$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekiston hukumati tizimida yangi tayinlovlar amalga oshirildi

Nig‘matilla Yo‘ldoshev

Bugun, 21-iyun kuni Vazirlar Mahkamasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli qaroriga asosan, lavozimlarga tayinlangan va tasdiqlagan bir qator nomzodlar Bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan hukumat a’zolariga tanishtirildi.

Yangi tayinlovlar

Ma’lum bo‘lishicha, Abduvaqqos Rafiqov Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi raisi;

Azim Ahmadxo‘jayev Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi direktori;

Olimjon Umarov Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari;

Jamshid Tursunov Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan, Amriddin Abdurahmonov Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisining yo‘l xo‘jaligi sohasiga ilg‘or xorijiy tajribalarni tatbiq etish va raqamlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.

Bosh prokuror lavozimi

Bundan tashqari, Senatning 53-yalpi majlisida O‘zbekiston Bosh prokurori lavozimiga nomzod haqidagi masala ko‘rib chiqildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 95- hamda 109-moddalariga muvofiq, Bosh prokurori lavozimiga nomzod Prezident tomonidan taqdim etiladi va Senat yalpi majlisida senatorlar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Shunga asosan, yalpi majlisda Bosh prokurori lavozimiga yangi muddatga taqdim etilgan Nig‘matilla To‘lqinovich Yo‘ldoshevning nomzodi ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.

O‘zbekiston parlamenti palatalarining qo‘shma majlisidagi nutq

Ma'lumot uchun, Nig‘matilla Yo‘ldoshev 2016 yilning 8 sentyabr kuni Islom Karimov vafotidan keyingi O‘zbekiston parlamenti palatalarining qo‘shma majlisida “Men mehnat faoliyatim davomida Adliya va prokuratura tizimlarida ishlaganman. Biroq davlat hokimiyati va rahbarlik faoliyatida yetarli tajribaga ega emasman. O‘zbekiston Prezidenti vazifasini vaqtincha bajarib turish qanchalik qiyin ekanini chuqur anglagan holda sizlardan bu vazifa va vakolatlarni menga yuklamasligingizni iltimos qilaman“, - deya nutq qilib, vakolatni rad etgan.