$
 12149.84
7.74
 14003.91
-76.07
 151.10
0.57
weather
+26
Кечаси   +14°

Yangi O‘zbekistonda odamning narxi qancha?

O

“Dok-1 Maks” ishi doirasida ajalovar dori qurboni bo‘lgan bolalardan biri uchun 8 milliard so‘m tovon puli so‘ralgani jamoatchilik orasida shov-shuv ko‘targan edi. Sud tomonidan ham bu talab ko‘rib chiqish uchun qabul qilingan. To‘g‘ri, har kimning dardi o‘ziga achchiq keladi. Lekin ish jarayonida qurbon bo‘layotgan xodimlarning qimmati bu summaning yarmiga yarimbo‘y ham bo‘lmayotgani ham og‘riqli.

18-iyun. Yakshanba. Dam olish kuni bo‘lishiga qaramay, boshlig‘ining qiyin-qistovi bilan xizmatga otlangan obodonlashtirish xodimi tongda uydan chiqayotganda xayolining bir burchagidan qosh qoraymasdan oilasi bag‘riga qaytish fikri o‘tgani tabiiy. Ammo endi unga bu armon bo‘lib qoldi. Ish vaqtida elektr toki urishi oqibatida bevaqt hayotdan ko‘z yumgan marhumning oilasi uchun o‘sha yakshanba kechasi qayg‘u va motam kechasiga aylandi.

Adolat qaror topgani shumi?

Mana, oradan 1 yil-u 1 oy o‘tib, sud qaroriga ko‘ra marhumning oilasiga 167 million so‘m moddiy hamda ma’naviy zarar undirib berildi, deya xabar beriladi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasining Qashqadaryo bo‘limi Telegram kanalida. Tovon pulining bunchalar kechikib undirib berilgani bir yoqda tura tursin. (Ha, endi, o‘zbekchasiga “yo‘qdan ko‘ra, harna” deb o‘zni ovutib turaveramiz.) Hozir boshqa savol tug‘ilmoqda: bu miqdor oilaning yo‘qotishini qanchalik qoplaydi? Yangi O‘zbekistonda o‘zi odamning hayoti qaysi mezonlarga ko‘ra baholanyapti? Yanayam qisqartiraylik, odamning narxi qancha?

Yo‘qotishning bahosi

Shunga o‘xshash yana bir voqea Andijon viloyatida sodir bo‘ldi. Katta kuchlanishli tok urishidan vafot etgan elektrikning oilasiga 200 mln. moddiy, 50 mln. ma’naviy zarar undirib berildi. MIBga ko‘ra, qonunchilikda bunday vaziyat sodir bo‘lgan vaqtda ish beruvchi vafot etgan xodimning oila a’zolariga yetkazilgan har qanday zararni to‘liq hajmda qoplab berishi zarur bo‘ladi. (E’tibor bering, yetkazilgan har qanday zararni to‘liq hajmda qoplab berish lozim.) Ish hujjatlariga ko‘ra, elektr tarmoqlari korxonasi xodimi o‘ziga yuklatilgan vazifani bajarish chog‘ida, ya’ni katta kuchlanishli tok urishi oqibatida vafot etgan. Bu holatda ham o‘sha klassik savol o‘rtaga chiqadi.

Nosoz lift qurbon(lar)i

Kuni kecha 4-avgust kuni Qarshi shahridagi shifoxonaning lift shaxtasidan 36 yoshli ayolning jasadi topildi. Orastabon bo‘lib ishlovchi bu ayol, taxminlarga ko‘ra, lift nosozligi sababli shaxtaga tushib ketgan. Ayol jasadi 20 soat o‘tgandan keyin topilgan. Marhumaning 3 nafar bolasi onasining ortidan chirqirab qolaverdi.

Tovon puli haqida mas’ullar haligacha jim

Hali-beri tovon puli masalasi o‘rtaga chiqmasa kerak. Chiqqan taqdirda ham, tepadagi keys kabi biror yildan so‘ng, unda ham oila a’zolari adolat talab qilib, sudga murojaat qilishlari-yu “otangga bor, onangga bor” qabilidagi byurokratik muammolarga dosh bera olishlari bilan amalga oshishi ehtimoliy. Negaki, davlat yo xususiy tashkilotlar bo‘lsin, egasiz eshik emas, o‘zlarini har turli usulda himoya qilishlari tayin. Ma’lumot uchun, o‘tgan yili ham pochtachi ayol xizmat vaqtida yangi qurilgan turarjoy liftiga chiqqan va 4 kun o‘tib, o‘sha liftdan uning jasadi topilgan edi. Lift nosozligi, elektr muammosi bilan bog‘liq ushbu mash’um voqeada mas’ullar liftni to‘liq ishchi holatda bo‘lgan, deya munosabat bildirgan, to‘g‘rirog‘i javobgarlikni o‘zidan soqit qilib qutulgan edi. Bu mavzu yuzasidan izlanishlar mobaynida marhuma yaqinlariga tovon puli to‘langan yoki yo‘qligiga javob topilmadi.

Qonun nima deydi?

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 187-moddasiga ko‘ra, o‘z mehnat vazifalarini bajarishi munosabati bilan xodim vafot etgan taqdirda, uning oila a’zolariga yetkazilgan har qanday zararni (shu jumladan, ma’naviy zararni) ish beruvchi, basharti boshqacha holat nazarda tutilmagan bo‘lsa, to‘liq hajmda to‘laydi. Ya’ni ish beruvchi marhum xodimning oila a’zolariga quyidagilarni to‘laydi:

  • ma’naviy zarar;
  • boquvchining vafot etgani munosabati bilan zarar;
  • vafoti munosabati bilan bir yo‘la beriladigan nafaqa.

Mehnat kodeksining 194-moddasiga ko‘ra, xodimning vafoti munosabati bilan ish beruvchi tomonidan bir yo‘la beriladigan nafaqaning miqdori jamoa shartnomasida, agar bunday shartnoma tuzilmagan bo‘lsa, ish beruvchi bilan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Bunda xodimning vafoti munosabati bilan bir yo‘la beriladigan nafaqaning miqdori esa, marhumning olti yillik o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lishi mumkin emas. Bundan tashqari, xodim mehnat jarayonida vafot etgan taqdirda ish beruvchi qo‘shimcha ravishda dafn etish uchun zarur xarajatlarni ushbu xarajatlarni sarflagan shaxsga to‘lashi shart.

Inson hayoti qanday baholanadi?

Ammo haqiqiy hayotda ko‘rinayotgan raqamlar, 167 million yoki 250 million so‘m, bunday yo‘qotishlarni qoplashga yetarli emas. Ayniqsa, ushbu pullar o‘sha insonning tirikligidagi mehnati, hayoti va orzularining qiymatini hech qachon qayta tiklay olmaydi. Tizim bu yo‘qotishlarni raqamlar bilan baholaydi, lekin bu raqamlar insonning asl qadrini aks ettiradimi? Umuman, o‘zi inson hayotining bahosi qanday o‘lchanadi?

Теги :
Jamiyat