$
 11996.14
-25.47
 14051.08
-41.85
 148.54
-1.9
weather
+26
Кечаси   +14°

Markaziy Osiyodagi kamayayotgan suv zaxirasi: 2026-yilda eng ko‘p suvni kim oladi?

Suv

So‘nggi o‘n yil ichida Markaziy Osiyo 12 foiz suv zaxirasidan ayrilgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha mintaqa dunyodagi eng yuqori suv tanqisligiga uchrayotgan hududlardan biri bo‘lib qolmoqda. Tahlillarga ko‘ra, Markaziy Osiyoda suv tanqisligining asosiy sababi uning nomutanosib taqsimlanishida. Mintaqadagi barcha suv olish hajmining 82 foizi qishloq xo‘jaligi hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ma’lumki, o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlararo suv xo‘jaligi muvofiqlashtiruvchi komissiyasining Ashxobodda bo‘lib o‘tgan 2026-yil bo‘yicha mintaqadagi suv taqsimoti tuzib chiqildi.

Xo‘sh, unga ko‘ra eng ko‘p suvni qaysi davlat oladi? Nega Markaziy Osiyoda suv zaxirasi keskin kamayib bormoqda? Rossiya Sibir suvini mintaqaga beradimi?

Dunyo bo‘ylab chuchuk suv zaxiralarining kamayishi

Oxirgi o‘n yillikda global miqyosda aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan qayta tiklanuvchi suv resurslari miqdori 7 foizga qisqardi. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo bu borada eng zaif hududlardan biri bo‘lib qolmoqda — mintaqada 2015-yildan buyon suv ko‘rsatkichi 12 foizga yomonlashgan.

“Suv stressi”: Muammoning mohiyati nimada?

Ekspertlar suv taqchilligini baholash uchun “suv stressi” ko‘rsatkichidan foydalanadilar. Bu — olinayotgan suv hajmining mavjud tabiiy zaxiralarga nisbatidir. AQUASTAT tahlillari shuni ko‘rsatadiki, gidrologik sikl oqibatida yangilanadigan suv resurslariga bo‘lgan bosim yil sayin ortib bormoqda.

Mintaqadagi vaziyat: Qishloq xo‘jaligining ulkan hissasi

Markaziy Osiyoda suv tanqisligining asosiy omili — suv iste’molining tarkibiy tuzilmasidir. Mintaqadagi jami suv sarfining naqd 82 foizi qishloq xo‘jaligi tarmog‘iga sarflanadi.

2022-yil holatiga ko‘ra mintaqalararo qiyoslov:

  • Shimoliy Afrika: 121% (resurslardan ortig‘i bilan foydalanilmoqda);
  • Janubiy Osiyo: 76,7%;
  • Markaziy Osiyo: 70,2%.

Ijobiy o‘zgarishlar va resurslarni boshqarish

Salbiy tendensiyalarga qaramay, FAO Markaziy Osiyoda suv resurslarini boshqarishda ijobiy burilishlarni qayd etdi. 2015-yilda umumiy suv olish hajmi 123 million metr kubni tashkil etgan bo‘lsa, 2022-yilga kelib bu ko‘rsatkich 9 foizga qisqarib, 112 million metr kubga tushdi. Natijada mintaqadagi umumiy suv stressi darajasi 76,8 foizdan 70,2 foizga pasaygan.

Sibir daryolarini Markaziy Osiyoga burish: Eski loyiha atrofidagi yangi bahslar

Yaqinda Rossiya Fanlar akademiyasi Sibir daryolari suvini Markaziy Osiyo, xususan, Oʻzbekiston hududiga yetkazish bo‘yicha sobiq ittifoq davridan qolgan loyihani zamonaviy sharoitda qayta o‘rganishga kirishdi. Biroq, rossiyalik bir qator taniqli olimlar ushbu tashabbusning amalda tatbiq etilishiga shubha bilan qaramoqda.

Professor Mixail Bolgovning ta’kidlashicha, loyihaning amalga oshmasligiga birinchi navbatda moliyaviy sarmoyalarning yo‘qligi va ekologik oqibatlarning noaniqligi to‘sqinlik qiladi.

“Menimcha, g‘oya yaqin orada hech qayerga siljimaydi, chunki loyihaga sarmoyadorlar yo‘q. Biz texnik hisob-kitoblarni amalga oshirishimiz mumkin, kimga kerak bo‘lsa, sarmoya kiritsin. Qurishimiz ham mumkin, lekin kim to‘laydi va qanday oqibatlar bo‘ladi – iqtisodiy, ekologik va hokazo”, — deydi u.

Loyihaning tarixi va xarajatlari

Mazkur ulkan g‘oya ilk bor XIX asrda ilgari surilgan edi. Keyinchalik, 1970–1980-yillarda Sibir daryolarini Orol dengizi tomon yo‘naltiruvchi yirik kanal qurish rejalashtirilgan, biroq 1986-yilda iqtisodiy va ekologik xatarlar sababli to‘xtatilgan.

Hozirgi muhokamalarda quyidagi texnik ko‘rsatkichlar tilga olinmoqda:

  • Masofa: 2100 km uzunlikdagi quvur liniyasi.
  • Hajm: Yiliga 5,5 kub kilometrdan 70 kub kilometrgacha suv uzatish.
  • Qiymat: Taxminan 100 milliard dollar.
  • Muddat: Birinchi bosqichni ishga tushirish uchun kamida 10 yil.

Ekologik va gidrologik xavotirlar

Olimlar va ekologlar loyihaning tabiatga ta’siridan xavotirda. Sibirning gidrologik muvozanati buzilishi, o‘rmonlar va ekin maydonlarining suv ostida qolishi, baliq zaxiralarining kamayishi hamda mahalliy xalqlarning yashash tarziga yetadigan zarar loyihaning asosiy "minus"lari sifatida ko‘rilmoqda.

Ekspertlar prognozi: “Bu loyiha amalga oshmaydi”

Suv ekologiyasi bo‘yicha ekspert Vladimir Kirillov bugungi geosiyosiy vaziyatda bunday mega-loyihani amalga oshirish imkonsiz ekanini ta’kidlaydi.

“Men realistman va aniq bilamanki, bugungi kunda ushbu mintaqaga aloqador davlatlar kelisha olmaydi. Albatta, hozir Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya hamjihatlikda Ob daryosining xuddi shu oqimini, uning bir qismini qandaydir shunday loyihalar uchun imkoniyatlarini batafsil o‘rganishsa yaxshi bo‘lardi. Ammo bugungi kunda mening taxminim oddiy – bunday loyiha amalga oshmaydi”, — deydi Kirillov.

Muqobil yechim: Suvni tejash texnologiyalari

Mutaxassislarning fikricha, Sibir daryolarini burish kabi qimmat va xavfli loyihalardan ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari ichki resurslarni asrashga e’tibor qaratishlari lozim.

Suv tanqisligini yumshatishning eng samarali yo‘llari sifatida quyidagilar taklif etilmoqda:

  • Sug‘orish tizimlaridagi yo‘qotishlarni kamaytirish;
  • Tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish;
  • Dalalarni lazer yordamida tekislash;
  • Suv sarfini avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimiga o‘tkazish.

2026-yilgi suv taqsimoti: Kim qancha oladi?

13-noyabr kuni Ashxobodda Markaziy Osiyo davlatlararo suv xo‘jaligi muvofiqlashtiruvchi komissiyasi 91-yig‘ilishini o‘tkazdi. Komissiya yig‘ilishida mamlakatlar 2025-2026-yillarda bo‘lajak vegetatsiyalararo davrda suvdan qanday foydalanishni kelishib oldi.

Amudaryo

Amudaryo bo‘yicha yillik umumiy suv olish limiti 55,4 mlrd kub metr miqdorida belgilandi. Shundan qariyb 30 foizi (15,9 mlrd kub metr) vegetatsiyadan tashqari, ya’ni sovuq davrga (oktyabr–aprel) to‘g‘ri keladi.

Davlatlar kesimidagi yillik kvotalar:

  • O‘zbekiston: 22 mlrd kub metr;
  • Turkmaniston: 22 mlrd kub metr;
  • Tojikiston: 9,8 mlrd kub metr.

Daryo oqimining asosiy qismi — 44 mlrd kub metri Turkmanistondagi “Kerki” gidroposti orqali quyi oqimga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.

Orol dengizi va Amudaryo deltasi ekotizimini saqlab qolish uchun jami 4,2 mlrd kub metr suv ajratildi. Shuningdek, suv tanqisligi yuqori bo‘lgan hududlar uchun qo‘shimcha sanitariya-ekologik ruxsatnomalar tasdiqlangan:

  • Xorazm, Qoraqalpog‘iston va Doshhovuz irrigatsiya tizimlari uchun: 800 mln kub metr.

Ushbu chora Orolbo‘yi aholisining yashash sharoitini yaxshilash va suv omborlari ekologiyasini himoya qilishda strategik ahamiyatga ega.

Siradryo

Sirdaryo bo‘yicha vegetatsiya davrida suv olishning umumiy limiti 4,219 mlrd kub metrni tashkil etadi. Qozog‘iston “Do‘stlik” kanali orqali 460 million kub metr, Qirg‘iziston – 47 million, Tojikiston – 365 million kub metr suv oladi, asosiy ulush O‘zbekistonga tegishli – 3,347 milliard kub metr. Ushbu ko‘rsatkichlar kutilayotgan oqimni, suv omborlaridagi zaxiralarni va daryo o‘zanida ekologik oqimni saqlab qolish zaruratini hisobga olgan.

Suv omborlarining ish rejimi va kutilayotgan ko‘rsatkichlar

Komissiya tomonidan mintaqadagi yirik suv omborlarining vegetatsiya davri uchun ish tartibi tasdiqlandi. Asosiy e’tibor Amudaryo va Sirdaryo havzalaridagi suv zaxiralarini samarali taqsimlashga qaratilgan.

Amudaryo havzasi

Ushbu yo‘nalishda suv omborlari asosan sug‘orish va daryo oqimini barqaror ushlab turishga xizmat qiladi:

  • “Norak” (Tojikiston): Mavsum boshida 10,5 mlrd m³ suv jamlanishi, yakunda esa bu ko‘rsatkich 9,7 mlrd m³ ni tashkil etishi kutilmoqda.
  • “Tuyamo‘yin” (O‘zbekiston-Turkmaniston): Mavsumni 4,5 mlrd m³ zaxira bilan boshlab, bahorga qadar hajmni 3,4 mlrd m³ gacha kamaytiradi.

Sirdaryo havzasi

Sirdaryo bo‘yicha zaxiralar o‘rtacha ko‘rsatkichdan biroz pastroq:

  • “To‘xtag‘ul”, “Andijon” va “Chorvoq”: Vegetatsiya davri boshida ushbu uchta omborda jami 10,6 mlrd m³ suv bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
  • “Bahri Tojik” (Tojikiston): 2,6 mlrd m³.
  • “Chordara” (Qozog‘iston): 1,65 mlrd m³.

Umumiy holat

Qish mavsumi boshida Sirdaryo havzasidagi suv omborlarida jami 14,9 mlrd m³ suv to‘planishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich ko‘p yillik o‘rtacha me’yorning taxminan 90 foizini tashkil etadi.

Теги :
Jamiyat
Iqtisodiyot
Siyosat