$
 12024.40
7.36
 13642.88
-69.76
 160.41
-0.22
weather
+26
Кечаси   +14°

Gʻoyadan biznesgacha: Oʻzbek startaplarining eng katta muammosi nimada?

startap

Oʻzbekistonda istalgan kovorking markazlari yoki startap tadbirlarga borsangiz, yangi gʻoyalar ustida ishlayotgan yoshlar koʻpayganini payqaysiz. Kimdir sunʼiy intellekt asosida ishlaydigan servis yaratmoqda, yana kimdir logistika yoki taʼlim sohasidagi muammoni hal qilishga urinmoqda. Soʻnggi yillarda yurtimizda yuzlab startap loyihalari ishga tushirildi. Biroq har bir gʻoya muvaffaqiyatli biznesga aylanib qolmaydi. Mutaxassislar fikri va mavjud tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, Oʻzbekistonda ishga tushirilayotgan startaplarning katta qismi barqaror daromad keltiradigan bosqichgacha yetib bora olmayapti. Ularning ayrimlari dastlabki investitsiya tugashi bilan faoliyatini toʻxtatsa, boshqalari esa oʻz xizmatini rivojlantirish oʻrniga maqsadlarini o‘zgartirishga majbur.

Rasmiy statistikaga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, IT Park Uzbekistan ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda mamlakat startap ekotizimining umumiy qiymati 3,9 milliard dollarga baholanmoqda. Mahalliy loyihalarga jalb qilingan investitsiyalar hajmi esa 329 million dollardan oshgan. Bir qarashda bu raqamlar O‘zbekiston startap bozori jadal rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Haqiqatdan ham startap bozor o‘sib rivoj topmoqda. Ammo masalani chuqurroq nazar tashlaydigan bo‘lsak, boshqa manzara namoyon boʻladi. Bu investitsiyalarning katta qismi ekotizimdagi sanoqli, allaqachon oyoqqa turib olgan yirik loyihalarga tegishli. Yangi tashkil etilgan startaplar esa ushbu investitsiyalardan cheklangan darajada foydalana olmoqda. Natijada startaplar duch keladigan eng birinchi va katta toʻsiq – bu “Kapital narvoni” zanjirining uzilishidir. Yaʼni, gʻoyani boshlash uchun ozroq pul bor, lekin uni haqiqiy yirik biznesga aylantirish bosqichida esa moliya zanjiri uzilib qolgan.

Mahalliy fondlar nega yirik sarmoya bera olmaydi?

Oʻzbekistonda hozirda AloqaVentures, IT Park Ventures va UzVC kabi 15 taga yaqin venchur fond va akseleratorlar faoliyat koʻrsatmoqda. Ularning umumiy kapitali 180 million dollardan ziyodroqni tashkil qiladi. Bu fondlar yosh startaplarni qoʻllab-quvvatlashda juda katta rol oʻynaydi, biroq ularning imkoniyati maʼlum bir bosqichgacha, xolos. Odatda, mahalliy fondlar startapga ilk bosqichda  20 mingdan 150 ming dollargacha chek yoza oladi. Bu pul jamoani yigʻish, dasturning ilk variantini yaratish va ofis ijarasiga yetadi. Ammo startaper mahsulotni tayyorlab, bozorga kirmoqchi boʻlganida, unga anchagina ko‘p investitsiyalar kerak boʻladi. Mana shu nuqtada Oʻzbekiston bozorida “moliyaviy vakuum” boshlanadi. Ichki bozorda bunday yirik tavakkalchilikka tayyor, million dollarlab chek bera oladigan venchur fondlar deyarli yoʻq. Natijada ayrim istiqbolli loyihalar keyingi rivojlanish bosqichiga o‘ta olmay qoladi.

Nega startaplar yopiladi? Muammo faqat investitsiyada emas

Mutaxassislar fikricha, moliyalashtirish masalasi muhim omil bo‘lsa-da, startaplarning muvaffaqiyatsizligiga faqat investorlar yetishmasligi sabab bo‘lmaydi. World Economics & Finance Bulletin jurnalida e’lon qilingan tadqiqot mahalliy loyihalarda bir qator tizimli muammolar mavjudligini ko‘rsatadi.

· Mahalliy startaplar orasida eng ko‘p uchraydigan xatolardan biri mahsulotni bozor ehtiyojini chuqur o‘rganmasdan ishlab chiqishdir. Jamoalar texnik jihatdan mukammal yechim yaratishga katta vaqt sarflaydi, biroq mahsulot mijozning real muammosini hal qilmasa, unga talab shakllanmaydi. ResearchGate platformasida e’lon qilingan “Why Startups Fail: A Comparative Study of Uzbekistan and the United Kingdom” tadqiqotida ham bozor ehtiyojini noto‘g‘ri baholash mahalliy startaplarning asosiy muammolaridan biri sifatida qayd etgan. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, foydalanuvchi mahsulotning murakkab funksiyalariga emas, aksincha uning muammoni qanchalik samarali hal qilishiga pul to‘laydi.

· Yana bir keng tarqalgan holatlardan biri mahsulotni mukammal holatga keltirishga ortiqcha vaqt sarflashdir. Natijada MVP bozorga kech chiqadi, mijozlardan fikr olish jarayoni cho‘ziladi va mavjud mablag‘ning katta qismi ishlab chiqish bosqichidayoq sarflanib ketadi. Bozorga chiqqandan keyin esa foydalanuvchilar kutgan ehtiyoj boshqacha ekani ma’lum bo‘lishi mumkin.

· Huquqiy va boshqaruv masalalariga yetarli e’tibor qaratilmasligi ham ko‘plab startaplar uchun jiddiy xavf omili hisoblanadi. Odatda loyihalar do‘stlar yoki tanishlardan iborat jamoa tuzish bilan boshlanadi, biroq sheriklar o‘rtasidagi majburiyatlar va vakolatlar hujjatlashtirilmagani sabab nizolar kelib chiqadi. World Economics & Finance Bulletin tadqiqoti ham aynan shu omillar startap jamoalarining parchalanishida muhim rol o‘ynashini qayd etadi.

Startaplar uchun 3 ta oltin qoida

O‘zbekistonda startapni yo‘lga qo‘yish nafaqat yaxshi g‘oya, balki to‘g‘ri strategiyani ham talab qiladi. Tahlillar va muvaffaqiyatli loyihalar tajribasi uchta muhim omilni ko‘rsatadi.

· Mahsulotning barcha funksiyalarini birdaniga ishlab chiqishga urinish o‘rniga, uning ishlaydigan eng sodda variantini imkon qadar tezroq bozorga chiqarish muhim. Bu foydalanuvchilarning ehtiyojini erta aniqlash va mahsulotni real fikr-mulohazalar asosida takomillashtirish imkonini beradi.

· Mahsulotni kengroq bozorni hisobga olib rejalashtirish. O‘zbekiston bozori yangi yechimlarni sinab ko‘rish uchun qulay maydon bo‘lsa-da, loyiha dastlabki bosqichdanoq boshqa mamlakatlarga ham moslashishi mumkin bo‘lgan model asosida ishlab chiqilishi investorlar uchun qo‘shimcha ustunlik yaratadi.

· Moliyaviy intizomni saqlash eng muhimi. Dastlabki investitsiyalar, avvalo, mahsulotni rivojlantirish va mijozlar bazasini kengaytirishga yo‘naltirilishi lozim. Xarajatlarni oqilona rejalashtirish startapning mablag‘siz qolmasdan uzoqroq faoliyat yuritishiga yordam beradi.

Xulosa sifatida ta’kidlashimiz kerak-ki, startapda muvaffaqiyatsizlik odatiy jarayonlardan biri hisoblanadi. Muhimi, yopilgan loyihalarni faqat muvaffaqiyatsizlik sifatida emas, balki kelgusidagi qarorlar uchun tajriba manbai sifatida baholashdir. O‘zbekiston startap bozori ham rivojlanishning aynan shunday bosqichidan o‘tmoqda. Har bir muvaffaqiyatsiz loyiha tadbirkorlar, investorlar va ekotizimning boshqa ishtirokchilari uchun muhim xulosalar chiqarish imkonini beradi.

Теги :
Jamiyat