$
 12024.40
7.36
 13642.88
-69.76
 160.41
-0.22
weather
+26
Кечаси   +14°

Raqamli mutolaa inqilobi: BookTok va Bookstagram dunyo noshirlik sanoatini qanday bo‘ysundirdi?

kitob

Bir necha yil oldin smartfonlar va ijtimoiy tarmoqlar kitobxonlik odatlarini kamaytiradi degan xavotirlar bor edi. Biroq, XXI asrning uchinchi o‘n yilligiga kelib buning mutlaqo aksi isbotlandi. Bugun ijtimoiy tarmoqlar odamlarni kitobdan uzoqlashtirmayapti, aksincha, tarixdagi eng yirik global kitobxonlar klubini shakllantirmoqda. Masalan, TikTok’dagi #BookTok xeshtegi 2025-yilga kelib 370 milliardga yetgan, Instagramdagi #Bookstagram esa yuz millionlab ko‘rishlar soniga ega. Ushbu platformalar shunchaki trend emas, balki an’anaviy noshirlik dunyosini boshqarayotgan, bestsellerlar ro‘yxatini belgilab berayotgan va milliard dollarlik sanoatni transformatsiya qilayotgan qudratli kuchga aylandi.

Xo‘sh, ushbu virtual makon qaysi kitoblarni trendga olib chiqdi va zamonaviy kitobxonlik tendensiyalari qayoqqa qarab ketmoqda? Bugun shu savollarga javoblarni bir yerga jamladik.

 Algoritmlar bilan “o‘lik” kitoblarning qayta tirilishi

An’anaviy marketing qoidalariga ko‘ra, kitob sotuvining eng yuqori cho‘qqisi u nashr etilgan dastlabki bir necha oyga to‘g‘ri keladi. Ammo BookTok va Bookstagram bu qonuniyatni butkul parchalab tashladi. Bu yerda bir necha yil oldin chop etilgan va unutilgan asarlar kutilmaganda virusli trendga aylanib, millionlab nusxada sotila boshlaydi. Masalan, Kollin Huverning “It Ends with Us” (“Biz bilan tugaydi”) romani. 2016-yilda chop etilgan va oddiygina kutib olingan bu asar, 2021-2022-yillarda BookTok foydalanuvchilarining “otziv”lari va emotsional videolaridan so’ng portladi. Avval haftasiga 1 600 nusxa sotilgan kitob keyinchalik 21 000 nusxa sotila boshladi. Bugungi kunga kelib Huver xonim dunyo bo‘ylab 20 milliondan ortiq kitob sotishga muvaffaq bo‘ldi va hatto asar asosida Gollivud filmi suratga olindi.

Madelin Millerning “Axilles qo‘shig‘i” asari 2011-yilda yozilgan. Ushbu antiqa mifologik roman oradan deyarli o‘n yil o‘tib TikTok algoritmiga ilindi. Kitob haqidagi qisqa emotsional “feedback” videolari asarni qaytadan “Nyu-York Times” bestselleriga aylantirdi. Bundan tashqari, “We were liars” asari 2014-yilda aynan estetik BookTok vizuallari tufayli qayta tug‘ildi va nashriyotlar uzoq yillik eski kitoblar ro‘yxatini (backlist) qayta ko‘rib chiqishga majbur bo‘ldi.

 Platformalar qaysi janrlarni sevadi?

Ijtimoiy tarmoqlarning o‘z auditoriyasi va tili bor. Shuning uchun har qanday kitob ham birdaniga trendga chiqolmaydi. Vizual joziba va his-tuyg‘ularga boy janrlar mutlaq yetakchilik qilmoqda.

Romantaziya (Romantika + Fantaziya). So‘nggi yillarda noshirlik bo‘yicha eng katta pullar aynan mana shu gibrid janrda aylanmoqda. Sara Maas o‘zining “A Court of Thorns and Roses” fantaziya seriyasi bilan BookTok qirolichasiga aylandi. Shuningdek, Rebekka Yarrosning “Fourth Wing” kitoblar seriyasi ajdaho va muhabbat mavzusini sevadigan yuz millionlab zumerlarni kitob do‘konlariga yugurishga majbur qildi.

Tropelar (Syujet qoliplari). BookTok kitobxonlari asarlarni muallifi yoki uslubiga qarab emas, balki undagi hissiy qoliplarga ko‘ra tasniflashni boshladi. Masalan, “Dushmanlikdan muhabbatgacha”, “Soxta uchrashuv” va “Xomush yigit va quvnoq qiz tandemi” kabi “shablon” hikoyalar rivoji. Instagram va TikTok’dagi qidiruv tizimlari aynan mana shu xeshteglar ostida millionlab kitob tavsiyalarini taqdim etadi.

Raqamlar so‘zlaganda: noshirlik sanoatining “Raqamli dopingi”

Bu raqamlarni rasmiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar ham tasdiqlaydi. AQSh va Buyuk Britaniyada o‘tkazilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, noshirlik sanoati aynan BookTok tufayli chuqur inqirozdan omon qolgan.

Buyuk Britaniyadagi Publishers Association tadqiqotiga ko‘ra, yoshlarning 55 foizi kitob tanlashda faqat ushbu platformadagi influyenserlarga ishonadi. Hatto, 49 foiz yoshlar internetda ko‘rgan kitobini sotib olish uchun an’anaviy kitob do‘konlariga borishini aytgan. Bu esa so‘nggi yillarda yopilib ketayotgan mustaqil kitob do‘konlariga yangi hayot bag‘ishladi.

Estetika va “Bookstagram” vizualizatsiyasi

Agar TikTok hissiyotlar, kulgi va ko‘z yoshlar ustiga qurilgan bo‘lsa, Bookstagram kitobning vizual go‘zalligiga tayanadi. Bu yerda kitob muqovasi san’at darajasiga ko‘tariladi. Qahva finjoni, kuzgi barglar, shamlar va ranglar uyg‘unligi fonida olingan kitob suratlari millionlab layklarni yig‘adi. Bu trend noshirlarni ham o‘zgartirishga majbur qildi. Endi nashriyotlar kitobning faqat ichiga emas, uning tashqi ko‘rinishiga, rangli qirralariga (sprayed edges), relyefli muqovalariga alohida sarmoya kiritmoqda. Kitob — shunchaki o‘qish vositasi emas, balki “galereya”ni bezatadigan vizual estetik elementga aylandi.

Salbiy va ijobiy tomonlar

Bu masalaning qator ijobiy tomonlari bor. Masalan, kitob o‘qish “kult” mashg‘ulotga aylandi. Z-avlod vakillari qo‘lida kitob bilan ko‘rinishni modaga kiritdi. Bundan tashqari, mustaqil yozuvchilarga yo‘l ochildi. Ilgari yirik nashriyotlar darvozasidan o‘tolmagan yozuvchilar dastlab Amazon platformasida o‘zlari kitob chiqarib, keyin BookTokda mashhur bo‘lib ketgach, yirik nashriyotlar va TV kanallar bilan shartnoma imzoladi.

Ammo, masalaning salbiy tomonlari mavjud.

·“Tezkor iste’mol" madaniyati ommalashmoqda. Kitoblar xuddi fast-fud kabi tez o‘qiladigan, chuqur falsafadan yiroq, faqat emotsiyaga asoslangan yengil syujetlardan iborat bo‘lib qolmoqda.

· Algoritmlar bir xil mualliflarning o‘xshash asarlarini aylantiraverishi oqibatida, boshqacha mavzulardagi jiddiy adabiyot namunalari soyada qolib ketmoqda.

O‘zbek segmentiga ham kirib keldimi?

Global trendlar O‘zbekistonga ham kirib kelmoqda. Mahalliy Instagram segmentida kitob blogerligi madaniyati shakllanib bo‘ldi. Yoshlar jahon bestsellerlarini o‘zbek tiliga tarjima qilinishi bilanoq, estetik suratlar va tahliliy rils videolar orqali ommalashtirmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar kitobni o‘ldirmadi, aksincha, unga yangi smartfon ekrani shaklidagi muqova hadya etdi. Zamon bilan hamqadam bo‘lishni istagan har bir kishi bugun ushbu raqamli to‘lqinni kuzatib bormoqda.



Теги :
Jamiyat