$
 12024.40
7.36
 13642.88
-69.76
 160.41
-0.22
weather
+26
Кечаси   +14°

Tuz qanday qilib imperiyalarni qurdi va qulatdi?

tuz

Bugun tuzni shunchaki taomga ta’m beradigan mahsulot deb bilamiz. Ammo tarixga nazar tashlasangiz, aynan shu oddiy mineral imperiyalarni boyitgan, urushlarni moliyalashtirgan va adolatsiz soliqlar tufayli qo‘zg‘olonlarni boshlab bergan. Hatto ingliz tilidagi oylik maoshni anglatuvchi “salary” so‘zining ildizi ham tuzga borib taqaladi. Markaziy Osiyoda esa Tojikistonning ulkan tuz tog‘lari asrlar davomida ko‘chmanchi qabilalar bilan o‘troq davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlarda muhim o‘rin tutgan.

Tarixchi Mark Kurlanski bejizga tuzni “inson iste’mol qiladigan yagona tosh” deb ta’riflamagan. Bugun bu oddiy mahsulotning qanchalik qimmat bo‘lganini tasavvur qilish qiyin. Axir XIX asrda muzlatkichlar paydo bo‘lguniga qadar go‘sht, baliq va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini uzoq muddat saqlashning eng ishonchli yo‘li aynan tuz edi. Shu sababli u ming yillar davomida oddiy ziravor emas, balki bugungi neft yoki oltin bilan teng ko‘rilgan boylik sifatida qaralgan. Tuz savdo yo‘llarini belgiladi, davlatlar xazinasini to‘ldirdi, ayrim imperiyalarni qudratli qildi, boshqalarini esa zaiflashtirdi. Xo‘sh, qanday qilib oddiy tuz dunyo va Markaziy Osiyo tarixidagi eng muhim strategik resurslardan biriga aylandi?

Markaziy Osiyo iqtisodiyotidagi qadimgi “oq oltini”

Buyuk Ipak yo‘li deyilganda ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida ipak matolar, chinni idishlar yoki qimmatbaho toshlar gavdalanadi. Ammo bu ulkan savdo tarmog‘ining ko‘zga ko‘rinmaydigan, yana bir muhim boyliklaridan biri aynan tuz edi. Markaziy Osiyoda tuzning qadri Buyuk Ipak yo‘li va karvon savdosi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan. Milodiy V–VIII asrlarda mintaqaning eng yirik savdogarlari sanalgan sug‘diylar, Sharq va G‘arb o‘rtasidagi tovar, pul va axborot almashinuvini yo‘lga qo‘ygan. Shu murakkab savdo tizimida tuz ham alohida o‘rin egallagan. Buning sababi oddiy edi. Oylar davom etadigan karvon safarlarida tuz oziq-ovqat mahsulotlarini, ayniqsa go‘shtni uzoq muddat saqlash imkonini bergan. Bundan tashqari, jazirama iqlim sharoitida u odamlar va yuk tashuvchi hayvonlar organizmidagi suv-elektrolit muvozanatini saqlashda muhim ahamiyat kasb etgan. Shu bois tuz oddiy iste’mol mahsuloti emas, balki uzoq masofali savdoning uzluksiz ishlashini ta'minlagan strategik resurs ham bo‘lgan.

Hozirgi Tojikiston janubida joylashgan Xoja Mo‘min tuz tog‘i dunyodagi eng yirik mineral tuz gumbazlaridan biri hisoblanadi. Asrlar davomida u Markaziy Osiyoning muhim tuz manbalaridan biri bo‘lib xizmat qilgan va mintaqa iqtisodiyotida muhim o‘rin tutgan. Buni yozma manbalar ham tasdiqlaydi. Mug‘ tog‘idan topilgan VII–VIII asrlarga oid sug‘diy hujjatlar savdo bitimlari, qarz majburiyatlari, mulk hisobi va xo‘jalik ishlari puxta yuritilganini ko‘rsatadi. Bu esa tuz kabi muhim resurslarni qazib olish, taqsimlash va savdosini boshqarish tasodifiy emas, balki aniq iqtisodiy tizim asosida amalga oshirilganidan dalolat beradi. Aynan shu bois tuz Markaziy Osiyoda shunchaki iste’mol qilinadigan mahsulot emas, balki savdo yo‘llari, davlat daromadlari va mintaqadagi iqtisodiy munosabatlarni shakllantirgan muhim strategik boyliklardan biri bo‘lgan.

Rim imperiyasi: “Salary” so‘zi ortidagi tarix

Tuzning qadri faqat Markaziy Osiyo bilan cheklanmagan. Qadimgi Rimda ham u davlat iqtisodiyoti va harbiy qudratining muhim tayanchlaridan biri bo‘lgan. Rimliklar Tiber daryosi bo‘yida tuz qazib olib, uni imperiyaning turli hududlariga yetkazish uchun “Via Salaria” –”Tuz yo‘li”ni barpo etgan. Bu yo‘l oddiy savdo yo‘lagi emas, balki Rimning iqtisodiy va harbiy tizimini bog‘lab turgan muhim transport tarmog‘i edi. Chunki uzoq yurishlarga otlangan legionlarni oziq-ovqat bilan uzluksiz ta’minlash ko‘p jihatdan tuzga bog‘liq bo‘lgan. Tuz Rim iqtisodiyotida shu qadar muhim o‘rin egallaganki, bugungi kunda oylik maoshni anglatuvchi inglizcha “salary” so‘zining ildizi ham lotincha “salarium” atamasiga borib taqaladi. Tilshunoslar bu so‘zning kelib chiqishini tuz bilan bog‘lashadi. Garchi Rim legionerlari maoshni bevosita tuz ko‘rinishida olgani haqida qat’iy tarixiy dalillar bo‘lmasa-da, bu atamaning o‘zi tuzning qadimgi Rim iqtisodiyotidagi yuksak qiymatini yaqqol ko‘rsatadi.

Bir chimdim tuz Xitoy imperiyasini qanday boyitdi?

Agar Rimda tuz savdo va harbiy ta’minotning muhim qismi bo‘lgan bo‘lsa, qadimgi Xitoyda u davlat moliyasining asosiy ustunlaridan biriga aylandi. Qadimda hukmdorlar tuz ustidan nazorat o‘rnatish davlat xazinasini to‘ldirishning eng samarali usullaridan biri ekanini anglab yetgan. Qadimgi Xitoyning “Guanzi” risolasida tuz va temir ustidan davlat monopoliyasini joriy etish g‘oyasi batafsil bayon etiladi. Asarda hukmdorlar uchun muhim bir tamoyil ilgari suriladi: xalqni og‘ir soliqlar bilan norozi qilishdan ko‘ra, kundalik hayotda zarur bo‘lgan mahsulotlar savdosini davlat nazoratiga olish ancha barqaror daromad keltiradi. Bu siyosat keyinchalik o‘z samarasini berdi. Tarixchilarning qayd etishicha, Tang va Song sulolalari davrida tuzdan olinadigan daromad davlat byudjetining eng muhim manbalaridan biriga aylandi. Ayrim davrlarda u yer solig‘idan keyingi ikkinchi yirik daromad manbasi bo‘lgan. Shu mablag‘lar evaziga qo‘shinlar kuchaytirilgan, irrigatsiya inshootlari qurilgan va davlat boshqaruv tizimi moliyalashtirilgan. Tuz ustidan nazorat faqat iqtisodiy foyda emas, balki siyosiy qudrat ham bergan. Kim tuz savdosini boshqargan bo‘lsa, u davlat g‘aznasining muhim qismini ham nazorat qilgan.

Tuz qo‘zg‘oloni

Tuz davlatlar uchun katta daromad manbai bo‘lgan bo‘lsa-da biroq u ustidan haddan tashqari nazorat o‘rnatish yoki soliqlarni oshirish ko‘pincha aks natija bergan. Tarixda tuz tufayli yuzaga kelgan noroziliklar ba'zan butun siyosiy tizimni izdan chiqargan. Buning yorqin misollardan biri –Fransiyadagi “gabelle” nomli tuz solig‘i. Bu tizim aholini davlat belgilagan narxda tuz sotib olishga majbur qilgan, natijada kontrabanda avj olgan, oddiy xalqning esa noroziligi tobora kuchaygan. Tarixchilar Fransuz inqilobiga iqtisodiy inqiroz, ocharchilik va ijtimoiy tengsizlik kabi ko‘plab omillar sabab bo‘lganini ta’kidlaydi. Shunga qaramay, gabelle xalq nafratining ramziga aylangan va inqilobdan so‘ng bekor qilingan.Tuz faqat davlat xazinasini to‘ldirgan boylik emas, u hukumat va jamiyat o‘rtasidagi munosabatlarni ham belgilagan. Davlat uchun daromad manbai bo‘lgan resurs adolatsiz boshqarilganda, u siyosiy inqiroz va ommaviy norozilikning ham sababchisiga aylanishi mumkin.

Sahna ortidagi hukmdor: Tuz

XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlariga kelib, geologiya fanining rivojlanishi va eng muhimi – muzlatkichning ixtiro qilinishi tuzning insoniyat tarixidagi mutlaq geosiyosiy hukmronligiga chek qo‘ydi. Oziq-ovqatlarni saqlash uchun endi tonnalab tuz talab qilinmay qoldi, uning qiymati keskin pasayib, arzon va ommabop maishiy tovarga aylandi. Biroq, o‘tgan ming yilliklar tarixini tahlil qilsak, bir haqiqat ayon bo‘ladi: agar bu mineral bo‘lmaganida, bugungi davlatlarning chegaralari va hatto biz kundalik hayotda ishlatadigan iqtisodiy atamalar butunlay boshqacha ko‘rinishga ega bo‘lar edi. Bugun oddiy ziravor hisoblangan tuz sivilizatsiyalar tarixini shakllantirgan va sahna ortida turgan haqiqiy “kulrang kardinal” edi.

Теги :
Jamiyat