$
 11772.95
-35.81
€
 13224.55
-179.57
₽
 141.14
-1.02
weather
+26
Кечаси   +14°

Skuterga ham “prava” va davlat raqami bo‘lishi shart: Nega talab kuchaytirildi?

skuter

So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarining kuryerlarga nisbatan o‘tkazayotgan reydlari aks etgan videolar ko‘paydi. Ayrim skuter haydovchilarining hujjatlari yo‘qligi sabab jarimaga tortilayotgani ham muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati reydlar nima sababdan o‘tkazilayotgani, skuter va moped haydovchilaridan nega haydovchilik guvohnomasi hamda davlat raqami talab qilinayotganiga izoh berdi.

Bu talab kecha paydo bo‘lmagan

Skuter, moped va kichik hajmli mototransport boshqaruvchilari ham yo‘l harakati qoidalarini bilishi va tegishli hujjatlarga ega bo‘lishi shart. Sababi ular ham avtomobillar bilan bir yo‘lda harakatlanadi.

Haydovchilar ikki yildan buyon haydovchilik guvohnomasi olish va transport vositasini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish zarurligi haqida ogohlantirib kelingan. Shu bilan birga, skuter va moped boshqaruvchilari uchun “prava” olish tartibi soddalashtirilgan.

Skuterlarga “prava” va davlat raqami talab qilish boshqa davlatlarda ham bor. Masalan, Buyuk Britaniyada moped boshqarish uchun tegishli haydovchilik huquqi kerak. Transportning o‘zi ham ro‘yxatdan o‘tkazilib, unga davlat raqami o‘rnatiladi.

Singapurda ham mototsikl va skuterlar yo‘lga chiqishidan oldin ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Ularni boshqarish uchun tegishli toifadagi haydovchilik guvohnomasi talab qilinadi.

Sakkiz oyda 89 kishi halok bo‘lgan

Nazoratning kuchaytirilishiga skuter va mopedlar bilan bog‘liq YTHlar soni ham sabab bo‘lmoqda. 2026-yilning sakkiz oyida ular ishtirokida jami 563 ta yo‘l-transport hodisasi qayd etilgan. Ushbu avariyalarda 488 kishi turli darajada jarohat olgan, 89 kishi esa halok bo‘lgan.

Qoidabuzarliklar bir yilda keskin ko‘paydi

Skuter va moped haydovchilari sodir etayotgan qoidabuzarliklar sonida ham katta o‘sish bor. 2025-yil davomida qariyb 300 ta holat aniqlangan bo‘lsa, 2026-yilning o‘tgan davrida bu ko‘rsatkich 4 312 taga yetgan.

Bundan tashqari, 162 ta holatda haydovchilar ham hujjatsiz, ham mast holda skuter yoki moped boshqargan.

Shu sabab endilikda transportni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, raqam olish va haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lish talablariga rioya qilinishi qattiqroq nazorat qilinmoqda. Hujjatsiz skuterlar ko‘payib ketsa, YTH yoki qoidabuzarlikdan keyin transport kimga tegishli ekanini aniqlash va javobgarlik masalasini hal qilish ham qiyinlashadi.

Теги :
Jamiyat