$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Bir tup qayrag‘ochni noqonuniy kesishning tovoni – 16 million so’m

daraxt

Daraxt kesgan fuqaro 16 million somdan ortiq tovon to‘laydigan bo‘ldi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni himoya qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi maʼlumot berdi.

Buxoroda reyd tadbirlari

Buxoro viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan navbatdagi nazorat reyd tadbiri o‘tkazildi. Reyd davomida Romitan tumani “Afrosiyob” MFYda fuqaro J.T. o’zi istiqomat qiladigan mahalla hududida 1 tup manzarali qayragoch daraxtini o‘zboshimchalik bilan kesgani aniqlandi. Natijada tabiatga 7 million 500 ming so’m zarar yetkazilgan. 

Jarima esa 9 million so‘m

Holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 79-moddasi 1-qismi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi. J.T. bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravari — 9 million 375 ming so‘m miqdorida jarima belgilandi. 

MJtKning 79-moddasi 1-qismiga ko‘ra, daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish fuqarolarga BHMning 25 baravaridan 50 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 50 baravaridan 75 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Huquqbuzar qilmishi uchun jami 16 million 875 ming so‘m miqdorida tovon to‘laydigan bo‘ldi.

Bir kechada 800 ta daraxt kesildi

Avvalroq Yunusobod tumanida ham noqonuniy daraxt kesish holati aniqlangan edi. Tumanining 6-mavzesida Toshkent issiqlik markazining buyurtmasi bilan gaz porshenli kogeneratsion elektr stansiyasi qurilmoqda. Qurilish ishlari fonida u yerda tadbirkor tomonidan barpo etilgan 800 ta daraxtga ega kichik bog‘ yo‘q qilindi. Toshkent shahar boshqarmasi inspektorlari tomonidan holat o‘rganilgan va dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Unga ko‘ra, “Active Asia Gold” tomonidan ekilgan 400 tup olma, 60 tup anor, 190 tup pavloniya, 40 tup katalpa, 30 tup olcha, 50 tup gilos, 15 tup behi, 15 tup yong‘oq ko‘chatlari yashil makon platformasiga kiritilgan. Joydagi qurilish ishlari jarayonida ushbu 800 ta ko‘chat ildiz qismi bilan yo‘q qilingani, bu bilan esa tabiatga 943 mln. 125 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgani aniqlangan.

Теги :
Jamiyat