$
 11970.68
36.04
 13902.75
6.06
 163.18
-0.96
weather
+26
Кечаси   +14°

TTZ hali ham tirik: O‘zbekiston agrotexnikasining yuragi bo‘lgan zavod hozir nima qilyapti?

TTZ TTZ

Hammani “TTZ” degan so‘zga bir marta bo‘lsa ham ko‘zi tushgan yoki eshitgan. Lekin ko‘pchilik bu haqida aniq ma’lumotga ega emas. TTZ, to‘liq nomi “Toshkent traktor zavodi” hozirda “AgroTech Klaster” nomi ostida faoliyat yuritadi. Sanoat va iqtisodiy oʻzgarishlar natijasida zavod nafaqat ishlab chiqarish quvvatlarini saqlab qoldi, balki beshta yirik tarmoq korxonalarini oʻzida birlashtirgan holda yangi rivojlanish bosqichiga qadam qoʻydi.

Harbiy mahsulotlardan paxtachilik traktorlarigacha boʻlgan tarixiy yoʻl

Korxona tarixi Ikkinchi jahon urushi davridan boshlanadi. Dastlab harbiy mahsulotlar ishlab chiqargan zavod urushdan keyin qishloq xo‘jaligi texnikalariga ixtisoslashdi. 1960–1990-yillarda TTZ O‘zbekiston va sobiq ittifoq mamlakatlari uchun traktor hamda boshqa agrotexnikalar ishlab chiqaruvchi yirik markazlardan biriga aylandi.

Mustaqillikdan keyin eksport bozorlarining qisqarishi va iqtisodiy o‘zgarishlar sabab zavod faoliyatida pasayish kuzatildi. Keyinchalik esa korxonani qayta tiklash va sohani bir markazga jamlash maqsadida yangi klaster modeli joriy qilindi.

Tarix davomida korxonaning nomlari bir necha bor almashib kelgan boʻlsa-da, 1995-yilda zavodga rasman “Toshkent traktor zavodi” nomi berildi. Mustaqillik yillarida, aniqrogʻi keyingi davrlarda zavod faoliyatida maʼlum darajada pasayish kuzatildi. SSSR parchalanishi ortidan anʼanaviy eksport aloqalari va salohiyati yoʻqotildi, mahsulot ishlab chiqarish hajmi keskin kamaydi. Buning natijasida zavod 2015-yilga qadar iqtisodiy jihatdan maʼlum darajada zarar bilan ishlab kelgan.

TTZ nega yo‘qolib ketmadi?

Zavod faoliyatini qayta tiklash va agromashinasozlikni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida davlat darajasida strategik qarorlar qabul qilindi. 2021-yil 11-noyabrdagi Prezidentning 7-sonli qaroriga muvofiq, Chirchiq qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi hududida Toshkent traktor zavodi faoliyatini tashkil etish belgilandi.

Ushbu qaror ijrosi doirasida sohadagi beshta yirik korxona oʻzaro birlashtirildi. Ushbu tarkibga “Toshkent qishloq xoʻjaligi mashinasozligi zavodi” (yoki muqobil qaydlarda “Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi”), “Chirchiq qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi”, “Agregat zavodi”, “Texnolog” hamda “Texnolog-stan” korxonalari kiritildi. Shuningdek, mazkur tizim tarkibida “Agrosanoatmashinvest” korxonasi ham mavjud.

Mazkur birlashuv natijasida 2021-yil 21-martdan eʼtiboran “Toshkent traktor zavodi” masʼuliyati cheklangan jamiyati yagona “AgroTech Klaster” brendi ostida oʻz faoliyatini boshladi. Bugungi kunda mazkur integratsiyalashgan klaster tizimi doirasida xoʻjaliklar uchun 35 turdagi zamonaviy agrotexnikalar ishlab chiqarilmoqda.

Jahon brendlari bilan xalqaro kooperatsiya

“AgroTech Klaster” mahsulotlar sifatini xalqaro standartlar darajasiga yetkazish maqsadida dunyoning yetakchi mashinasozlik kompaniyalari bilan hamkorlik qiladi. Xususan, Germaniyaning Claas, Xitoyning Lovol va Dongfeng brendlari bilan kooperatsiya aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, zavod hududida turli xorijiy ishlab chiqaruvchilarga mansub qishloq xo‘jaligi texnikalarini, jumladan, dunyoga mashhur John Deere traktor va kombaynlarini ham uchratish mumkin.

Fermerlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan davlat subsidiyalari

“Toshkent traktor zavodi” tomonidan ishlab chiqarilgan texnikalarni toʻgʻridan-toʻgʻri zavodning oʻzidan sotib olish isteʼmolchilar uchun moliyaviy jihatdan yuqori iqtisodiy samaradorlikni taqdim etadi. Hukumat qarorlariga muvofiq, mahalliy texnika xaridorlari uchun keng koʻlamli imtiyozlar tizimi joriy etilgan. Zavodda ishlab chiqarilgan texnikalar, jumladan traktorlar xaridi uchun davlat tomonidan 15 foizlik toʻgʻridan-toʻgʻri subsidiya ajratiladi. Shuningdek, qonunchilikda belgilangan 12 foizlik qo‘shilgan qiymat soligʻining qaytarilishi hisobiga xaridor texnika umumiy qiymatining jami 27 foizini qaytarib olish imkoniga ega boʻladi. Buni aniq iqtisodiy misol bilan tushuntiradigan boʻlsak, agar xarid qilinadigan traktorning umumiy bahosi 300 million soʻmni tashkil etsa, taqdim etiladigan subsidiyalar va soliq imtiyozlari natijasida xaridor uni amalda 219 million soʻmga sotib oladi.

Ikkinchi tomondan, lazerli yer tekislagichlar uchun ham imtiyozlar belgilangan. Suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda muhim hisoblangan lazerli yer tekislagich agregatlarini sotib olish uchun davlat subsidiyasi miqdori 30 foiz etib belgilangan. Amaldagi 12 foizlik qoʻshimcha qiymat soligʻi qaytarilishi bilan birgalikda, xaridor ushbu texnika jami qiymatining 42 foizigacha boʻlgan qismini oʻziga qaytarib olish imkoniyatiga ega boʻladi.

Texnikani kreditga olish mumkinmi?

Texnikalarni xarid qilish jarayonini raqamlashtirish va moliyaviy qulaylik yaratish maqsadida “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan tashkil etilgan Agrozamin.uz platformasi xizmat koʻrsatmoqda. Bu platforma orqali qishloq xoʻjaligi texnikalarini bir nechta qulay shartlar asosida imtiyozli kreditga rasmiylashtirish mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 97-sonli qaroriga asosan uzoq muddatli kredit turi joriy etilgan boʻlib, unga koʻra texnika xaridi uchun 10 yil muddatga imtiyozli kredit ajratiladi. Mazkur kreditning dastlabki 2 yili imtiyozli davr, yaʼni asosiy qarz toʻlovisiz kechadigan muddat hisoblanadi. Davlat agentligi tomonidan kredit foiz stavkasining bir qismi qoplab berilishi sababli, fermer toʻlaydigan yakuniy foiz stavkasi yillik bor-yoʻgʻi 10 foizni tashkil etadi.

Agarda 10 yillik muddat xaridor uchun koʻplik qilsa, kreditni oʻrta muddatli variantda, yaʼni 5 yil muddatga ham rasmiylashtirish imkoniyati mavjud. Bu tanlovda imtiyozli davr 1 yilni, fermer uchun yakuniy kredit stavkasi esa yillik 16 foizni tashkil qiladi.

Bundan tashqari, paxta terish va gʻalla oʻrish kombaynlari egalari uchun maxsus mavsumiy toʻlov grafigi yaratilgan. Ushbu texnikalarni xarid qilgan isteʼmolchilar uchun toʻlovlarni amalga oshirishda ularning pul oqimlari va daromad olish davri hisobga olingan. Shu sababli toʻlovlar har oyda emas, balki aynan fermerga qulay boʻlgan mavsumiy grafik asosida, yaʼni yilda atigi 2 marotaba etib belgilangan.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, “Toshkent traktor zavodi” bazasida tashkil etilgan “AgroTech Klaster” tizimi ishlab chiqarish unumdorligi, xalqaro tajriba va davlatning manzilli moliyaviy dasturlarini oʻzida birlashtirgan holda, mamlakat agrar sektorini zamonaviy, tejamkor va yuqori samarali texnikalar bilan taʼminlashda davom etmoqda.