$
 11940.70
-69.22
 13839.27
-94.64
 147.40
-0.4
weather
+26
Кечаси   +14°

Qoraqalpog‘istonda aholisini zudlik bilan ko‘chirish kerak bo‘lgan hududlar bor

Qoraqalpog

Qoraqalpog‘iston — O‘zbekistonning eng katta hududlaridan biri, aholisi 2 milliondan oshadi. Mintaqa demografik jihatdan yosh: aholining yarmiga yaqini 30 yoshdan kichik. Shunga qaramay, iqtisodiy o‘sish sur’atlari respublika o‘rtacha ko‘rsatkichlaridan pastroq. Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi taqdim etgan hisobotga ko‘ra, hududdagi asosiy tarmoqlar — kimyo sanoati, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, biroq ular iqtisodiy bosimni to‘liq yengillashtira olmayapti.

Kambag‘allik chuqurlashmoqda, ayniqsa qishloqlarda

Qoraqalpog‘iston Respublika bo‘yicha qishloq joylarda kambag‘allik darajasi eng yuqori hudud bo‘lib, bu iqtisodiy imkoniyatlarning cheklanganligi, ish o‘rinlarining yetishmasligi va ekologik muammolarning ta’siri bilan bog‘liq. Ayniqsa past daromadli qatlamni ijtimoiy nafaqalar bilan qamrab olish darajasi 2025-yilda so‘nggi 5 yillikdagi eng past darajaga tushgan.Bu esa ijtimoiy xavfsizlik tizimini zaiflashtirmoqda.

Orol fojiasi — hudud hayotini izdan chiqargan omil

Mintaqaning eng og‘riqli muammosi — Orol dengizi qurishi oqibatlari. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari hududning ekologik ahvolini yaqqol ko‘rsatadi:

  • harorat anomaliyasi kuchaygan;
  • shamol bilan ko‘tariladigan sho‘r chang miqdori oshgan;
  • o‘simlik qoplami keskin kamaygan.

Chimboy tumanidago Shegara terek kabi ovullarda suv tanqisligi, tuproq degradatsiyasi va yashash sharoitining og‘irligi kundalik hayotga bevosita ta’sir ko‘rsatmoqda.

Migratsiya: Ekologik bosim insonlarni ko‘chishga majbur qilmoqda

Qoraqalpog‘iston Respublikasi ko‘chib ketish darajasi bo‘yicha respublikada yetakchi hududlardan biri. Qoraqalpog‘istondagi migratsiya darajasi mamlakatning boshqa hududlariga nisbatan yuqori bo‘lib kelgan. So‘nggi yillarda migratsiya darajasi kamayib, O‘zbekistondagi o‘rtacha ko‘rsatkichga yaqinlashayotgan bo‘lsa-da, hududda iqlim o‘zgarishi va atrof-muhitning yomonlashuvi natijasida aholi ko‘chishi davom etmoqda. Iqlim o‘zgarishining tabiiy ofat sifatida namoyon bo‘layotgan shakllardan biri termitlarning uy-joylarga hujumi, bu hududda yashovchi aholi uchun jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda.

Aholi zichligi janubga to‘plangan

Aholining asosiy qismi Amudaryoga yaqin janubiy hududlarda hamda Nukus shahri atroflarida yashaydi.

Tungi yorug‘lik xaritalari iqtisodiy faollik aynan mana shu hududlarda yuqori ekanini ko‘rsatmoqda. Tez o‘sayotgan punktlar atrofida yangi infratuzilma va iqtisodiy markazlarni yaratish mintaqa rivojlanishining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi mumkin.

Suv tanqisligi: Qishloq xo‘jaligiga jiddiy zarba

Qoraqalpog‘iston yer maydonining atigi 4 foizi ekin uchun yaroqli.

2011–2024 yillar davomida ushbu maydon yanada qisqargan. Bu esa:

  • suv taqchilligi,
  • tuproqning sho‘rlanishi,
  • iqlim o‘zgarishiga moslasha olmaslik

kabi omillar bilan bog‘liq.

Iqlimdan eng ko‘p zarar ko‘rayotgan hududlar — “qizil zona”

Sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari asosida ishlab chiqilgan maxsus indeksga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonning shimoliy va g‘arbiy hududlari eng noqulay iqlim sharoitiga ega mintaqalardir.

Bu hududlarda qurg‘oqchilik, shamol eroziyasi, haroratning keskin o‘zgarishi kuchli kechmoqda.

Aholi fikri: Ko‘chishga tayyormiz, ammo imkonimiz yo‘q

Noqulay iqlim sharoitidagi aholi uchun ko‘chish ijtimoiy himoya mexanizmi sifatida samarali bo‘lishi mumkin. Bunday dasturning samarali tashkil qilinishini zarur ma’lumotlarni to‘plash, hamda aholining bu boradagi fikrini o‘rganish uchun fokus guruh muhokamalari o‘tkazildi. Quyida ushbu muhokamalardan olingan asosiy xulosalar keltirilgan:

  • Termit qattiq zararlangan hududlarda aholi yoppasiga ko‘chishga rozi; asosiy muammo moliyaviy mablag‘ yo‘qligi.
  • Uzoq va noqulay iqlim sharoitidagi hududlarda hozir yashayotgan aholi nisbatan daromadi past aholi.
  • Uzoq hududlarda yashovchi aholining daromadi juda o‘zgaruvchan va daromad topishda mavhumlik yuqori. Aholining ko‘pchiligi migrantlar; oilalar daromadi migrantlar yuboradigan pulga bog‘liq.
  • Uzoq hududlarda hozirgi kunda asosiy e’tirof etiladigan muammo: maktab ta’limidan qoniqmaslik va shahar markaziga muntazam transportning kamligi hamda nisbatan qimmatligi. 

Ko‘chirish — mintaqa uchun yangi ijtimoiy himoya strategiyasi bo‘lishi mumkin

Orol dengizidagi ekologik holatni hisobga olib, noqulay iqlim sharoitiga ega 30 ta aholi yashash punkti uchun ko‘chish imkoniyatlarini yaratish zarur. Ko‘chirish bo‘yicha chora-tadbirlarni 3 guruhga bo‘lish kerakligi ta’kidlanmoqda.

Zudlik bilan 2025–2026 qish mavsumida yordam ko‘rsatishga oid chora-tadbirlar:

  • Konteyner uylar bilan ta’minlash;
  • Qish mavsumida yashash uchun joy bilan ta’minlashga tender e’lon qilish (mehmonxonalar yoki vaqtinchalik bo‘sh yashash maydoniga ega qurilish kompaniyalari ishtirok etishi mumkin);
  • Uy-joy qiymatidan kelib chiqib kompensatsiyalar (Xo‘jayli tumanida qo‘llangan).

O‘rta muddatga mo‘ljallangan chora-tadbirlar:

  • Nisbatan tez o‘sayotgan sanoat korxonalari qurilishi rejalashtirilayotgan hududlarda ijtimoiy uylar sonini ko‘paytirish.
  • Noqulay iqlim sharoiti tufayli nisbatan uzoq aholi punktlarida yashaydigan hamda “Kambag‘allik reyestri” dagi aholi uchun shahar hududlarida ijtimoiy uylarda yashash imkoniyatini yaratish.
  • Ijtimoiy uylar sonidan kelib chiqib ijtimoiy uylarda yashash muddatini 1 yildan 5 yilgacha belgilash.

Uzoq muddatga mo‘ljallangan chora-tadbirlar:

  • Yarim-ko‘chmanchi (mavsumiy) hayot tarziga o‘tish uchun infratuzilma yaratish.
  • Yoz mavsumi uchun konteyner uylar bilan ta’minlash.
  • Shahar hududida uy xaridi / qurilishi uchun subsidiya mexanizmlari.
  • 68 va undan yuqori ball to‘plagan oliy ta’lim muassasasiga (OTM) topshiruvchilar uchun o‘qishga qabulda imtiyoz.
  • Kirish imtihonlarida qo‘shimcha imtiyoz mexanizmlari.
  • Oylik stipendiya dasturini joriy etish.
  • Boshqa hududga ko‘chib o‘tgan oilalarning mehnatga layoqatli a’zolari uchun qayta tayyorlov kurslariga vaucherlar.  
Теги :
Jamiyat
Siyosat