$
 12578.21
-79.98
 14633.49
-38.62
 160.31
-1.13
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘qituvchilar qachon ming dollar maosh oladi?

Hilola Umarova

Yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish uchun bizga zamonaviy ilm va yana bir bor ilm, tarbiya va yana bir bor tarbiya kerak. Bugungi va ertangi kunimizni, yoshlarimiz taqdirini hal qiladigan yuksak malakali muallim va murabbiylar, professor-o‘qituvchilar, haqiqiy ziyolilar kerak. Ochiq aytish lozim, biz bu zahmatkash, fidoyi insonlar oldida hali qarzdormiz. Shu boisdan ham, qanchalik qiyin bo‘lmasin, o‘qituvchilar mehnatini munosib rag‘batlantirish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz. 2025-yilga borib, oliy toifali o‘qituvchilarning oylik maoshini ekvivalent hisobida 1 ming dollarga yetkazish choralari ko‘riladi. Yuqoridagi gaplarni prezident Shavkat Mirziyoyev 2021-yilning noyabridagi Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasining qo‘shma majlisidagi nutqida aytib o‘tgan. 

Prezidentning yuqoridagi nutqi yangraganidan buyon oradan 3-yil o‘tdi. Har yili shu masalaga aloqador turli savollar jamoatchilik muhokamalariga mavzu bo‘lib kelmoqda. 28-avgust kuni Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova 2022-yil dekabr oyida ushbu lavozimga tayinlanganidan buyon uzoq kutilgan ilk matbuot anjumanini o‘tkazdi. Ushbu anjumanda tabiiy ravishda yuqoridagi, yillar davomida muhokama mavzusi bo‘lib kelgan savolga rasmiylardan javob yangradi

Utopik nazariya

Anjumanda vazir Hilola Umarovga sherik bo‘lgan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyev o‘qituvchilarning maoshi va tizimdagi ba’zi muammolarni ochiqladi:

“Buni to‘g‘ri tushunish kerak. 2016-yil 1-avgustdagi holatiga agar qaraydigan bo‘lsak, 1 mln. 639 ming olgan o‘qituvchi, hozir bu raqam 3-4 barobar ortdi. Eng katta byudjetga ega deb sizlar tahlil qilasizlar tizimni. 46,6 trln. davlat byudjeti yo‘naltirilsa shundan 39 trln. ya’ni 84 % ish haqi oylik mukofotlarga ajratiladi. Bu 545 mingga yaqin o‘qituvchini va 100 mingdan ortiq tarbiyachi maoshi. Men hozir faqat pedagoglar haqida gapiryapman. Texnik xodimlar ham bor. Ularni uzluksiz ish haqi bilan to‘lash uchun bu mablag‘. Davlat o‘sha maktab va maktabgacha bo‘lgan tashkilotlar pedagoglarini oyligini to‘lash uchun bir oyda 3,5 trln. xarajatni amalga oshiradi. Bitta narsani inobatga olinglar, achchiq bo‘lsa ham to‘g‘risi balkim ko‘pchilikka yoqmas bu gap, pedagoglarga 433 ming o‘rin ajratilgan bo‘lsa unda 734 ming pedagog ishlab kelmoqda. Ularni orasida o‘rta maxsus ham ishlab keladi, nafaqada bo‘lganlar ham ishlab keladi. Ya’ni o‘sha soatidan kelib chiqqan holda kimdir 2 mln. oylik oladi, kimdir ko‘p. Shu tomonini ham inobatga olish kerak. Lekin hamma birdek ming dollar oylik oladi degan narsa utopiya”, — dedi vaziri o‘rinbosari.

Qaysi o‘qituvchilar ming dollardan ziyod oylik maosh olishadi?

Ushbu masala yuzasidan berilgan savollarga vazir Xilola Umarova ham javob berar ekan, so‘nggi uch yilda o‘qituvchilar oyligi sezilarli oshganini qayd etib, endilikda aynan qaysi o‘qituvchilar yuqori maosh olishini aytib o‘tdi. 

“Yaqinda toifa sinovlari bo‘lib o‘tganidan xabaringiz bor va toifadan o‘tgan ustozlarimiz uchun umuman toifalar farqlari orasidagi qo‘shimcha mablag‘larni, oylik maoshlarini ko‘tarish to‘g‘risida ham Prezidentimiz topshiriqlari bo‘ldi. Hozir ming dollardan ortiq maosh olayotgan ustozlarimiz ham bor. Agar ustozlar o‘zi har bir yo‘nalish bo‘yicha talablar deymizmi yoki har bir sohani o‘zini KPIlari bor. Agar toifasi bor bo‘lsa, oyligiga qo‘shimcha mablag‘ qo‘shiladi. Shu bilan birgalikda, uzoq hududlarga borsa, 100% ustama qo‘shiladi. Olimpiadaga o‘quvchilar chiqargan bo‘lsa, unga ham qo‘shimcha ustama oladi. Sertifikatga ham qo‘shimcha ustama berilganiga yildan yilga xalqaro sertifikatlarga ega bo‘lgan ustozlarimiz safi ko‘paymoqda. Bir narsani aytishimiz kerak, vazir jamg‘armasi tizimi 2-yil davomida (oldinlari bo‘lmagan) amal qilmoqda. Ushbu tizimdan imtihonlardan shaffof o‘tgan ustozlarimizga har oylikka 5 mln. qo‘shimcha mablag‘ qo‘shiladi. Bunga hech qanday cheklov qo‘yilmagan. 1000 ta ustoz 2000 ta ustoz olishi kerak, deb. Hozirgi kunda 6000 mingdan ziyod ustozlarimiz ming dollardan ziyod oylik maosh olishmoqda. Shuningdek, 7 mln., 8 mln. olayotgan ustozlarimiz ham bor. Kundan-kunga oyliklarimiz oshib bormoqda. Yana ustozlarimizga qo‘shimcha rag‘bat va ustamalar taqdim qilish bo‘yicha ishlayapmiz. Aytish kerakki, yuqorida 500 ta baholash tizimi va yangi metodikaga o‘tgan maktablarimiz ham butun jamoasi bilan 100% ustama olish imkoniyati yaratildi”, — dedi Hilola Umarova.

Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi vaziyat

Ma’lumot uchun, 2024-yilning birinchi yarmi yakunlaridan kelib chiqib e’lon qilingan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, ta’lim sohasida o‘rtacha ish haqi deyarli 3,5 million so‘mni tashkil qilgan. Bu respublika bo‘yicha o‘rtacha ish haqidan (5,09 million so‘m) ancha past. Qisqa qilib aytganda, sog‘liqni saqlash va ta’lim tizimi vakillari so‘nggi yillarda maoshi eng kam bo‘lib kelayotgan va bu raqamlari eng sekin o‘sayotgan soha xodimlaridir. Shu o‘rinda yana bir savol tug‘iladi, o‘zi Markaziy Osiyo va dunyo mamlakatlarida o‘qituvchilarning maoshi qancha? Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Tojikistonda o‘qituvchilar eng kam maosh oladi. Keyingi o‘rinda Qirg‘iziston. Maktab o‘qituvchilarining eng yuqori maoshi esa O‘zbekistonda. 

Dunyodagi vaziyat qanday?

World of Statisticsning 2023-yildagi tahlillariga ko‘ra, o‘qituvchilar eng ko‘p maosh oladigan davlatlar reytingi quyidagicha: 

1.  Lyuksemburg – 104 845 dollar;

2.  Germaniya – 85 048 dollar;

3.  Niderlandiya –70 899 dollar;

4.  Kanada – 70 331 dollar;

5.  Avstraliya – 68 607 dollar;

6.  AQSH – 63 531 dollar;

7.  Irlandiya – 62 336 dollar;

8.  Daniya – 62 300 dollar;

9.  Janubiy Koreya – 60 184 dollar;

10. Avstriya – 57 637 dollar;

11. Yangi Zelandiya – 52 698 dollar;

12. Norvegiya – 50 677 dollar;

13. Ispaniya – 50 547 dollar;

14. Yaponiya – 49 355 dollar;

15. Shvetsiya – 49 231 dollar;

16. Sloveniya – 48 203 dollar;

17. Finlandiya – 45 771 dollar;

18. Islandiya – 45 371 dollar;

19. Portugaliya – 44 412 dollar;

20. Kolumbiya – 43 073 dollar.

Теги :
Jamiyat