$
 12091.22
9.59
 13844.45
7.36
 149.16
-1.28
weather
+26
Кечаси   +14°

Oʻzbekistonliklarning 77 foizi ayollar kamroq ishlab, ko‘proq uy yumushlari bilan band boʻlishi kerak deb hisoblaydi

Gender tenglik

O‘zbekistondagi gender rollariga oid ijtimoiy qarashlar tenglik yo‘lida hamon jiddiy to‘siq bo‘lib qolmoqda: mamlakat aholisining 77 foizi ayollar kamroq ishlashi va ko‘proq vaqtini uy yumushlariga bag‘ishlashi kerak, deb hisoblaydi. Ushbu raqamlar 6-mart kuni bo‘lib o‘tgan Women in Power forumida “BMT-ayollar” (UN Women) tuzilmasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Zelixa Unaldi tomonidan taqdim etildi.

Ayollar kamroq ish haqi olishi kerak

Ma’lumotlarga ko‘ra, respondentlarning 34 foizi “oiladagi muvozanatni saqlash” uchun ayollar kamroq ish haqi olishi kerakligiga ishonadi.

Ayollar o‘rtasidagi hozirgi bandlik darajasi erkaklarnikiga qaraganda sezilarli darajada past, ayniqsa, yosh va o‘rta yoshdagilar orasida bu farq yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, 25−34 yoshli ayollarning 56 foizi ishlaydi, vaholanki, shu yoshdagi erkaklar orasida bu ko‘rsatkich 93 foizni tashkil etadi. Ayollar ish bilan band bo‘lmasligining asosiy sababi — haq to‘lanmaydigan uy mehnati va oila a’zolariga g‘amxo‘rlik qilishdir. Erkaklar esa ko‘pincha o‘qish, kasallik yoki ish qidirish jarayonida bo‘lganliklari sababli ishlamaydi.

Zelixa Unaldining so‘zlariga ko‘ra, xalqaro tashkilotlar, biznes va fuqarolik jamiyatining tizimli tashabbuslari, shuningdek, ayollarni qo‘llab-quvvatlash va ularning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan mahalliy loyihalar tenglikka erishishni tezlashtirishi mumkin.

Toʻsiqlar 

Forumda ayollarning kasbiy muhitda duch keladigan to‘siqlari bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotning dastlabki natijalari ham taqdim etildi.

Tahlil yettita tizimli cheklovni aniqladi:

kasb tanlashda texnik mutaxassisliklarga kirishni cheklovchi gender stereotiplari;

ishga qabul qilishdagi diskriminatsiya, shu jumladan, oila haqidagi savollar;

ishlab chiqarish obyektlaridagi infratuzilmaviy cheklovlar;

onalik — kareradagi uzilishning kritik nuqtasi sifatida;

korporativ muhitda kompetentlikni doimiy ravishda isbotlash zarurati;

harassment (shilqimlik) xavfi va shikoyat qilishning samarali mexanizmlari yo‘qligi;

ish haqi va karerada ko‘tarilishning shaffof emasligi.

Tadqiqot yakunlari bo‘yicha ayollarni ishga qabul qilish va ularni rahbarlik lavozimlariga ko‘tarishga qaratilgan “karyera liftlari” tizimini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Теги :
Jamiyat