$
 12808.03
14.65
 13612.37
16.85
 130.15
-0.58
weather
+26
Кечаси   +14°

Reklama namoyishini me’yordan oshirgani uchun uchta telekanalga nisbatan ish qo‘zg‘atildi

tv

Raqobat qo‘mitasi reklama namoyishini me’yordan oshirgan uch telekanalga qarshi ish qo‘zg‘atdi.

Qo‘mita telekanallarni reklamaga oid o‘z faoliyatini amaldagi qonunchilik talablaridan kelib chiqib muvofiqlashtirish va qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ogohlantirgan edi. Biroq, ijtimoiy tarmoqlarda bir qator telekanallar tomonidan taqdim etilayotgan reklamalar hajmi ko‘pligi, reklama roliklari efiri uzoq vaqt davom etishi yuzasidan qoldirilgan murojaatlar keskin muhokamalarga va keng jamoatchilikning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Reklamalar hajmi me’yordan oshgan

Bu borada Qo‘mita Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda telekanallarda joylashtirilgan reklamalar hajmining reklama to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqligini o‘rganish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Olib borilgan tahlillar davomida 3 ta telekanalda, jumladan “FTV”, “Muloqot” va “Amudaryo” telekanallari tomonidan joriy yilning aprel-iyul oylarida joylashtirilgan reklamalar hajmi qonunchilik bilan belgilangan me’yorlardan ortiqligi holatlari aniqlandi.

Huquqiy yechim

Yuqoridagilarga asosan, Qo‘mitaning Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablari buzilish alomatlari yuzasidan bir necha telekanallariga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Ma’lumot o‘rnida. “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuning 27-moddasiga muvofiq, telekanallar efirida tarqatilayotgan reklamaning (shu jumladan teledo‘kon reklamasi kabi reklamaning) umumiy davomiyligi ko‘rsatuv vaqtining bir soati davomida yigirma foizdan, biroq bir sutkada ko‘rsatuv vaqtining o‘n besh foizidan oshishi mumkin emasligi belgilangan. Shuningdek, yuqoridagi holatlar yuzasidan boshqa telekanallar faoliyati bo‘yicha ham o‘rganishlar olib borilmoqda.