$
 12129.01
37.79
 13968.98
124.53
 147.99
-1.17
weather
+26
Кечаси   +14°

Pul siyosatida pauza: nega Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgarishsiz qoldirdi?

O‘zbekiston Markaziy banki 2026-yil 18-mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda asosiy foiz stavkasini yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirishga qaror qildi. Bu qaror mamlakatdagi joriy inflyatsion vaziyat va iqtisodiy faollikni hisobga olgan holda qabul qilindi. Narxlar hali to‘liq barqarorlashmagan bo‘lsa-da, iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atlari saqlanib qolmoqda. Shu sababli, regulyator keskin o‘zgarishlarga qo‘l urmasdan, mavjud holatni saqlab turishni ma’qul ko‘rdi.

Xo‘sh, stavkaning o‘zgarishsiz qolishi nimani anglatadi va mutaxassislar bu borada qanday fikrda?

Nega asosiy stavka pasaytirilmadi?

Bundan roppa-rosa bir yil avval Markaziy bank asosiy stavkani 0,5 foizga oshirib, yillik 14 foizga yetkazgan edi. O‘shandan buyon ushbu ko‘rsatkich o‘zgarmay kelmoqda. Bu galgi qarorning asosiy sababi shundaki, inflyatsiya kutilganidek barqaror pasayish trendini namoyish etmayapti.

Aksincha, bazaviy inflyatsiya biroz oshgan. Oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘sishi esa aholi o‘rtasida inflyatsion kutilmalarning yuqori darajada saqlanib qolishiga olib kelmoqda. Iqtisodiyotda iste'mol talabi ham yuqoriligicha qolyapti. Buni chakana va ulgurji savdo hajmlarining tez o‘sishida, ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimlarining rekord darajaga chiqishida va byudjet xarajatlarining kengayishida ko‘rish mumkin.

Bundan tashqari, geosiyosiy keskinliklarning ortishi global bozorlarda narxlar oshish xavfini yuzaga keltirib, ichki inflyatsiyaga ham qo‘shimcha bosim o‘tkazishi mumkin. Ushbu xavf-xatarlar inobatga olinib, stavkani pasaytirish keyinga qoldirildi. Markaziy bankning navbatdagi yig‘ilishi 2026-yil 29-aprel kuni bo‘lib o‘tadi.

Asosiy stavka oʻzi nima va u qanday ishlaydi?

Asosiy stavka — bu Markaziy bank tomonidan tijorat banklariga beriladigan qisqa muddatli kreditlar uchun belgilangan foiz stavkasi bo‘lib, u pul-kredit siyosatining eng muhim vositasi hisoblanadi. Banklararo pul bozoridagi foiz stavkalari bevosita shu ko'rsatkichga bog‘liq. Shu tariqa, u butun moliya tizimidagi foiz darajalarini (kredit va omonat foizlarini) belgilashda kalit rol o‘ynaydi.

Markaziy bank boshqaruvi joriy va kutilayotgan inflyatsiya darajasi, iqtisodiy o‘sish sur’atlari hamda makroiqtisodiy vaziyatdan kelib chiqib, odatda, inflyatsiya tezlashsa stavkani oshiradi, pasaysa — tushiradi.

 Agar stavka ko‘tarilsa: Kreditlar qimmatlashadi, chunki banklar Markaziy bankdan pulni qimmatroq oladi. Odamlar uchun uy-joy yoki avtomobil olish qiyinlashadi, biznes yangi loyihalarni kechiktiradi. Lekin buning ijobiy tarafi ham bor: iqtisodiyotda pul aylanishi sekinlashishi hisobiga narxlar bosimi pasayadi, oziq-ovqat va xizmatlar qimmatlashishdan to'xtaydi, milliy valyuta qadri mustahkamlanadi. (Ma’lumot uchun: O‘zbekiston tarixida eng yuqori asosiy stavka 1994-yilda qayd etilgan — 300 foiz.)

Agar stavka tushirilsa: Banklar uchun ham, oddiy aholi uchun ham kredit olish arzonlashadi va osonlashadi. Iqtisodiyotda harakat kuchayib, yangi ish o‘rinlari yaratiladi va investitsiyalar ko‘payadi. Biroq pul massasining ko‘payishi nazorat qilinmasa, inflyatsiya tezlashib, mahsulotlar qimmatlashadi va milliy valyuta qadrsizlanishi mumkin. (Eng past stavka 2015-yilda kuzatilgan — 9 foiz.)

Ekspertlar nima deydi?

Mustaqil iqtisodchilar ham Markaziy bank qarorini mantiqiy va kutilgan qadam deb baholashmoqda.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning ta’kidlashicha, qarorga ichki ko‘rsatkichlardan tashqari Yaqin Sharqdagi geosiyosiy vaziyat kuchli ta’sir ko‘rsatgan. Uning tahliliga ko‘ra, monetar sharoitlar hali ham “qattiqligicha” qolmoqda, inflyatsion kutilmalar va stavka o‘rtasidagi tafovut esa oshgan.

—   Yaqin Sharqdagi vaziyat yanvar oyiga nisbatan keskin farq qiladi. Hozir davlatlar ochiq urush holatida, bu esa o‘z navbatida neft narxining qimmatlashiga hamda taklif zanjiridagi uzilishlarga sabab bo‘lmoqda. Hozirgi urushning davom etishi fonida neft narxining yuqori saqlanib qolishi dunyo iqtisodiy o‘sishini 0,3-0,4 foiz bandga sekinlashtirishi, inflyatsiyani esa 0,6 foiz bandgacha tezlashtirishi mumkin, — deydi Xolboyev.

Ekspert agar joriy keskin vaziyat bo‘lmaganida, ehtimol asosiy stavkani pasaytirish mumkin bo‘lishini taxmin qildi. Ammo hozir sanoat (7,8%) va chakana savdo (14,7%) yuqori sur’atda o‘smoqda, inflyatsion kutilmalar esa umumiy inflyatsiyadan qariyb 4 foizga yuqori. Stavka pasaytirilsa, bu kutilmalar yanada oshib ketishi xavfi bor.
Iqtisodchi Otabek Bakirov ham hozircha pul-kredit siyosatini yumshatish uchun sharoit yetarli emasligini ta’kidladi. Uning aytishicha, Erondagi vaziyat, logistik muammolar va neft narxining oshishi kabi tashqi omillar ancha murakkablashgan. Qolaversa, yaqin oylarda energetika tariflarining oshishi kutilayotgani ham vaziyatni yanada noaniq qiladi.
—   Hozir eng to‘g‘ri yo‘l — shoshilmasdan vaziyatni kuzatib borish. Yil davomida tashqi omillarga iqtisodiyot qanday moslashishi aniq bo‘lgach, keyin stavkani pasaytirish haqida o‘ylash mumkin. Ammo hozircha bunday qadamning vaqti emas.