$
 12910.15
-14.77
 14660.77
40.1
 159.78
-0.16
weather
+26
Кечаси   +14°
powerads

Temu va UzPost yetkazib berishda shartnoma imzoladi: Bu mahalliy tadbirkorlar uchun nimani anglatadi?

temu

O‘zbekistonda shiddat bilan o‘sib kelayotgan, o‘zining arzon narxlari hamda agressiv reklama siyosati bilan mashhurlikka erishgan Temu global elektron tijorat platformasi O‘zbekiston milliy pochta operatori “O‘zbekiston pochtasi” AJ bilan strategik hamkorlikni e’lon qildi, deb xabar qildi UzDaily.uz nashri. Keltirilishicha, ushbu sheriklik mamlakat bo‘ylab yetkazib berish sifatini yaxshilash va mijozlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratishni maqsad qilgan.

Temu va UzPost hamkorligi

2024-yil dekabr oyida boshlangan hamkorlik, Temu innovatsion biznes modelini UzPost’ning ilg‘or logistika imkoniyatlari va butun mamlakat bo‘ylab 1 600 dan ortiq filiallarining keng tarmog‘i bilan uyg‘unlashtiradi. Milliy pochta operatori sifatida, UzPost “uyma-uy” yetkazib berishni yaxshilash uchun noyob imkoniyatlarni taklif etadi, va ular Temu mijozlariga sifatli mahsulotlarni arzon narxlarda qulay foydalanish imkonini beradi.

“UzPost doimiy ravishda o‘z mijozlari bilan yaqinroq bo‘lishga va Temu bilan hamkorlik qilishga intiladi va bu bu boradagi yana bir qadamdir”, dedi UzPochta bosh direktori Alisher Fayzullaev.

Uyga eltib berish xizmati ham mavjud

UzPost Temu bilan 10 tonnadan ortiq buyurtmalarni qayta ishlagan. Yetkazib berish to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul qiluvchilarga, shu jumladan, olis hududlarga yetkazib beriladi.

“Xizmatlarimiz aholi ehtiyojlariga mos kelishi va O‘zbekiston fuqarolari kundalik hayotining ajralmas qismiga aylanganidan mamnunmiz, bu ular buyurtmalarni qabul qilish jarayonini soddalashtiradi va hamma uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi”, deydi Fayzullayev.

Temu bilan hamkorlik “uyga” yetkazib berishning moslashuvchan xizmatini taqdim etadi, bu esa posilkalarni ushbu imkoniyat mavjud bo'lgan hududlarda to'g'ridan-to'g'ri uyingizga yetkazib berish imkonini beradi.

“Temuning vazifasi – sifatli mahsulotlarni butun dunyo bo‘ylab ko‘proq iste’molchilar uchun ochiq qilishdir”, dedi Temu vakili. “UzPochta bilan hamkorlik qilib, biz ishonchli va samarali yetkazib berish xizmatlari orqali yuqori darajadagi mijozlar tajribasini taqdim etishga intilamiz”.

Temu haqida

O‘zbekistonda 2024-yil avgust oyida ishga tushirilgandan beri Temu arzon narxlarda keng assortimentdagi mahsulotlarni taklif qiluvchi to'g'ridan-to'g'ri ta'minot modeli tufayli tezda iste'molchilar orasida mashhurlikka erishdi. Ayni paytda Temu Xitoyning “PDD Holdings” kompaniyasiga tegishli bo‘lib, u, shuningdek, Xitoydagi mashhur “Pinduoduo” marketpleysini boshqaradi. Vositachilarni va ular bilan bog'liq xarajatlarni bartaraf etish orqali Temu mijozlarga bo'shatilgan resurslarni sifatni yo'qotmasdan arzonroq narxlarda taklif qila oladi. Appfigures ma'lumotlariga ko'ra, 2024-yil dekabriga kelib Temu App Store va Google Play’da O‘zbekistondagi eng mashhur xarid ilovasiga aylandi.

2022-yil sentyabr oyida ishga tushirilgandan keyin Temu dunyoning 80 dan ortiq mamlakatlarida keng turdagi mahsulotlarni hamyonbop narxlarda taklif etadi. 2024-yilda Temu Apple kompaniyasining eng yaxshi ilovalari ro'yxatiga kiritilgan va dunyodagi eng ko'p tashrif buyuriladigan elektron tijorat platformalaridan biriga aylandi.

Rasmiy vakolatxonasiz faoliyat

Iqtisodchi Otabek Bakirov avvalroq Temuning O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tmaganini qayd etib, bu holatni adolatli raqobat nuqtai nazaridan tanqid qilgan edi. Bakirovning fikricha, Temu na soliq to‘laydi, na rasmiy vakolatxonaga ega. Bu esa mahalliy tadbirkorlarni qiyin ahvolga solib qo‘ymoqda.

“Temuning faoliyati Yevropa yoki boshqa bozorlar bilan solishtirganda O‘zbekistonda ancha erkin. Chunki u hali ro‘yxatdan o‘tmagan va mahalliy soliq to‘lovlarini amalga oshirmaydi. Natijada mahalliy tadbirkorlar uchun adolatsiz raqobat muhiti paydo bo‘lmoqda,” — degan edi Bakirov.

 Temu O‘zbekistonda rasmiy faoliyatga intilmoqda

Dekabr oyida qabul qilingan “O‘zbekistonda elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror xorijiy elektron savdo platformalarini mamlakatda rasmiy faoliyat yuritishga majburlashni ko‘zda tutadi. Ushbu hujjatga ko‘ra, 2025-yil 1-iyulga qadar barcha elektron tijorat operatorlari, jumladan, Temu kabi xorijiy platformalar O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishi shart. Aks holda, ularning faoliyati cheklanishi mumkin.

Ayni paytda, Temu va UzPost o‘rtasida boshlangan hamkorlik shuni ko‘rsatadiki, Temu O‘zbekiston bozorida o‘z faoliyatini qonuniylashtirishga intilmoqda. Bu strategik sheriklik platformaning rasmiy vakolatxona ochish yo‘lida birinchi qadam bo‘lishi mumkin. Mahalliy yetkazib berish tizimi bilan ishlashni yo‘lga qo‘yish nafaqat iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatini beradi, balki kompaniya uchun rasmiy maqomga ega bo‘lish zaruriyatini ham oshiradi.

Temu va UzPost hamkorligi mahalliy tadbirkorlarga imkoniyatmi yoki tahdid?

Temu va UzPost hamkorligi elektron tijorat sohasida yangi imkoniyatlarni ochayotgani shubhasiz. Ammo ta’kidlash kerak, Temu agressiv marketing siyosati bilan iste’molchilar orasida mashhurlikka erishgani holda, mahalliy tadbirkorlar uchun jiddiy raqobat muhitini yaratmoqda. Iste’molchilar uchun bu arzon narx va qulay xizmatlar bo‘lsa, tadbirkorlar uchun adolatli raqobat masalasi dolzarb bo‘lib qolyapti. Mahalliy blogerlar va ekspertlar bu borada bir necha muhim, ayni paytda, ziddiyatli fikrlarni ilgari surmoqda.

Rasul Kusherbayev: “Bu adolat masalasidir”

Sobiq deputat Rasul Kusherbayev ham bu borada o‘z munosabatini bildirdi. U Temu va UzPost hamkorligini iste’molchilar uchun qulaylik sifatida e’tirof etgan holda, bu qulaylik mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun tahdid ekanini qayd etdi:

“Bu shunchaki adolat masalasi emas, bu raqobat to‘qnashuvida omon qolish masalasi. Temu kabi platformalar mahalliy tadbirkorlar bilan bir xil sharoitlarda faoliyat olib bormayapti. Bu esa kichik biznes vakillarini halokatga olib kelishi mumkin.”

Kusherbayevning fikricha, bu kabi holatlar uzoq muddatda mahalliy iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. U milliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirishga chaqirdi.

Chunki mahalliy ishlab chiqaruvchilar soliq va bojxona majburiyatlarini ado etib, o‘z mahsulotlarini Temu narxlari bilan raqobatlashtirishda katta qiyinchiliklarga duch kelishi aniq.

Davron Fayziyev: “O‘yin halolmi?”

Bloger va sport jurnalisti Davron Fayziyev Temu bilan mahalliy tadbirkorlarning raqobat sharoitlarini sportdagi qoidabuzarlik bilan solishtiradi. Uning ta’kidlashicha, Temu mahsulotlarni arzon narxlarda taklif qilishi mumkin, chunki u bojxona tartib-taomillarini chetlab o‘tadi:

“Bu xuddi sport maydonida qoidani buzib, lekin gol urayotgan o‘yinchiga o‘xshaydi. Mahalliy tadbirkorlar bunday sharoitda raqobatlashishi juda qiyin. Bu shunchaki qiyinchilik emas, bu yashab qolish uchun chinakam kurash.”

Fayziyevga ko‘ra, mahalliy biznes uchun asosiy xavf adolatsiz sharoitlar bilan bog‘liq. Tadbirkorlar soliq va bojxona majburiyatlarini bajarayotgan bir paytda, Temu ularni aylanib o‘tib, iste’molchilarga arzon narxlar taklif qilmoqda. Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarni iqtisodiy bosimga olib kelmoqda.

Zafarbek Solijonov: “Raqobatdan cho‘chimaslik kerak”

Bloger va iqtisodchi Zafarbek Solijonov esa bu masalaga boshqa nuqtai nazardan qaraydi. U raqobatni rivojlanish va o‘sish uchun muhim omil sifatida ko‘radi. Solijonovning fikricha, mahalliy tadbirkorlar xalqaro platformalarga qarshi kurashdan cho‘chimasligi kerak: “Raqobat mahsulot sifatini oshirishga xizmat qiladi. Agar Temu narxi arzon bo‘lsa, bu iste’molchi uchun yaxshi. Agar mahsulot sifatsiz bo‘lsa, odamlar sotib olishni bas qiladi. Bundan mahalliy tadbirkorlar ham xulosa chiqarishi kerak.”

Shuningdek, Solijonov UzPost va Temu hamkorligini ijobiy baholab, uning mamlakat logistika tizimini rivojlantirishga va davlat byudjeti uchun foyda keltirishiga e’tibor qaratdi:

“UzPost Temu bilan ishlash orqali moliyaviy mustaqilligini kuchaytiradi. Bu davlat byudjetiga tushumlarni oshiradi, logistikani rivojlantiradi va yangi ish o‘rinlarini yaratadi.”

Iste’molchilarning tanlovi

Zafarbek Solijonovning ta’kidlashicha, xalqaro bozorga chiqishni ko‘zlagan mamlakat tadbirkorlari raqobatdan qo‘rqmasligi kerak. U Temu’ning O‘zbekistonda qabul qilinishini iste’molchilar uchun qulaylik sifatida ko‘rmoqda:

“O‘zbekiston xalqaro bozorda ochilayotgan bir paytda bitta raqibdan qo‘rqadigan tadbirkorlar kelajakda nima qiladi? Iste’molchi doim tanlash huquqiga ega bo‘lishi kerak. Agar Temu mahsuloti yaxshi bo‘lsa, demak, bu bozordagi tabiiy tanlov. Raqobat faqat rivojlanishga xizmat qiladi.”

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot