$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda shiddat bilan o‘sayotgan platforma —Temu’ning o‘zbek hukumatida homiylari bormi?

temu

2024-yilning sentyabr oyida Xitoyga qarashli Temu savdo platformasi O‘zbekistonda faol reklama kampaniyasini boshladi. Atigi ikki kun ichida Temu ilovasi mamlakatda eng ko‘p yuklab olingan dasturga aylandi. Quyida mahalliy ekspertlarning fikrlariga tayanib, bu holatning sabablari va O‘zbekiston bozoriga ta’siri haqida so‘z yuritamiz.

Temu’ning muvaffaqiyati siri

Iqtisodiy mavzular bo‘yicha tahlilchi Temurmalik Elmuradov Xitoyning Temu savdo marketpleysining qisqa vaqt ichida O‘zbekistonda juda mashhur bo‘lib ketishi sabablarini tushuntirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy omillar sifatida mahsulotlarning arzon narxlari va Instagram hamda TikTok’dagi katta reklama byudjetlari keltirilmoqda. Temu haqida eshitgandirsiz — bu juda ham arzon narxlar bilan mashhurlikka erishgan Xitoy savdo marketpleysi. U hali yangi kompaniya bo‘lib, 2022-yilda tashkil etilgan. Biroq ikki yil ichida u ancha kengayib, o‘nlab yangi bozorlarga chiqishga muvaffaq bo‘ldi.

“Ularning yondashuvi har doim bir xil: katta mablag‘lar birinchi navbatda Instagram va TikTok kabi ijtimoiy tarmoqlarda mo‘ljallangan reklamalarga sarflanadi”, — deydi tahlilchi.

Xuddi shunday sxema Chexiya va Koreyada ham qo‘llanilgan bo‘lib, 2024-yil sentyabr oyidan esa navbat O‘zbekistonga yetib keladi.

C2M modeli, zararli chegirmalar, arzonlikka urg‘u

Temuning ikki muhim xususiyati mavjud. Birinchisi — marketing va reklama yondashuvi. U o‘zining agressiv uslubi bilan ajralib turadi, shuning uchun professional doiralarda ham uning ishlari o‘rganilmoqda. 2023-yilda kompaniya reklama uchun 2 milliard dollar sarfladi, 2024-yilda esa bu summa 6 milliard dollarga yetishi kutilmoqda — rivojlangan bozorlar uchun ham bu juda katta pul. Biroq foydalanuvchilarni faqat reklama hisobiga ko‘paytirish yetarli emas, to‘g‘ri xabar ham kerak. Temu xaridlarni “boshqa joylarda oladigan hamma narsangiz bizda ikki baravar arzon” degan xabari bilan reklama qilmoqda.

Ikkinchi xususiyat — past narxlar. Bunga bir nechta omillar yordam beradi. Birinchi omil — C2M (customer to manufacturer) biznes modeli, ya’ni mahsulotlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlab chiqaruvchidan uchinchi tomon yetkazib beruvchilar orqali xaridorga yetkaziladi, bu esa logistika va saqlash xarajatlarini kamaytiradi. Ikkinchi omil — kompaniyaning har bir buyurtmada ataylab zarar ko‘rishi, ya’ni bozorga joylashish uchun katta chegirmalar taklif qilishi. Bundan tashqari, Temu platformadagi sotuvchilardan boshqa joylarga qaraganda arzonroq narxni ta’minlashni talab qiladi. Bir nechta sotuvchi bir xil mahsulotni taklif qilgan taqdirda, Temu faqat eng past narxni taklif qiluvchi sotuvchini ko‘rsatadi. Bu usul samarali ishlamoqda.

Piar kuchi

6-sentyabrdan boshlab Temu O‘zbekistonda faol reklama kampaniyasini boshladi va 8-sentyabrga kelib bu ilova mamlakatda eng ko‘p yuklab olingan dasturga aylandi. Asosiy auditoriya esa narxga katta e’tibor qaratadigan foydalanuvchilar bo‘lib, bu Temuni daromadlar darajasi o‘rtachadan past bo‘lgan O‘zbekiston bozorida birmuncha jozibador qilib ko‘rsatdi. Temudagi ko‘plab mahsulotlar mahalliy do‘kon va bozorlarda ham topilishi mumkin, lekin yuqori narxlarda.

Monopoliyaga qadam: Temu’ning o‘zbek hukumatida homiylari bormi?

Iqtisodchi Otabek Bakirov ta’kidlashicha, Temu O‘zbekistonda na yuridik shaxs tashkil etgan, na soliq to‘laydi, lekin biznesi har oyda ikki karra o‘smoqda:

“Bunaqasi faqat Yangi O‘zbekistonda imkonli. Esingizdami, Yandex taxi yuridik shaxs tashkil etmay, bir so‘m soliq to‘lamay O‘zbekistonda 5 yil bemalol ishlagani? Ularning mushugini birov pisht deya olmagan. Balki “schet”lari qaysidir ofshor orollarda yashiringan Temu’ning ham hukumatda shunaqa homiylari bordir?”

Adolatli raqobat ta’minlanmayapti

Ma’lumot uchun, Wildberries va Ozon kabi kompaniyalar O‘zbekistonda o‘z vakolatxonalarini ochishgan, hisob raqamlarini yaratishgan va mahalliy banklar orqali to‘lovlarni qabul qilishadi. O‘zbekistonlik foydalanuvchilar bu platformalarda nafaqat xarid qilishi, balki o‘z tovarlarini sotishi ham mumkin. Aliexpressda ham yuridik shaxs mavjud bo‘lib, Uzcard va Humo orqali to‘lov qabul qilish imkoniyati bor. Temu’ning farqi shundaki, u O‘zbekistonda vakolatxonaga ega emas va mahalliy tizimlar orqali to‘lovlarni qabul qilmaydi. Shu sababli, agentlikda gapirilayotgan elektron tijoratni tartibga solish bo‘yicha islohotlar aynan shunday loyihalarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Hatto Yevroittifoq ham Temu’ga qarshi

Avvalroq, noyabrning boshlarida Yevroittifoq Temu’ni jarimaga tortmoqchi bo‘layotgani haqida xabarlar tarqaldi. Yevropa komissiyasi Xitoyning Temu platformasini kontrafakt va xavfli mahsulotlar savdosi bilan birga, iste’molchilarning xarid qilish odatlariga zararli ta’sir ko‘rsatadigan reklama va dizayn usullari qo‘llashda gumon qilmoqda. Yevrokomissiya raisi o‘rinbosari Margret Vestagar Xitoy kompaniyasini YeI standartlariga javob berishga va iste’molchilarga zarar yetkazmaslikka chaqirdi.

Temu, o‘z navbatida, YeI hukumatlari bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini bildirdi va sotilayotgan mahsulotlar xavfsizligi hamda standartlarga javob berishini ta’minlash ustida ishlayotganini ta’kidlagan.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot