neftni qayta ishlash va taqsimlashdagi kechikishlar sabab narxlar yana ko‘tarilishi mumkin. Agar iste’molchilar bunga javoban xarajatlarini keskin qisqartirsa, iqtisodiy o‘sish sekinlashadi yoki orqaga ketishi ham mumkin.

FED kutish yo‘lini tanladi

Urush AQSh Federal rezerv tizimini ham qiyin vaziyatga solib qo‘ydi. Mart oyi o‘rtalaridagi so‘nggi yig‘ilishda FED Tramp talab qilganidek foiz stavkalarini pasaytirmasligini bildirdi. Regulyator avval urushning inflyatsiyaga qanday ta’sir qilishini ko‘rmoqchi.

Agar mojaro sabab ish o‘rinlari kamayib ketsa, FED stavkalarni tushirishga majbur bo‘lishi mumkin. Boshqa tomondan, inflyatsiyani jilovlash uchun stavkalarni oshirish ehtimoli ham urush boshlanganidan beri ancha kuchaydi. Biroq shu hafta FED rahbari Jerom Pauellning ko‘pchilik “yumshoq” deb baholagan bayonotidan keyin fyuchers bozorlarida bu ehtimol pasaydi.

Pauell Garvard iqtisodiyot kursi talabalari oldidagi chiqishida, “bizning siyosatimiz hozir voqealar rivojini kutish va kuzatish uchun qulay nuqtada turibdi”, dedi. Bu hozircha FED shoshilmayotgani va barqarorlikni saqlashga urinayotganini ko‘rsatadi.

Kim ko‘proq zarar ko‘radi?

AQSh energiya narxlari ko‘tarilishining bir qismini yengilroq his qilmoqda, chunki u neft va suyultirilgan tabiiy gazning sof eksportchisi hisoblanadi. Ammo bunday imkoniyatga ega bo‘lmagan mamlakatlarda vaziyat ancha og‘irroq.

Ayniqsa Osiyodagi Pokiston, Filippin, Vyetnam, Tailand va Shri-Lanka kabi davlatlar Ko‘rfazdan keladigan energiyaga ko‘proq bog‘liq bo‘lgani uchun tanqislikni kuchliroq his qilmoqda. Yevropaning katta qismi ham AQShga qaraganda jiddiyroq energetik bosim ostida. Chunki Rossiyaning Ukrainadagi urushi sabab yuzaga kelgan energiya shoki hali ham qit’a iqtisodiyotiga zarar yetkazmoqda, hozirgi tanqislik esa bu muammoni yanada kuchaytiryapti.

Agar Tramp bir necha haftadan keyin AQSh yetarlicha urushdi deb hisoblasa ham, bu mojaro keltirib chiqargan energiya shokini bitta odam yoki bitta davlat hal qila olmaydi. Chunki bu yerda Eronning ham o‘z roli bor. U bo‘g‘ozni yopib qo‘yishga qodir ekanini ko‘rsatdi. Bundan tashqari, boshqa muhim energetik tugunlar ham mavjud. Masalan, Yamandagi Eron qo‘llab-quvvatlaydigan husiylar Qizil dengizdagi yuk tashish yo‘llarini to‘sib qo‘yish bilan tahdid qilgan. Yaqin Sharqdagi ishlab chiqarish quvvatlariga ham allaqachon sezilarli zarar yetgan.

Investorlar esa nimadan qo‘rqmoqda?

Neft ishlab chiqaruvchilar ham, iste’molchilar ham urushning tezroq tugashini istamoqda. Balki aynan shu sabab ko‘pchilik nisbatan yumshoqroq ssenariyga umid qilayotgandir. Masalan, Londondagi Capital Economics tadqiqot firmasi mart oyi oxiridagi bazaviy ssenariyda urush tez tugashi va neft oqimi odatdagi holatga qaytishini prognoz qildi. Tashkilot bosh global iqtisodchisi Jennifer Makkyunning aytishicha, bu variantga 70 foiz ehtimollik berilgan.

Bu yumshoq ssenariyda AQSh eng yaxshi holatda qoladi, energiya importiga ko‘proq bog‘liq hududlar esa narxlarning oshishi va energiya tanqisligi sabab turli darajadagi yo‘qotishlarga uchraydi. Agar urush davom etsa, Capital Economics hisobicha, AQSh yana ko‘plab hududlardan ko‘ra yaxshiroq natija ko‘rsatadi, boshqa mintaqalar esa retsessiyaga yaqinlashadi yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri inqirozga yuz tutadi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi ham shu haftadagi blogida aniq prognoz berish qiyinligini tan oldi. Ammo ular qaysi yo‘ldan bormasin, deyarli barcha ssenariy yuqori narxlar va iqtisodiy o‘sishning sekinlashishiga olib kelishini ochiq aytdi. Eng katta zarbani esa Afrika, Osiyo va Lotin Amerikasidagi energiya import qiluvchi kambag‘al davlatlar olishi mumkin. XVJ ayniqsa daromadi past mamlakatlarda oziq-ovqat xavfsizligi jiddiy xavf ostida ekanini ta’kidladi.

Urushning AQSh fond bozoriga ta’sirini ham bir xil baholab bo‘lmaydi. Aksariyat aksiyalar portfellari zarar ko‘rdi. Biroq yonilg‘i ishlab chiqarish va ayrim harbiy kompaniyalarga kiritilgan sarmoyalar foyda berdi. Chorak yakunlanganda Exxon Mobil aksiyalari 40 foizdan ko‘proqqa, Lockheed Martin esa 25 foizga o‘sgani ma’lum bo‘ldi. Shu bilan birga, umumiy AQSh fond bozori pasaydi, obligatsiyalar fondlari foiz stavkalari ko‘tarilishi sabab tushdi, xalqaro bozorlar esa bundan ham kuchliroq zarba oldi.

Aksiya narxlarining asosi bo‘lgan korporativ daromadlar hozircha kuchli. Agar iqtisodiyot kengayishda davom etsa, fond bozori sun’iy intellektga yo‘naltirilgan xarajatlar hisobiga yana o‘sishni boshlashi mumkin. Lekin xavflar ko‘paymoqda. Sun’iy intellekt bilan bog‘liq o‘sish effekti susayishi mumkin, Trampning bojxona tariflari esa iqtisodiyotga qo‘shimcha bosim berishi mumkin. Ammo hozirgi paytda eng katta tahdid baribir urush bo‘lib qolmoqda.

Теги :
Jamiyat