$
 12948.10
-9.04
 14696.09
-6.38
 156.93
0.37
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

Harbiylarning o‘qishga kirishida beriladigan imtiyozlar uchun test sinovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi

test

Muddatli harbiy xizmatchilar uchun o‘qishga kirishida beriladigan imtiyozlar uchun test sinovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Mudofaa vazirligi boshqarma boshlig‘i Otabek Norboyev ma’lum qildi.

Test savollarining umumiy soni 100 tani tashkil etadi

Ma’lumki muddatli harbiy xizmatni o‘tagan fuqarolarga imtiyoz tizimini takomillashtirish maqsadida harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasiga asosan oliy harbiy ta’lim muassasalari va oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga kirishda imtiyoz tizimi joriy etilgan.

Shu tufayli joriy yilning 20-25-yanvar kunlari Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida xizmat qilayotgan muddatli harbiy xizmatchilarning bilim darajasini tekshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan test sinovlari o‘tkaziladi.

Muddatli harbiy xizmatchilar uchun mo‘ljallangan test savollarining umumiy soni 100 ta savoldan iborat bo‘lib:

uning 40 tasi – jangovar tayyorgarlik;

20 tasi – ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik;

10 tasi – matematika fani;

10 tasi –fizika fani;

qolgan 20 tasi – mantiqiy savollar.

Har bir to‘g‘ri javob uchun:

jangovar tayyorgarlik bo‘yicha -1,2 ball;

ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha – 1,1 ball;

matematika bo‘yicha – 1 ball;

fizika bo‘yicha – 1 ball;

mantiqiy savollar bo‘yicha – 1 ball beriladi.

Test sinovlarini o‘tkazishning umumiy vaqti 3 soatni tashkil etadi.

Tavsiyanoma berishda harbiy xizmatchining harbiy intizomi ham inobatga olinadi

Shuningdek, tavsiyanoma berish to‘g‘risidagi yakuniy qarorni qabul qilish uchun har bir muddatli harbiy xizmatchining test sinovlari natijalari, namunali harbiy intizomi va o‘quv fanlaridan qo‘yilgan yakuniy o‘rtacha ko‘rsatkichi yig‘indisi jamlanadi.

Tavsiyanoma olgan harbiyning bakalavr imtihoni natijasiga yana 50 ball qo‘shiladi

Tavsiyanoma olgan muddatli harbiy xizmatchilar prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaroriga muvofiq:

oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga;

oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun tegishli o‘quv yiliga tasdiqlanadigan oliy ta’lim muassasalariga qabul parametrlaridan tashqari alohida ajratilgan qabul ko‘rsatkichlari doirasida – tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladilar.