$
 12010.43
14.29
 14088.23
37.15
 151.25
2.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Har uch kishidan 2 nafari bayramlardan keyin tushkunlikka tushadi

tushkunlik

Bayramlar tugagandan so‘ng ba’zi insonlarning kayfiyatida o‘zgarishlar kuzatiladi. Shovqin-suron, quvonch va bayramona muhitga to‘la uy tinchib, go‘yoki nimadir yetishmayotgandek tuyuladi. Shu paytda kayfiyat tushib, ich-ichdan bezovtalik paydo bo‘ladi. Bu holat vaqtinchalik, ammo uni bartaraf etmasangiz depressiyaga tushishingiz mumkin. Xo‘sh, bayramdan keyingi tushkunlik o‘zi nima? Buni qanday qilib oldini olsa bo‘ldi?

Bayramdan keyingi tushkunlik nima?

Bayramlar arafasida yoki undan keyin ko‘pchilik o‘zini biroz bezovta va charchagandek his qiladi. Mutaxassislar buni “bayramdan keyingi tushkunlik” deb ataydi. Bu holat ko‘pincha bayramlarga haddan tashqari katta umid bog‘lash yoki u bilan bog‘liq eski xotiralar sabab paydo bo‘ladi.

2015-yilda o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, har uch kishidan ikki nafari bayramlar tugagach kayfiyati tushib ketganini sezgan. Psixoterapevtlarning aytishicha, bayramdan keyingi tushkunlik vaqtinchalik bo‘ladi. Bayram paytidagi shovqin, quvonch va hissiyotlar tugagach, odamda bo‘shliq paydo bo‘lgandek tuyuladi. Bu paytda xafa bo‘lish, xavotirlanish yoki tushkunlikka tushish holatlari yuzaga chiqishi mumkin.

Shuningdek, uyqu buzilishi, tez charchash, diqqatni jamlay olmaslik ham kuzatiladi. Sabab oddiy – bayramlar bizni kundalik ish va odatiy hayotdan bir muddat uzoqlashtiradi. Bayram tugagach esa yana ishga, mas’uliyatlarga va bir xillikka qaytish oson bo‘lmaydi. Shu bois bayramlardan keyin biroz bezovta bo‘lish tabiiy holat hisoblanadi.

Bayramdan keyingi tushkunlikka nima sabab bo‘ladi?

Bayramdan keyingi tushkunlik paydo bo‘lishining bir nechta sabablari bor. Bularning aksariyati kundalik hayotimiz bilan bog‘liq. Masalan, yilning shu paytida vaqt o‘zgaradi, soatlar orqaga suriladi va organizm bunga darrov moslasha olmaydi. Natijada odam o‘zini lanj, charchagan yoki bezovta his qilishi mumkin.

Bayram paytida spirtli ichimliklar ham ko‘proq iste’mol qilinadi. Ammo bu kayfiyatni yanada tushirib yuborishi, tushkunlikni kuchaytirishi mumkin. Shuningdek, bayram dasturxonidagi shirinliklar va yog‘li taomlarni haddan tashqari ko‘p yeyish ham tanaga og‘irlik qilib, ruhiy holatga salbiy ta’sir qiladi.

Bundan tashqari, shu kunlari ko‘pchilik hamma joyga ulgurishga harakat qiladi. Natijada, ortiqcha asabiylik va uyqusizlik sabab tez charchaysiz. Buning ustiga, sovg‘alar xaridi, tadbirlar va hayajon sabab uyqu ham buziladi.

Tushkunlikning oldini olish mumkinmi?

Ba’zi odamlar uchun bayramlar tugagach yengillik paydo bo‘ladi. Vaqt ko‘proq bo‘lib, ortiqcha shovqin kamayadi va pul sarflash ham to‘xtaydi. Ammo boshqalar uchun bayramdan keyin faqat uzun va sovuq qish turgandek tuyuladi va aynan shu fikr kayfiyatni tushirib yuboradi.

Mutaxassislarning aytishicha, qishda kayfiyat biroz pasayishini tabiiy holat sifatida qabul qilish kerak. His-tuyg‘ular bilan kurashish o‘rniga, ularni tushunish va asta-sekin moslashish foydaliroq bo‘ladi.

Shu sabab bayramlarga tayyorgarlik ko‘rayotganda, faqat bayramning o‘zini emas, undan keyingi kunlarni ham o‘ylab qo‘yish tavsiya etiladi. Masalan, o‘zingiz uchun sokin dam olish vaqtini rejalashtirish, uzoq vaqtdan beri ko‘rmoqchi bo‘lgan filmni tomosha qilish yoki kitob o‘qish foydali bo‘ladi. Oila bilan kichik sayohat yoki shunchaki birgalikda dam olish kunlarini o‘tkazish ham kayfiyatni ko‘taradi. Ishdan keyingi kechalarni ham faqat majburiyatlarga emas, balki o‘zingiz yoqtiradigan mashg‘ulotlarga ajratish muhim.

Qanday yo‘lni tanlamang, eng asosiysi — oldindan reja qilishdir. Oldindan o‘ylab qo‘yilgan mayda quvonchlar bayramdan keyingi tushkunlikni ancha yengillashtiradi.

Tushkunlikdan qanday chiqish mumkin?

Bayramdan keying tushkunlikdan chiqish uchun murakkab usullar shart emas, ba’zan oddiy narsalar yetarli bo‘ladi. Eng avvalo, o‘zingizni majburlamasligingiz kerak. Charchagan bo‘lsangiz, dam oling, uxlang, tanangizga quloq soling. Suv ichishni, ovqatni o‘z vaqtida yeyishni ham unutib qo‘ymaslik muhim.

Yaqinlaringiz bilan gaplashish ham yordam beradi. Ba’zida shunchaki suhbatlashish, ichingizdagini aytish yengillik beradi. Shu bilan birga, yolg‘iz qolib, sokinlikda vaqt o‘tkazish ham foydali bo‘lishi mumkin. Har kuni biroz harakat qilish piyoda yurish yoki yengil mashq qilish ham kayfiyatni ko‘taradi.

Kun tartibini saqlash ham katta ahamiyatga ega. Bir vaqtda uyg‘onish, bir vaqtda uxlash, ish va damni aralashtirib yubormaslik odamni tezroq o‘z holatiga qaytaradi. Bayramlardan keyin hamma takliflarga rozi bo‘lish shart emas. Agar ko‘nglingiz tortmasa, “yo‘q” deyishdan uyalmang — bu ham o‘zingizga bo‘lgan g‘amxo‘rlikdir.

Pul masalasi ham kayfiyatga ta’sir qiladi. Shuning uchun xarajatlarni oldindan o‘ylab yurish, keraksiz sarf-xarajatdan qochish tinchroq bo‘lishga yordam beradi. Eng asosiysi esa, bu holat vaqtinchalik ekanini yodda tutishdir. Bugun og‘ir tuyulgan hislar ertaga sekin-asta kamayadi. Agar tushkunlik uzoq cho‘zilib, kundalik hayotingizga xalaqit bera boshlasa, mutaxassisga murojaat qiling.

Теги :
Jamiyat