$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Toshkentda mayda bezorilik qilgan Isroil fuqarosi qamaldi

Kishan

 

Sud uni poytaxtdagi mehmonxonalardan birida kechasi baland ovozda musiqa qoʻygani uchun 15 sutka qamoq jazosiga hukm qildi.

Toshkent shahridagi mehmonxonada kechasi baland ovozda musiqa qoʻyib, atrofdagilarning tinchini buzgan chet el fuqarosi maʼmuriy jazoga tortildi.

Mast Isroil fuqarosi qoʻshnilarning tinchini buzdi

Sud hujjatida keltirilishicha, 2024-yil 16-aprel kuni soat 22:30 da Malika mehmonxonasi xodimi F.Aliyev Toshkent shahar IIBB ishonch telefoniga qoʻngʻiroq qilib, mijoz Aleksander Xaustav fuqarolar tinchini buzayotganini maʼlum qilgan. U arizasida mijoz kechasi baland ovozda musiqa qoʻygani, shuningdek, mast holatda mehmonxonaga peshob qilganini bildirgan.

IIO xodimlarining qonuniy talabini bajarmagan

Holat yuzasidan voqea joyiga IIO xodimlari yetib kelgan hamda Aleksander Xaustavni IIB boʻlimiga taklif qilishgan. Ammo u IIB boʻlimiga borishdan bosh tortib, ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talabini bajarmagan.

Ayblanuvchi mehmonxonaga yetkazilgan zararni qoplab berishini aytgan

Sud majlisida soʻralgan huquqbuzar mijoz aybiga iqror boʻlgan. U oʻsha kuni uyida spirtli ichimlik isteʼmol qilgani, Oʻzbekistonga pasxa bayrami munosabati bilan ota-onasi qabrtoshlarini yangilash uchun kelgani, mehmonxonaga yetgan zararlarni qoplab berishi, qilgan ishidan pushaymonligini aytgan. Mehmonxona xodimi esa Aleksander Xaustav musiqani baland qoʻyib mehmonlar tinchini buzgani, sigaret chekishi natijasida mehmonxonaga zarar yetkazganini maʼlum qilib, unga qonuniy chora koʻrishni soʻragan.

Huquqbuzarga 15 sutka maʼmuriy qamoq

Sud qarori bilan Aleksander Xaustav Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183-moddasi (Mayda bezorilik), 192-moddasi (Maishiy shovqinga qarshi kurash talablarini buzish) va 194-moddasining 1-qismida (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) koʻrsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.