$
 12874.86
-18.11
 13525.04
-16.45
 123.06
-0.32
weather
+26
Кечаси   +14°

Turkiy davlatlar nima uchun birlashishi kerak?

turkiy dunyo davlatlari

Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari o‘rtasida savdo va investisiyaviy hamkorlik to‘liq ro‘yobga chiqarilmagan. Bishkekda o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikda yangi yo‘nalishlarni belgilab berdi. TDTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi savdo, investitsiya va sanoat kooperatsiyasining mavjud imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmaganini inobatga olsak, O‘zbekiston takliflari mintaqa iqtisodiyoti uchun o‘ziga xos yo‘l xaritasi bo‘lib xizmat qiladi.

To‘siqlarni bartaraf etish zarurati

TDT davlatlari – Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Turkiya iqtisodiy salohiyat jihatidan ulkan imkoniyatlarga ega bo‘lsa-da, o‘zaro savdo ulushi hali ham past – 6,5 foizdan ortmayapti. Tashkilot mamlakatlari o‘z mahsulotlarini asosan uchinchi davlatlarga eksport qilmoqda, ichki savdo hajmi esa cheklangan qolmoqda.

2023-yilda TDT davlatlari o‘rtasidagi umumiy tovar ayirboshlash hajmi 36,7 milliard dollarni tashkil etdi. Savdoda asosiy ulush Turkiya (31,2%) va Qozog‘iston (24,7%) hissasiga to‘g‘ri keldi. O‘zbekiston esa 8,7% ulush bilan to‘rtinchi o‘rinni egalladi. Ammo bu ko‘rsatkichlar mintaqaning real imkoniyatlarini aks ettirmaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev TDT doirasida tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, savdo va bojxona tartiblarini soddalashtirish, hamda elektron savdo platformalarini rivojlantirish tashabbuslarini ilgari surdi. Bu choralar savdo hajmini sezilarli darajada oshirishi va mintaqa mamlakatlarining iqtisodiy integratsiyasini kuchaytirishi mumkin.

Investitsiya hamkorligi

Samarali investitsiyaviy hamkorlik mintaqa iqtisodiyotining jadal rivojlanishida hal qiluvchi rol o‘ynaydi. 2021−2023-yillarda TDT davlatlari O‘zbekiston iqtisodiyotiga 5 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritdi. O‘z navbatida, O‘zbekiston hududida TDT kapitali ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 4 mingdan oshdi.

Biroq global moliya bozorlari beqarorligi sharoitida investitsiyalarni uzluksiz ta’minlash uchun yangi mexanizmlar zarur. Shu bois O‘zbekiston rahbari Turkiy investitsiya fondi faoliyatini jadal boshlash va Turkiy taraqqiyot bankini tashkil etish takliflarini ilgari surdi. Ushbu institutlar mintaqaviy va xalqaro investitsiyalarni jalb etishda muhim rol o‘ynaydi.

Shuningdek, Prezident Turkiy investitsiya forumini tashkil etishni va uning birinchi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi. Bunday forumlar mintaqaviy loyiha va tashabbuslarning xalqaro moliya institutlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga turtki beradi.

Sanoat kooperatsiyasi va transport tizimi

Sanoat kooperatsiyasi mintaqa davlatlari o‘rtasida o‘zaro to‘ldiruvchi iqtisodiy aloqalarni kuchaytirishda asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi. Misol uchun, O‘zbekistonning avtomobilsozlik sanoati Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Ozarbayjonda birgalikda Chevrolet avtomobillarini yig‘ishni yo‘lga qo‘ygan. To‘qimachilik sohasida esa O‘zbekiston kompaniyalari Turkiya brendlari uchun mahsulot ishlab chiqarishni amalga oshirmoqda.

Transport infratuzilmasi ham mintaqaviy integratsiyada alohida ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston rahbari “O‘rta yo‘lak” orqali tranzit tariflarini maqbullashtirish, chegaradan o‘tish tartiblarini soddalashtirish va elektron hujjat almashuv tizimlarini joriy etish tashabbuslarini ilgari surdi. Ushbu choralar transport xarajatlarini kamaytirib, savdo oqimlarini sezilarli darajada oshiradi.

Mintaqaviy iqtisodiy integratsiyaga yo‘l

Zamonaviy iqtisodiyot innovatsiyalar, texnologiyalar va raqamli tizimlarsiz rivojlana olmaydi. Shu bois O‘zbekiston Prezidenti “Raqamli turkiy dunyo” konsepsiyasini ishlab chiqishni taklif qildi. Bu tashabbus yirik ma’lumotlar markazlari, raqamli infratuzilmalar va innovatsion texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan.

Shuningdek, ekologik muammolarning jiddiy tus olayotgani inobatga olinib, Turkiy ekologiya kengashini tuzish va uning birinchi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi ilgari surildi. Bu tashabbus mintaqada ekologik barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamdir.

Bishkek sammitida ilgari surilgan tashabbuslar, xususan, to‘siqlarni bartaraf etish, investitsiya mexanizmlarini takomillashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish kabi takliflar Turkiy davlatlar tashkiloti iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishda muhim o‘rin tutadi.

Теги :
Jamiyat