$
 12825.01
12.71
 13552.19
19.84
 128.62
0.25
weather
+26
Кечаси   +14°

Osteomiyelit xavfi: Suyak to‘qimalariga qanday hollarda infeksiya tushadi?

suyak

Suyakning yiringli shamollashi haqida eshitganmisiz? Bu patologiya tibbiyotda osteomiyelit deb ataladi. Xastalik infeksiyalarning suyak to‘qimalarini zararlashi bilan kechadi.

Organizmda qanday paydo bo‘ladi?

Osteomiyelitda suyak to‘qimasining barcha elementlari (suyak to‘qimasi —ostit, ko‘migi — miyelit, pardasi — periostit va atrof to‘qimalar) yallig‘lanishi kuzatiladi. Xastalik ko‘pincha odam skeleti g‘ovak suyaklarining bo‘g‘imga yaqin joyida uchraydi. Bunga yiring hosil qiluvchi mikroblar, masalan, stafilokokk, streptokokk sabab bo‘ladi.

Shuningdek, infeksiyalar suyak to‘qimasiga qanday tushadi? Ular organizmning turli nuqtalaridagi yiring o‘chog‘i, masalan, chipqondan, yallig‘langan murtak bezlaridan, yangi tug‘ilgan bolalarda infeksiya tushgan kindikdan qon oqimi bilan kelishi mumkin. Ba’zida yallig‘lanish sil, zaxm kasalliklari oqibatida ham paydo bo‘ladi.

Sovuqda uzoq qolib ketish, operatsiya chog‘ida suyak to‘qimalariga infeksiya tushishi, jarohatlar o‘z vaqtida davolamanmasligi, suyaklar ochiq singanida, ochiq yaralar ifloslanishi bu dardga yo‘liqish ehtimolini oshiradi.

Eng xavfli turi o‘smirlik yoshlarida ro‘y beradi

Xastalikning o‘tkir gematogen osteomiyelit turi odatda 8-17 yoshda ro‘y beradi. U ko‘pincha badan sovqotganda yoki lat yeganda to‘satdan boshlanishi mumkin.

Xastalik chog‘ida bemor junjikib, harorati 39-40 darajagacha ko‘tariladi, pulsi tezlashadi, ko‘z oldi qorong‘ilashib, uxlay olmaydi, alahlaydi. So‘ngra yallig‘langan suyak og‘riydi, ustidagi teri shishib, qizaradi. Yiring yorib chiqqanda esa harorat pasayib, bemorning ahvoli yaxshilanadi.

Osteomiyelit oqibatida suyaklar deformatsiyasi, soxta bo‘g‘imlar hosil bo‘lishi ham amaliyotda kuzatiladi.

Tez-tez qaytalanuvchi kasallik

Xususan, osteomiyelit tez-tez qaytalanuvchi xastalikdir. Bu jarayonda asoratlar odam tanasining butun a’zolariga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Oqibatda bo‘g‘imlar, asab tizimi, qon tomirlari, yurak, buyrak, jigar va boshqa yumshoq to‘qimalarda o‘zgarishlar yuzaga keladi.

Osteomiyelitga uchragan naysimon suyaklarda patalogik sinish, suyak to‘qimasining chirishi, o‘sishdan to‘xtashi kabi holatlar shakllanishi xavfi ham mavjud.

Agar bemor kasallik boshlanganini darhol sezib, vaqtida davolansa, asoratlarsiz sog‘ayib ketadi. Ammo suyak yemirilib, yiring qonga tarqalgan bo‘lsa, sezilarli asoratlar qoladi.