$
 12948.10
17.99
 13502.28
111.86
 121.01
0.07
weather
+26
Кечаси   +14°

Surxondaryoda maktab o‘quvchilari yupun kiyingan holda ko‘prikning ochilish marosimiga jalb qilindi

bolalar

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘quvchilarni sovuq havoda yupun kiyimda tadbirga jalb qilinganligi aks etgan video tarqalganligi yuzasidan Bolalar ombudsmani tomonidan o‘rganildi

Holat bo‘yicha kiritilgan taqdimnoma Madaniyat vaziri tomonidan o‘rganib chiqilgan

Ma’lum bo‘lishicha, 2024-yilning 6-dekabr kuni Surxondaryo viloyati, Denov tumani hududidan o‘tgan avtomobil yo‘li bilan bog‘lovchi, temiryo‘l ustidan o‘tgan ko‘prik foydalanishga topshirilib, ko‘prikning ochilish marosimiga sovuq ob-havoda Denov tumanidagi 14 va 16 - sonli musiqa maktablarining o‘quvchilari (16 nafar qiz hamda 4 nafar o‘g‘il bola) tumanning Madaniyat boshqarmasi topshirig‘iga ko‘ra yengil bayramona kiyimlarni kiygan holda jalb qilingan.

Mazkur holat yuzasidan Bolalar ombudsmani O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga bolalarning sog‘ligini xavf ostiga qo‘ygan mas’ullarga tegishli chora ko‘rish va bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan taqdimnoma kiritdi.

Ushbu taqdimnoma O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan o‘rganib chiqilib, bolalarning sog‘ligini xavf ostiga qo‘yilganligi yuzasidan hududning tegishli mansabdor shaxslariga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanildi.

Shuning bilan birga, vazirlik tasarrufidagi tashkilotlarga yuqorida qayd etilgan qonunbuzilish holatlariga takroran yo‘l qo‘ymaslik, o‘quvchilarni har qanday tadbirlarga asossiz jalb qilishni qat’iyan taqiqlash choralarini ko‘rishga oid ko‘rsatmalar Madaniyat vazirligi tomonidan berildi.

Bu kabi holat birinchi marta sodir bo‘layotgani yo‘q

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil 21-martda Xorazm viloyati Shovot tumanidagi 35-sonli davlat Maktabgacha ta’lim tashkiloti ochilish marosimida yupun kiyingan bolalarning tadbirda ishtirok etayotgani haqida ma’lum qilingan edi.

Viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi tomonidan keltirilgan ma’lumotlariga ko‘ra, 19-mart sanasida Urganchda havo harorati 18−20 daraja atrofida issiq bo‘lgan.

O‘z navbatida, Yandex.uz ob-havo ma’lumotiga ko‘ra, o‘sha kuni Shovot tumanida havo bulutli bo‘lgan. Harorat esa 13 daraja iliq bo‘lishiga qaramasdan 8 darajadek tuyulishi qayd etilgan.

Shuningdek, o‘xshash holat 2022-yilda sodir bo‘lib Shahrisabz shahar hokimi Akrom Sulaymonov va mutasaddilarning qalin kiyimda, ularning oldida turgan o‘quvchi qizlar esa yupun kiyingani aks etgan surat muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Unda o‘quvchi qizlar yupun kiyingan holda hokimiyatning kechki tadbiriga jalb qilingan edi.  

Bu kabi yana ko‘plab holatlar omma ko‘zidan olisda bo‘layotganligi shubhasiz. Lekin har safar o‘xshash voqeadan so‘ng tegishli idora va mas’ul shaxslar ogohlantirilishiga qaramasdan vaziyat o‘zgarishsiz qolmoqda.