$
 12042.05
68.15
 13744.80
44.26
 155.03
0.21
weather
+26
Кечаси   +14°

Jahon shaharlari tirbandlikni qanday boshqarmoqda?

Tirbandlik Foto: Gazeta.uz

Toshkentda jamoat transporti uchun alohida avtobus yo‘laklari tizimi bosqichma-bosqich kengaymoqda. Shota Rustaveli ko‘chasida BRT tizimi yo‘lga qo‘yilgach, endi yana bir qator yirik ko‘chalarda tezkor avtobus yo‘nalishlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Masalan, 2026-yilda Shahrisabz, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek va Yangi Sergeli ko‘chalarida umumiy uzunligi 16,2 kilometr bo‘lgan BRT yo‘laklari paydo bo‘lishi kutilmoqda. Bundan tashqari, keyingi yillarda Maxtumquli, Feruza, Yuzrobot, Lutfiy, Muqimiy, Nurafshon, Qoratosh, Ko‘kcha Darvoza va Parkent ko‘chalarida ham alohida avtobus yo‘laklari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Loyiha 2030-yilga borib 57,5 kilometrdan ortiq BRT tarmog‘ini qamrab olishi, 1,14 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi kutilmoqda. Biroq tirbandlik muammosini faqat yangi yo‘l yoki alohida avtobus yo‘lagi bilan hal qilib bo‘lmaydi. Dunyo shaharlari mavjud ko‘cha va chorrahalardan unumli foydalanish uchun boshqa amaliyotlarni ham qo‘llaydi.

Intellektual transport tizimlari va “yashil to‘lqin”

Toshkentda “aqlli svetoforlar” tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Bu maxsus datchiklar yordamida qaysi yo‘nalishlarida avtomobillar oqimi ko‘proq ekanini aniqlaydi va bo‘shroq yo‘nalishdagi yashil signal vaqtini qisqartirib, tirband tomonga ko‘proq vaqt beradi.

Bu ma’lum ma’noda SCATS tizimining bir bo‘lagi desa bo‘ladi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: SCATS o‘zi nima?

SCATS – Sydney Coordinated Adaptive Traffic System – svetoforlarni real vaqt rejimida boshqaruvchi adaptiv tizimdir. U 1975-yilda Avstraliyaning Yangi Janubiy Uels shtatida ishlab chiqilgan. Hozir tizim 33 mamlakatdagi 218 shaharda 65 mingdan ortiq chorrahada qo‘llanadi. Tizim chorrahalarga o‘rnatilgan datchiklar orqali avtomobillar soni, yo‘ldagi bandlik va navbat uzunligi haqida ma’lumot oladi. Ushbu ma’lumot asosida svetoforlar yashil signal vaqtini o‘zgartiradi. Masalan, asosiy ko‘chada avtomobillar oqimi ko‘paygan bo‘lsa, shu yo‘nalish uchun yashil chiroq uzoqroq yonadi.

SCATS faqat bitta chorrahani boshqarmaydi. U ketma-ket joylashgan svetoforlarni ham muvofiqlashtiradi. Natijada avtomobillar asosiy yo‘nalishda kamroq to‘xtaydi va “yashil to‘lqin” shakllanishi mumkin. Bu tizim uchta asosiy ko‘rsatkichni moslashtiradi: svetoforning umumiy sikl vaqti, har bir yo‘nalishga ajratiladigan yashil signal davomiyligi hamda qo‘shni chorrahalardagi signallar orasidagi vaqt farqi. Bu orqali tizim tirbandlik kuchayganda yo‘lning o‘tkazuvchanligini oshirishga, oqim kamayganda esa transportning “bekor qolgan” to‘xtashlarini qisqartirishga harakat qiladi.

SCATSning asosiy maqsadi avtomobillar harakatini tezlashtirish emas, balki mavjud yo‘l imkoniyatidan samarali foydalanishdir. U tirbandlikni butunlay yo‘q qila olmaydi. Ammo oqimlarni qayta taqsimlab, chorrahalardagi kechikish va navbatlarni kamaytirishi mumkin.

Tizimda jamoat transporti va maxsus xizmatlar uchun ustunlik berish funksiyasi ham bo‘lishi mumkin. SCATS Priority Engine moduli orqali kechikayotgan avtobus, tez yordam, yong‘in xizmati yoki yuk transporti kelayotgan yo‘nalishga ustunlik beradi. Bu mexanizm avtobus yaqinlashganda svetofor yashil chirog‘ini biroz uzaytiradi yoki qizil chiroqni yashilga tezroq o‘tkazadi. Bu amaliyot Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Shveysariya va boshqa ko‘plab mamlakatlarda avtobus yetib kelish vaqtini qisqartirish va jamoat transportida yuruvchi aholiga ko‘proq imkoniyat yaratish maqsadida qo‘llaniladi.

Avtomobil harakatiga moslashtirilgan “Yashil to‘lqin” tizimi ham muhim ahamiyatga ega. Bu tizim Germaniya, Niderlandiya va Fransiya kabi davlatlarda joriy etilgan bo‘lib, u bir ko‘cha yoki magistraldagi ketma-ket svetoforlarni shunday muvofiqlashtiradiki, haydovchi belgilangan tezlikda harakatlansa, bir nechta chorrahadan to‘xtamasdan o‘tadi.

Tramvay va LTR tizimlari

Yevropa, ayniqsa, Fransiya va Germaniya tajribasida tramvaylar shahar ichida eng kam energiya sarflaydigan, ekologik va yuqori sig‘imli transport hisoblanadi. Birgina zamonaviy tramvay tarkibi 3-4 ta odatiy avtobus o‘rnini bosa oladi. Bundan tashqari, LRT – yengil relsli transport mavjud bo‘lib, u tramvay va metroning o‘rtasidagi gibrid tizim hisoblanadi. U ko‘pincha umumiy yo‘ldan butunlay ajratilgan liniyalarda harakatlanadi.

Qo‘shimcha chora-tadbirlar

AQSh, Kanada, Xitoy, Avstraliya kabi mamlakatlarda reversiv yo‘laklar joriy etilgan. Reversiv yo‘laklar – harakat yo‘nalishi kunning vaqtiga qarab o‘zgaradigan yo‘l bo‘laklaridir. Ertalab avtomobillar ko‘proq shahar markaziga qarab harakatlanadi va shu paytda reversiv yo‘lak markaz tomon ochiladi. Kechqurun oqim shahar tashqarisiga yo‘naladi va yo‘lakning yo‘nalishi o‘zgartiriladi. Tizim yo‘l ustidagi elektron belgilar bilan boshqariladi. Yashil o‘q yo‘lakdan foydalanish mumkinligini, qizil X belgisi esa yo‘lak yopiq ekanini bildiradi. Reversiv yo‘laklar yangi yo‘l qurmasdan tirbandlikni kamaytirishga yordam beradi. Ular mavjud yo‘l maydonidan samarali foydalanish imkonini yaratadi. Biroq haydovchilar belgilarni diqqat bilan kuzatishi kerak, chunki aks holatlarda qarama-qarshi yo‘nalishdagi transport bilan to‘qnashuv xavfi yuzaga kelishi mumkin.

Bepul avtoturargohlar tizimi

Germaniya va AQShning yirik megapolislarida juda faol qo‘llaniladigan “Park and ride” usuli uzoq masofali yoki chekka hududlardan qatnaydiganlar uchun muhim strategiya bo‘lgan. Unga ko‘ra, shahar chetidagi oxirgi metro yoki yirik avtobus bekatlari yonida ulkan, arzon yoki bepul avtoturargohlar barpo etiladi. Haydovchilar mashinasini o‘sha yerda qoldirib, markazga tezkor jamoat transportida yo‘l oladi.

Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, eng yaxshi natijaga faqatgina bitta loyiha masalan, faqat BRT yoki faqat pullik yo‘l bilan erishib bo‘lmaydi. Eng samarali yo‘l – bularning barchasini yagona multimodal tizimga birlashtirish va barcha uchun qulaylikni ta’minlash muhim ahamiyatga ega.

Теги :
Jamiyat