$
 11996.14
-25.47
 14051.08
-41.85
 148.54
-1.9
weather
+26
Кечаси   +14°

2026-yilda qaysi soliq stavkalari oshiriladi?

soliq

Kelasi yilda Oʻzbekistonda qator soliq stavkalarida oʻzgarishlar boʻladi, ayrim mahsulotlarga yangi soliqlar joriy etiladi. Bu haqda 18-dekabr kuni oʻtgan Senat majlisida bosh vazir oʻrinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qoʻchqorov maʼlum qildi.

Asosiy soliq turlari

Jamshid Qoʻchqorovning aytishicha, kelasi yili mamlakatda asosiy turdagi soliqlar stavkalari oʻzgarmaydi.

“2026-yilda foyda soligʻining bazaviy stavkasi 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi 12 foiz, ijtimoiy soliq 12 foiz miqdorida saqlanib qoladi. Aylanmadan olinadigan soliq (4 foiz), qoʻshilgan qiymat soligʻi (12 foiz), yuridik shaxslar mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi (1,5 foiz) ham oʻzgarmaydi”, dedi bosh vazir oʻrinbosari.

Qaysi soliqlar oshadi?

2026—2028-yillarga moʻljallangan Byudjetnomada qator soliqlar stavkalariga oʻzgartirishlar kiritilishi qayd etilgan. Xususan, 2026-yil 1-yanvardan yer, mol-mulk, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari 7 foizga oshiriladi. Yer qaʼridan foydalanganlik uchun qatʼiy soliq stavkalari hamda mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy va yuridik shaxslarga soliq solish maqsadida qoʻllanadigan ijara toʻlovining eng kam stavkalari ham 7 foiz koʻtariladi.

2026-yil 1-yanvardan tovarlar (ishlar, xizmatlar) elektron savdosi bilan shugʻullanuvchilar uchun foyda soligʻi 15 foiz (amalda 10 foiz), aylanmadan olinadigan soliq 4 foiz (amalda 3 foiz) stavkada belgilanadi.

Jamshid Qoʻchqorov 2026-yil 1-apreldan tarkibida shakar yoki shirinlashtiruvchi modda boʻlgan energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklar uchun progressiv soliq stavkalari joriy etilishini aytdi. Yaʼni ichimlik tarkibidagi shakar miqdori oshgani sari koʻproq soliq toʻlashga oʻtiladi. Agar 100 ml ichimlikda 5 grammgacha shakar boʻlsa, 1 litr uchun 500 soʻm (amalda ham shuncha) toʻlanadi. Yangi tartibga koʻra, miqdor 5–10 grammni tashkil etsa, har litrga 515 soʻmdan, 10 grammdan koʻp shakar uchun litriga 535 soʻmdan soliq toʻlanadi.

Tarkibida shakardan boshqa shirinlashtiruvchi moddalar boʻlgan ichimliklarga 1 litri uchun 500 soʻm, energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklarga aksiz soligʻi stavkasi 1 litriga 2 150 soʻm etib belgilandi.

2026-yil 1-apreldan neft mahsulotlarini ishlab chiqarish va yakuniy isteʼmolchilarga sotishda belgilangan aksiz soligʻi stavkasi 7 foizga oshiriladi.

Vazir 2026-yil 1-apreldan isteʼmolga tayyor 1 kilogramm kartoshka chipslari uchun 15 ming soʻm miqdorda aksiz soligʻi joriy etilishini bildirdi. Ushbu aksiz soligʻi kartoshka chipslarini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslar va Oʻzbekiston hududiga tovarlarni olib kiruvchilar tomonidan toʻlanishi belgilandi.

2016-yil 1-yanvardan aylanmadan olinadigan soliq toʻlashdan QQS va foyda soligʻi toʻlashga oʻtayotgan korxonalar 1 yilga foyda soligʻi toʻlashdan ozod qilinadi. Shu bilan birga, ularning buxgalteriya xarajatlarini 6 oy davomida soliq toʻlovlari hisobidan chegirib tashlash tartibi joriy etiladi. Mazkur chegirma oylik buxgalteriya xarajatlari mehnatga haq toʻlashdagi eng kam miqdorning 3,5 baravaridan oshmagan qismiga tegishli.

Kelasi yildan foyda soligʻi boʻyicha har oy boʻnak toʻlovlarini toʻlashi lozim boʻlgan tadbirkorlik subyektlari daromadining chegaraviy miqdori 10 mlrd soʻmdan 20 mlrd soʻmgacha oshiriladi.

“Korxonalar oʻz mablagʻlari hisobidan ijtimoiy infratuzilma, yaʼni elektr, gaz, issiqlik taʼminoti, suv taʼminoti, kanalizatsiya va yoʻl qurib, tegishli tarmoq tashkilotlariga bepul bersa, qilgan xarajatlarini foyda soligʻidan chegirish imkoniyati yaratiladi”, dedi Jamshid Qoʻchqorov.

Yanvardan yillik aylanmasi 1 milliard soʻmgacha boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va oʻzini oʻzi band qilganlar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz etib belgilandi (amalda 4 foiz). Kelasi yildan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetishtirilgan mahsulotlar realizatsiyasi uchun QQS nol stavkasi joriy etiladi. Ularga QQSning salbiy farq summasi uch kun muddatda avtomatik tarzda qaytarib berilishi koʻzda tutilmoqda.

Теги :
Jamiyat