$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

O‘zbekistonda meva va sabzovotlarning katta qismi yo‘qotilmoqda

olma

Bugungi kunda O‘zbekistonda har yili 22 million tonnadan ortiq meva va sabzavotlar, jumladan, sabzavotlar (51,3 foiz), kartoshka (15,8 foiz), mevalar (13,8 foiz), poliz mahsulotlari (11,3 foiz), uzum (7,7 foiz) ishlab chiqarilmoqda. Ayrim turdagi mahsulotlarni qayta ishlash darajasi ishlab chiqarishning 13-14 foizidan oshmaydi. Ekspertlarning fikriga ko‘ra, yo‘qotishlar 20-30 foizni tashkil etadi. Meva-sabzavotchilik bilan 5,4 millionta dehqon va shaxsiy yordamchi xo‘jaliklari band. Ular birgalikda meva-sabzavotchilik mahsulotlarining 57,3 foizini ishlab chiqaradi.

Meva va sabzavot mahsulotlari yo‘qotilishini kamaytirish ularga qo‘shimcha 1,2-1,7 milliard AQSh dollari (2023-yil narxlarida) miqdorida foyda olib kelishi mumkin. Bu 2023-yilda aholining kambag‘allik darajasi 11,0 foiz deb baholangan mamlakatda ushbu ko‘rsatkichni kamaytirishda yordam bergan bo‘lardi. Bu Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutining navbatdagi tadqiqotida o‘z isbotini topgan.

Respublikada nechta sovitish ombori bor?

Shunday qilib, so‘nggi 5 yil ichida meva va sabzavotlarni yetishtirish sanoatidagi yillik o‘sish o‘rtacha 3,7 foizni tashkil etgani inobatga olinsa, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash masalasi yildan yilga dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib bormoqda. 

2024-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, respublikada umumiy quvvati 1 003,2 ming tonna bo‘lgan 1 907 ta sovitish ombori faoliyat yuritgan. Sovitish omborlarining umumiy quvvati eng katta bo‘lgan hududlar orasida quyidagilarni ajratib ko‘rsatish mumkin: Farg‘ona (161,9 ming tonna yoki umumrespublika quvvatining 16,1 foizi), Toshkent (130,5 ming tonna yoki 13,0 foizi), Samarqand (102,6 ming tonna yoki 10,2 foizi) va Andijon (100,4 ming tonna yoki 10,0 foizi) viloyatlari.

Umuman respublika bo‘yicha bitta sovitish omborining o‘rtacha hajmi 526,1 tonnani tashkil etadi. Viloyatlar bo‘yicha bitta sovitish omborining eng katta o‘rtacha hajmi Toshkent (841,8 tonna) va Namangan (788,3 tonna) viloyatlarida kuzatilmoqda.

O‘rtacha hajmi eng kichik bo‘lgan sovitish omborlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi (264,9 tonna) va Andijon (306,1 tonna) viloyatlarida joylashgan.

Sovitish omborlarining quvvati talab darajada emas

Respublika bo‘yicha sovitish omborlarining quvvati yalpi yillik meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarishning o‘rtacha 4,5 foizini qoplaydi. Eng yuqori qamrov darajasi Toshkent (7,1 foiz), Qashqadaryo (6,8 foiz), Farg‘ona (6,6 foiz), Xorazm (5,3 foiz), Namangan (5,0 foiz) va Jizzax (5,0 foiz) viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Eng past qamrov ko‘rsatkichlari Sirdaryo (2,0 foiz), Samarqand (2,9 foiz), Buxoro (3,0 foiz), Andijon (3,1 foiz), Navoiy (3,9 foiz), Surxondaryo (4,4 foiz) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (2,8 foiz) kuzatilmoqda.

Bir qator mutaxassislarning ta’kidlashicha, saqlash quvvatlari eng yaxshi holatda mamlakat eksport salohiyatining kamida 75 foizini qoplashi kerak.

O‘zbekiston 2023-yilda 1 757,7 ming tonna meva-sabzavot mahsulotlari eksport qildi. Bundan kelib chiqadiki, 2023-yilda respublikada sovitish omborlarining quvvati 1 318,3 ming tonna bo‘lishi kerak edi. Ya’ni, 2023-yil uchun quvvat yetishmasligi 315,1 ming tonnani tashkil etdi. Demak, quvvatni 31,4 foizga oshirish zarur. Kelajakda davlat strategiyalari doirasida rejalashtirilgan meva-sabzavot mahsulotlari eksportining sezilarli o‘sishi tufayli sovitish quvvatining yetishmasligi yanada keskin bo‘lishi mumkin.

Nima qilish kerak?

Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun quyidagi chora-tadbirlarni ko‘rish zarur:

  1. Sovitish omborlarining quvvatini oshirishda muammolarni aniqlash uchun hududlardagi vaziyatni o‘rganish;
  2. Sovitish omborlariga bo‘lgan ehtiyojni ularning hajmi, turlari va boshqalarni hisobga olgan holda aniqlash uchun qishloq xo'jaligi ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazish;
  3. O‘zbekistonning sovitish uskunalari bilan ta’minlanishi bo‘yicha eng qoloq hududlari foydasiga qo‘llab-quvvatlash ahamiyatini hisobga olgan holda, yangi sovitish quvvatlarini tashkil etishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning alohida dasturini ishlab chiqish.
  4. Meva va sabzavotlarni saqlash, shokli muzlatish va qayta ishlash loyihalari uchun sovitish omborlarini joylashtirishni ko‘rsatadigan transport yo‘nalishlarining raqamli xaritasini yaratish va ochiq foydalanish uchun joylashtirish.
  5. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarida yengil konstruksiyalardan sovitish omborlarni joylashtirish huquqini berish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish.

Shuningdek, yangi sovitish omborlarini qurish uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashda shu faktni e’tiborga olish kerakki, 500 tonna va undan ortiq quvvatga ega sovitish uskunalari asosan yirik korxonalar va katta miqdorda to‘plash mumkin bo‘lgan mahsulotlarni saqlash uchun mos keladi. Gilos kabi tez buziladigan mahsulotlar uchun kichik sig‘imli muzlatkichlar talab qilinadi.

Ko‘chma konteyner-muzlatkichlar

Shuningdek, hosilni saqlash uchun ko‘chma konteyner-muzlatkichlarga ham e’tibor qaratish kerak. Bunday muzlatkichning asosiy afzalliklari:

  • infratuzilma xarajatlarini talab qilmaydi;
  • ixcham va ko‘chma;
  • harorat tartibi ma’lum bir mahsulotga moslashtiriladi.

Ko‘chma muzlatkichdan ularni ishlab chiqaruvchilar orasida bir joydan ikkinchi joyga olib o‘tgan holda butun meva va rezavorlar mavsumida foydalanish mumkin.

Yangi sovitish quvvatlarini tashkil etishni rag‘batlantirish respublikada hosil yo‘qotilishini kamaytiradi va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga mavsumdan tashqari davrda ham mahsulot sotib, qo‘shimcha 1,2-1,7 milliard AQSh dollari (2023-yil narxlarida) miqdorida foyda olib kelishi mumkin.

Ma’lumot uchun: Sovitish kameralarining asosiy maqsadi – hosilni juda muzlatmasdan vaqtincha saqlash. Bu holda yo‘qotishlar minimallashtiriladi. Bu sabzavot va mevalarning tovar ko‘rinishi va ta’mini saqlab qolishning juda samarali usuli.

 

Теги :
Jamiyat