$
 12948.10
-9.04
 14696.09
-6.38
 156.93
0.37
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

Yangi qurilayotgan quyosh elektr stansiyalarida kambag‘al oila a’zolari ishga jalb qilinadi

stansiya

Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta’minlash va yangi yondashuvlar asosida kambag‘allikni qisqartirishga oid chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar qilmoqda.

Kichik biznes loyihalari uchun 120 trillion so‘m kredit ajratiladi

Taqdimotda ta’kidlanishicha, 5 million 200 ming fuqaroning bandligini ta’minlash va 1,5 million aholini kambag‘allikdan chiqarish maqsad qilingan. Birinchi marta 60 ta tuman va shahar kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirilishi qayd etildi.

Mahalla bankirlari bilan birga 1,5 million aholi doimiy ishga joylashtirilib, 2 milliondan ziyod odam biznesga jalb qilinadi. Shu maqsadda bu yil kichik biznes loyihalariga jami 120 trillion so‘m kredit ajratiladi.

Tijorat markazlariga kambag‘al oila vakillari ishga olinadi

Xususan, xorijiy tajriba asosida 32 ta yo‘nalishda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yangi yondashuvlar yo‘lga qo‘yiladi. Misol uchun, 300 ta og‘ir mahallada umumiy quvvati 107 megavatt bo‘lgan quyosh elektr stansiyalari ishga tushiriladi. Ularga kambag‘al oilalar a’zolari kooperatsiya asosida ishga olinadi.

123 ta tumanda kambag‘al aholi 20 ming gektar o‘rmon va ko‘chatzor barpo etish hamda dorivor o‘simliklar yetishtirishga jalb etiladi. Ular ekkan har 100 ta daraxt uchun 375 ming so‘m subsidiya to‘lanadi.

Shuningdek, turizm salohiyati bor joylarda mehmon uylari va oshxonalar, muayyan pochta bo‘limlarida elektron tijorat markazlari ochilib, kambag‘al oila vakillari ishga olinadi. Umuman, 2025-yilda 6 ming 472 ta mahallada yangi yondashuvlar asosida loyihalar amalga oshirilib, 210 ming nafar aholi kambag‘allikdan chiqariladi.

“Mahalla yettiligi” uchun o‘quvlar tashkil etish ko‘zda tutilmoqda

Chekka hududlardagi, og‘ir toifadagi qishloqlarga alohida e’tibor qaratilishi aytildi. O‘zbekiston mahallalari uyushmasi ularga ishchanlik ruhini olib kirib, boqimandalikni kamaytirishga, kambag‘al oilalar mehnatini qo‘llab-quvvatlashga mas’ul bo‘lishi belgilandi.

Mahalliy hokimlik xodimlari va “mahalla yettiligi” uchun o‘quvlar tashkil etish, yaxshi tajribalarni targ‘ib qilish muhimligi aytildi.