$
 12957.14
29.97
 14702.47
-15.11
 156.56
0.83
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

2024-yilda Uzum Market iste’molchilarning eng ko‘p shikoyat qilgan platformasiga aylandi

tijorat

Elektron tijorat bozori iste’molchilar uchun qulaylik yaratgani bilan birga, turli muammolarni ham yuzaga keltirmoqda. 2024-yilda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga elektron tijorat bilan bog‘liq 1328 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ulardan 1085 tasi hal qilingan, 190 tasiga tushuntirish berilgan, 17 ta murojaat esa tegishli organlarga yo‘naltirilgan. Hozirda 33 ta murojaat ko‘rib chiqilmoqda.

Iste’molchilarning huquqlari tiklanmoqda

O‘tgan yilda iste’molchilarning huquqlarini tiklash bo‘yicha muhim natijalarga erishildi. 423 iste’molchining huquqlari tiklanib, ularga 88,9 million so‘m mablag‘ qaytarildi. Bundan tashqari, 31,6 million so‘mlik mahsulotlar almashtirildi.

Maishiy texnika sotuvi eng ko‘p shikoyatlar qabul qilingan yo‘nalish bo‘ldi

Elektron savdo maydonlarida yuzaga kelayotgan muammolarning katta qismi maishiy texnika sotuvi bilan bog‘liq bo‘lib, barcha murojaatlarning 77,9 %i aynan shu soha bilan bog‘liq ekani aniqlandi. Asosiy muammolar sifatsiz yoki nuqsonli mahsulotlarning sotilishidir.

Eng ko‘p shikoyat qilingan platformalar

Elektron tijorat platformalariga iste’molchilarning e’tirozlari tobora ortib bormoqda. Eng ko‘p shikoyatlar Uzum Market platformasiga tegishli bo‘lib, umumiy murojaatlarning 39,6 %ini tashkil etdi. Alif Shop platformasi 9,9 % shikoyat bilan ikkinchi o‘rinda turib, undan keyin Uzum Nasiya (6,5 %) va ZoodMall (6 %) platformalari joylashdi.

Shuningdek, Asaxiy uz bo‘yicha 3,8 %, IDEA platformasi bo‘yicha 2,5 %, Hopshop va 100K uz bo‘yicha esa 2,1 % shikoyatlar kelib tushgan.

Murojaatlarni hal qilish samaradorligi qanday?

Elektron tijorat platformalarining iste’molchilar shikoyatlariga qanday munosabatda bo‘layotgani ham tahlil qilindi. Natijalarga ko‘ra, Openshop uz eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lib, barcha shikoyatlarni (100%) hal qilgan. Hopshop platformasi 92,9%, Sello uz 87,5%, Alijahon uz 81,5% va ZoodMall 81% shikoyatlarni hal etgan. 100K uz platformasida bu ko‘rsatkich 78,6% ni tashkil etdi. Alif Shop 67,2%, Uzum Nasiya 66,3%, Uzum Market esa 60,2% shikoyatlarni ijobiy hal qilgan.

Eng kam shikoyat hal qilingan platformalar

Ayrim elektron savdo platformalarida iste’molchilar shikoyatlariga e’tibor yetarli darajada qaratilmayapti. Qayd etilishicha, shikoyatlarning aksariyati hal qilinmay qolmoqda. Eng past ko‘rsatkichga ega platformalar orasida Sandiqshop atigi 21,4 % murojaatni qanoatlantirgan bo‘lsa, Booknomy platformasida bu ko‘rsatkich 28,6 %ni tashkil etgan.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha yangi choralar

Elektron tijoratda iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida, Qo‘mita ommaviy ofertalarni qonunchilikka moslashtirish, elektron savdo ishtirokchilarining malakasini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar iste’molchilar uchun qo‘shimcha qulaylik yaratish bilan birga, elektron tijorat sohasida raqobat muhitini yaxshilashga ham xizmat qiladi.

Теги :
Jamiyat