$
 12050.34
61.42
 13685.57
21.8
 153.29
-0.2
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkentda jamoat transporti infratuzilmasi modernizatsiyasi qanday rivojlanmoqda?

28-iyul kuni Toshkent shahri hokimligida poytaxtning jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirish hamda bekat majmualarini modernizatsiya qilish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda soha mutasaddilari, xalqaro ekspertlar hamda OAV vakillari jamoat transportining bugungi holati va kelajakdagi rejalarni muhokama qildi. UZ24.uz jurnalisti ushbu matbuot anjumanidagi ma’lumotlarni bir joyga jamladi.

Bekatlarda konditsioner va isitish tizimlari kerakmi?

Matbuot anjumanida eng ko‘p ko‘tarilgan masalalardan biri – bekatlarda konditsioner va isitish moslamalarining o‘rnatilishi xususida bo‘ldi. Step City loyiha direktori Alina Bisembayevaning ta’kidlashicha, dunyoning aksariyat shaharlari ochiq bekatlarda konditsioner yoki isitish tizimlarini o‘rnatish amaliyotidan voz kechmoqda: “Biz Moskvada bu masalani uzoq vaqt davomida o‘rganib, turli tajribalar o‘tkazdik. Bunday tajribalar Moskva, Boku, Dubay va Rimda ham amalga oshirilgan.

Shu asosda aytishim mumkinki, dunyoning aksariyat shaharlari bekatlarda konditsioner yoki isitish tizimlarini o‘rnatishdan voz kechmoqda. Nima uchun? Birinchidan, boshida aytganimizdek, jamoat transportining asosiy maqsadi – odamlarning uzoq kutishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Ya’ni bekat dam olish yoki uzoq vaqt kutib o‘tirish uchun mo‘ljallangan joy sifatida qaralmaydi. Aksincha, transport tizimi shunday tashkil etilishi kerakki, odamlar tez va o‘z vaqtida yo‘lga chiqib keta olsin. Menimcha, Toshkent ham aynan shunga intilmoqda va hozir bu yo‘nalishda harakat qilmoqda.

Ikkinchidan, konditsioner samarali ishlashi uchun yopiq makon zarur. Ochiq bekatda konditsioner samarali ishlamaydi. Ammo kichik hajmdagi yopiq bekat ham kutish uchun unchalik qulay emas. Bundan tashqari, turli shaharlardagi tajriba shuni ko‘rsatadiki, bunday yopiq bekatlardan nafaqat yo‘lovchilar, balki boshqa odamlar ham turli maqsadlarda foydalanadi. Bu esa qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqaradi.

Uchinchidan, bunday bekatlarni qurish va ayniqsa, ulardan keyinchalik foydalanish katta xarajat talab qiladi. Bekatni qurishning o‘zi yetarli emas. Uni doimo toza saqlash, konditsionerlarning uzluksiz ishlashini ta’minlash hamda ichkarida qulay mikroiqlimni saqlab turish ham zarur. Natijada bunday bekatlar juda qimmatga tushadi. Shu sababli ularga investor topish ham deyarli imkonsiz.

Agar shahar budjeti haqida gapiradigan bo‘lsak, aksariyat shaharlar bunday bekatlar qurish o‘rniga mablag‘ni jamoat transportini rivojlantirishga yo‘naltirishni afzal ko‘radi. Xususan, yangi avtobus va boshqa transport vositalarini xarid qilish, mavjud transport parkini yangilash, transport tezligini oshiradigan infratuzilmani yaratish, BRT tizimlarini qurish, ajratilgan avtobus yo‘laklarini tashkil etish hamda chorrahalarda jamoat transportiga ustuvorlik berishga sarmoya kiritiladi. Ko‘pchilik shaharlarda aynan shunday chora-tadbirlar odamlarni shaxsiy avtomobil o‘rniga jamoat transportini tanlashga ko‘proq undaydi”.

Bekatlarning joylashuvi va xalqaro tajriba

Alina Bisembayeva bekatlarni joylashtirish standartlariga ham to‘xtaldi. Bosh rejaga muvofiq, bekatlar nafaqat belgilangan masofaviy normalar (GOST) bo‘yicha, balki yo‘lovchilar ko‘p qatnaydigan obyektlarga piyoda yetib borish qulayligidan kelib chiqib o‘rnatilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Bundan tashqari, metro, temir yo‘l va avtobuslar kesishadigan yirik transport almashuv tugunlari alohida yondashuvni talab qiladi. Toshkentda hozircha bunday joylar yetarlicha qulay emas, biroq Transport bosh rejasi doirasida ularni zamonaviy talablar asosida qayta tashkil etish rejalashtirilgan. Bunday gavjum hududlarda kattaroq bekatlar qurilib, xalqaro tajribaga ko‘ra kafe va savdo shoxobchalarini ochish ham ko‘zda tutilgan.

O‘rindiqlar va ko‘kalamzorlashtirish takliflari

Anjumanda Ekopartiya tomonidan ilgari surilgan bekat tomlarini ko‘kalamzorlashtirish (“yashil bekatlar”) g‘oyasi ham muhokama qilindi.

Auksionda g‘olib bo‘lgan va bekat qurilishini amalga oshirayotgan kompaniya vakili Zoirjon Abdurahmonov ushbu taklif bo‘yicha o‘z munosabatini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, tom qismiga maysa ekish uchun maxsus muhandislik sharoiti va muntazam parvarish talab etiladi. Shu sababli, tom ustini ko‘kalamzorlashtirgandan ko‘ra, bekat atrofida yashil hududlar tashkil etish afzalroqdir. Auksion shartlariga muvofiq, g‘olib kompaniya vending apparatlari egallagan maydondan 10 baravar katta hududda yashil bog‘ barpo etish va uni 10 yil davomida o‘z hisobidan parvarish qilish majburiyatini olgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan o‘rindiqlarning qizib ketishi bo‘yicha e’tirozlarga javob berar ekan, Zoirjon Abdurahmonov quyidagilarni ta’kidladi: “O‘rindiqlarga kelsak, siz qaysi o‘rindiqni nazarda tutayotganingizni bilmayman. Ular metall deyapsizmi? Yo‘q, ular metall emas. Har qanday konstruksiyaning asosi metall bo‘ladi, chunki u mustahkam va vandalizmga chidamli bo‘lishi kerak. Ammo odamlar o‘tiradigan yoki suyanadigan qismi yog‘och-polimer kompozitidan tayyorlangan. Aynan shu relslar yog‘och-polimer kompozitidan ishlangan. Bu material yozda qizib ketmaydi, qishda esa muzlab qolmaydi. Bu polimer qo‘shilgan maxsus yog‘och materialidir. Shuning uchun men bu o‘rindiqlar qiziydi degan fikrga ishonmayman. Biz ularni quyosh ostida sinovdan o‘tkazdik va ular qizimadi. O‘zingiz ham ko‘rishingiz mumkin. Ha, karkasi baribir metall bo‘ladi, chunki uni mahkamlash kerak. Ammo odamlar o‘tiradigan qismi yog‘och-polimer kompozitidan tayyorlangan. O‘rindiqlarning uzunligi bekat maydoniga qarab belgilanadi. Masalan, bu yerda nogironlar aravachasi uchun joy va o‘rindiq bor. Bu yerda uzunroq qilishning iloji yo‘q, chunki boshqa joy qolmaydi. Odamlar ko‘p to‘planadigan yoki joy yetishmaydigan hududlarda esa odatda ikki yoki uchta bekat konstruksiyasini o‘rnatamiz”.

Do‘konli bekatlar va ularning kelajagi

Mavjud va rekonstruksiya qilinayotgan bekatlar masalasi matbuot anjumanida keng muhokama qilindi. Yo‘l harakatini tashkil etish markazi rahbar o‘rinbosari Furqat Murodov shahar bo‘yicha bekatlar holati haqida quyidagi ma’lumotlarni berib o‘tdi:

·     Toshkentda jami 3 mingga yaqin avtobus bekati mavjud bo‘lib, shundan 739 tasi do‘konli bekatlar hisoblanadi.

·     Birinchi bosqichda qayta loyihalanayotgan 100 kilometrlik markaziy ko‘chalardagi 300 ta bekat tartibga keltirilmoqda. Ularning 116 tasi do‘konli bekatlardir.

·     116 ta do‘konli bekatdan 95 tasi bo‘yicha tadbirkorlarga kadastr asosida mahallalar ichidan yangi joylar ajratildi va ular ko‘chirilmoqda. Rozi bo‘lmaganlar bilan masalalar sud tartibida hal etilmoqda.

·     Do‘konli bekatlar bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham almashtiriladi.

“Auksion jarayoni murakkabroq bo‘lgani uchun avvalo har bir bekat joyi shahar hokimiyati nomiga kadastr qilinmoqda. Shundan keyingina ijara huquqi auksion orqali tadbirkorlarga beriladi. Bu tizim bekatlarning davlat mulki sifatidagi maqomini saqlab qolish uchun joriy etilgan. Chunki xalqaro tajribaga ko‘ra, bekat – bu jamoat transporti infratuzilmasining bir qismi va jamoat mulki hisoblanadi. Bekat joylari xususiylashtirilmasligi, uchinchi shaxslarga o‘tib ketmasligi kerak. Shu tamoyil asosida ishlar davom ettiriladi” – deya ta’kidladi Furqat Murodov.

Tanlov va auksion jarayonining shaffofligi

Anjumanda bekatlarni qurish va ularga xizmat ko‘rsatish huquqi nima uchun sohada tajribaga ega kompaniyalarga berilmagani va tender shartlari qanday amalga oshirilgani haqida savollar berildi. Furqat Murodovning tushuntirishicha, bekatlar savdosi davlat organlaridan holi bo‘lgan alohida “E-auksion” platformasi orqali amalga oshirilgan. Auksion tanlovdan farqli o‘laroq, yagona mezon – narx taklifi bo‘yicha o‘tkaziladi.

Lotda g‘olib bo‘lgan kompaniya o‘z zimmasiga 230 ta tijorat va 230 ta ijtimoiy bekatni barpo etish, ularni toza saqlash va ko‘kalamzorlashtirish majburiyatlarini olgan. Agar investor shartnoma talablarini bajarmasa, shartnoma qonunchilikda belgilangan tartibda bekor qilinadi.

Xulosa qilib aytganda, Toshkent shahrida jamoat transporti bekatlarini yangilash – yo‘lovchilarga qulaylik yaratish, harakat xavfsizligi va tezligini oshirishga qaratilgan uzoq muddatli tizimli jarayondir. Taqdim etilgan taklif va e’tirozlar asosida bekatlarning loyihaviy yechimlari yanada takomillashtirib borilishi aytib o‘tildi.