$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda elektr, benzin ishlab chiqarish kamayib, ko‘mir qazib olish ko‘paymoqda

statistika

2024-yil sentyabrida O‘zbekistonning yirik korxonalarida gaz qazib olish hajmi 3,55 mlrd. kub metrgacha kamaydi. Bu prezident huzuridagi Statistika agentligining sanoat ishlab chiqarishi to‘g‘risidagi hisobotida aytilgan. Ko‘rsatkich 2023-yil sentyabr oyiga (3,77 mlrd.) nisbatan 5,8 foizga (220,5 mln. kub metrga), 2022-yil sentyabr oyiga (4,2 mlrd.) nisbatan 15,4 foizga kam hisoblanadi.

To‘qqiz oyda 33,5 mlrd. kub metr gaz qazib olindi

Yanvar—sentyabr oylarida qazib olish hajmi 33,5 mlrd. kub metrga yetdi, bu 2023-yilning mos davriga nisbatan 4,8 foizga yoki 1,68 mlrd kub. metrga kam sanaladi. Gaz qazib olish hajmining kamayishi bir necha yillardan buyon davom etib kelmoqda. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda elektr energiyasining 70−80 foizi gaz yoqish hisobiga ishlab chiqariladi.

Elektr energiyasi ishlab chiqarish

Statistika agentligi elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha statistik ma’lumotlarni yirik va kichik korxonalar kesimida e’lon qilishni boshladi. Yilning dastlabki to‘qqiz oyida jami ishlab chiqarish 4,3 foizga o‘sdi — 57,8 mlrd.dan 60,3 mlrd kVt/soatgacha.

Aksariyati gaz (shuningdek, ko‘mir)da ishlaydigan yirik energiya ta’minoti korxonalarida va va gidroelektrostansiyalarda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi sentyabr oyida 4,69 mlrd. kVt/soatgacha, ya’ni 2023-yilning sentyabr oyiga (5,18 mlrd) nisbatan 486,8 mln. kVt/soatga (-9,4 foizga) kamaygan.

Yanvar—sentabr oylarida ishlab chiqarish hajmi 53,3 mlrd. kVt/soatgacha kamaygan, bu 2023-yilning mos davridagidan 6,3 foizga yoki 3,6 mlrd. kVt/soatga kam hisoblanadi.

Yo‘qotishlar quyosh va shamol elektr stansiyalari ishlab chiqarayotgan elektr energiyasi hisobiga qoplanmoqda (ularning ishlab chiqarishdagi ulushi 11,5 foizgacha o‘sdi) — 6,97 mlrd. kVt/soat.

Qancha neft qazib olindi?

Oylik neft qazib olish hajmi 57,1 ming tonnagacha (-11,1 foiz yoki 2023-yil mos davriga nisbatan 7 100 tonna kamroq) kamaydi. Bu 56,5 ming tonna neft qazib olingan 2022-yil fevralidan buyon minimal ko‘rsatkich hisoblanadi. To‘qqiz oyda mahsulot hajmi 542,2 ming tonnagacha kamaygan (2023-yilning mos davriga nisbatan -7,2 foiz yoki 42,3 ming tonnaga kam).

Yonilg‘ilar bo‘yicha holat

Sentyabr oyida 99,2 ming tonna avtomobil benzini ishlab chiqarildi, bu 2023-yil sentyabr oyiga (113,8 ming) nisbatan 11,1 foizga yoki 14,6 ming tonnaga kam. To‘qqiz oylik taqqoslash bo‘yicha ham pasayish boshlandi — 995,2 ming tonna (-1 foiz).

O‘tgan oyda dizel yonilg‘isi ishlab chiqarish 76,2 ming tonnadan 72 ming tonnagacha qisqardi (o‘tgan yilning sentabriga nisbatan -5,5 foiz yoki 4200 tonnaga kamroq). Biroq, 2023-yilning yanvar—sentyabr oylari bilan solishtirganda (yilning mos davriga nisbatan) 0,2 foizlik o‘sish saqlanib qolmoqda — 777,8 ming tonna.

Ko‘mir qazib olish ko‘paydi

Ko‘mir qazib olish bo‘yicha oylik hajm rekordlarni yangilashda davom etmoqda — 954,9 ming tonna (+269,3 ming tonna), bu o‘tgan yilning sentabr oyidagi hajmdan 39,3 foizga ko‘proq. Yil boshidan buyon ishlab chiqarish hajmi 19,4 foizga oshib, 5,3 mln tonnani tashkil etdi.

Теги :
Jamiyat