$
 12078.47
10.87
 14234.48
-5.29
 155.23
1.52
weather
+26
Кечаси   +14°

Oddiy odat, katta xavf: Uzoq vaqt o‘tirish saratonga sabab bo‘ladi

sitting

Bugun ko‘pchilikning kuni ishda soatlab o‘tirish, uyga kelib yana kompyuter yoki televizor qarshisida vaqt o‘tkazish bilan o‘tadi. Ko‘p odamlar buni oddiy hayot tarzidek qabul qiladi. Ammo mutaxassislar uzoq vaqt harakatsiz o‘tirish sog‘liq uchun jiddiy xavf tug‘dirishini aytishmoqda.

Tadqiqotlarga qaraganda, stulda soatlab o‘tirish tanaga sezdirmay zarar yetkazadi va hatto umrni qisqartirishi mumkin. Masalan, minglab odamlar ishtirokida o‘tkazilgan tadqiqotda uzoq vaqt uzluksiz o‘tirganlarda erta o‘lim xavfi yuqoriroq ekani aniqlangan. Eng kam xavf esa har yarim soatda biroz harakat qilganlarda kuzatilgan.

Boshqa ilmiy izlanishlar ham uzoq vaqt o‘tirish diabet, yurak kasalliklari, vazn ortishi, tushkunlik, xotira muammolari va hatto ayrim saraton turlari bilan kasallanishga sabab bo‘lishini ko‘rsatmoqda. Afsuski, bu odat kattalarda ham emas, juda erta yoshdan boshlanmoqda. So‘nggi yillarda bolalar va o‘smirlar ham kuniga tobora ko‘p vaqtini o‘tirib o‘tkazayotgani aniqlangan.

Shifokorlarning aytishicha, uzoq vaqt o‘tirish mushaklar va bo‘g‘imlar bilan bog‘liq ko‘plab muammolarning asosiy sababiga aylanmoqda. Odamlar stulda, kompyuter yoki televizor qarshisida soatlab qimirlamay o‘tiradi, mashina, poyezd yoki samolyotda uzoq yo‘l bosadi. Bu holat sekin-asta surunkali kasalliklarning paydo bo‘lishiga olib keladi.

Shu sabab mutaxassislar harakatsizlikni jiddiy qabul qilishga chaqirmoqda. Uzoq o‘tirishning zararini kamaytirish uchun kun davomida tez-tez o‘rnidan turish, yurish, cho‘zilish va oddiy harakatlarni odatga aylantirish muhim. Hatto kichik harakatlar ham sog‘liq uchun katta foyda berishi mumkin

Qon tomirlari bilan bog‘liq muammolar

Agar uzoq vaqt o‘tirgandan keyin oyoqlaringiz charchab, shishib yoki og‘riy boshlasa, bu oddiy holat emas. Mutaxassislarning aytishicha, uzoq vaqt qimirlamay o‘tirish oqibatida qon va suyuqlik oyoqlarda to‘planib qoladi. Eng xavfli holatlarda esa oyoq tomirlarida qon quyqasi paydo bo‘lishi mumkin. Bu juda jiddiy muammo, chunki qon quyqasi ajralib chiqib, o‘pkaga borib qolsa hayot uchun xavf tug‘diradi.

Shifokorlar qon quyqasi odatda uchta sababga ko‘ra yuzaga kelishini aytadi. Ba’zi odamlar qon kasalliklari tufayli bunga moyil bo‘ladi, ayrim hollarda esa jarohat yoki shikastlanishlar sabab bo‘ladi. Ammo eng ko‘p uchraydigan va hammamiz oldini ololadigan sabab bu harakatsizlikdir. Uzoq vaqt o‘tirib qolish qon aylanishini sekinlashtiradi va xavfni oshiradi. Ayniqsa homilador ayollar, kontratseptiv dori ichadiganlar, yoshi katta insonlar va chekuvchilar bu borada ehtiyot bo‘lishi kerak.

Shifokorlarning maslahati oddiy. Agar oilangizda yoshligida oyoq yoki o‘pka qon quyqasini boshdan kechirganlar bo‘lsa, albatta shifokorga murojaat qiling. Hatto bunday holat bo‘lmasa ham, har yarim soat yoki bir soatda o‘rningizdan turib, biroz harakat qilish juda muhim. Qisqa yurish, cho‘zilish yoki shunchaki joyingizda turib qimirlatish ham qon aylanishiga yordam beradi. Eng muhimi — qimirlamay qolmaslik.

Bundan tashqari, elastik kompression paypoqlar ham foydali bo‘lishi mumkin. Ular oyoqdan tizzagacha bo‘lib, qon aylanishini yaxshilaydi, shish va og‘riqni kamaytiradi. Ko‘plab tibbiyot xodimlari aynan shu paypoqlardan foydalanadi. Ular qulay bo‘lib, oyoqlardagi charchoq hissini ancha yengillashtiradi.

Bel og‘rig‘i va umurtqa bilan bog‘liq muammolar

Uzoq vaqt o‘tirib ishlash bel va umurtqa uchun ham juda zararli. Ayniqsa kompyuter oldida bukchayib, bo‘ynimizni oldinga cho‘zib o‘tirishga odatlanib olganmiz. Bu holat sekin-asta tananing noto‘g‘ri holatga o‘rganib qolishiga olib keladi va vaqt o‘tib belda doimiy og‘riqlar paydo bo‘lishi mumkin.

Ko‘p o‘tirish mushaklarni sustlashtiradi. Belni ushlab turadigan mushaklar kuchsizlanadi, son mushaklari qisqarib qoladi va natijada belga tushadigan bosim yanada ortadi. Umurtqa moslashuvchanligini yo‘qota boshlaydi. Shu bilan birga, dumba mushaklari ham kam ishlagani uchun sustlashadi.

Bu holat bel va son sohasidagi og‘riqlarning yana bir sababi bo‘lishi mumkin. Kam harakat qilish suyaklarning ham kuchsizlanishiga olib kelib, osteoporoz xavfini oshiradi.

Garchi haftasiga bir necha marta sport bilan shug‘ullansangiz ham, agar kun bo‘yi qimirlamay o‘tirib qolsangiz, bu mashqlarning foydasi kamayib ketadi. Shuning uchun kun davomida tez-tez harakat qilish juda muhim. Har yarim soatda o‘rningizdan turib, biroz yurish yoki cho‘zilish belingizga katta foyda beradi.

Ish joyingizni ham to‘g‘ri tashkil qilish muhim. Stol va stul qulay bo‘lishi, kompyuter ko‘z darajasida joylashgani yaxshi. Agar imkon bo‘lsa, o‘tirib-turib ishlash mumkin bo‘lgan stol juda foydali. Bunday stol bo‘lmasa, kompyuterni biroz balandroq joyga qo‘yib ishlash ham yordam beradi. O‘tirganda belingiz orqasiga kichkina yostiqcha yoki o‘ralgan sochiq qo‘yish tanani to‘g‘ri tutishga yordam beradi.

Kun davomida o‘zingizni harakatga majbur qilish uchun mayda odatlarni o‘zgartirish ham foydali. Masalan, yon xonadagi hamkasbingizga xat yozish o‘rniga o‘zingiz borib gaplashing. Kichikroq suv idishidan foydalaning, shunda uni tez-tez to‘ldirish uchun yurishga to‘g‘ri keladi. Uyda televizor ko‘rayotganda esa reklama paytida turib yurish yoki cho‘zilish mashqlarini qiling.

Yurak kasalliklari

Uzoq vaqt o‘tirish yurak uchun ham jiddiy xavf tug‘diradi. Shifokorlarning aytishicha, kam harakat qilish yurak-qon tomir kasalliklariga olib keladigan asosiy sabablarning biridir. Bugungi kunda yurak kasalliklari erkaklar orasida ham, ayollar orasida ham eng ko‘p uchraydigan o‘lim sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Uzoq vaqt qimirlamay o‘tirganda tanada ko‘plab salbiy o‘zgarishlar boshlanadi. Oyoqlarga qon oqimi sekinlashadi, qon bosimi va qondagi shakar miqdorini boshqarish qiyinlashadi. Qon tomirlari to‘g‘ri ishlamay qoladi va bu holat diabet yoki yurak xurujiga olib kelishi mumkin. Shifokorlar odam qancha ko‘p o‘tirsa, yurak bilan bog‘liq muammolar va hatto o‘lim xavfi shuncha ortishini ta’kidlashadi. Bu faqat sport bilan shug‘ullanishga bog‘liq emas, uzoq o‘tirishning o‘zi ham alohida xavf hisoblanadi.]

Bundan tashqari, uzoq o‘tirish tana vaznining oshishiga va bel aylanasi kattalashishiga olib keladi. Bu esa yurakka yana qo‘shimcha yuk bo‘ladi. Natijada yurak yanada ko‘proq ishlashga majbur bo‘ladi.

Shifokorlar aniq “qachon turish kerak” degan qoida yo‘qligini aytadi, ammo kun davomida ko‘proq harakat qilish juda muhim. Har soatda hech bo‘lmasa qisqa yurib kelish ham foyda beradi. Ko‘p odamlar o‘z harakatsizligini tushungach, faolroq bo‘lishga harakat qiladi. Bunda qadamlarni sanaydigan qurilmalar yoki telefon ilovalari yordam beradi. Eng muhimi — kamroq o‘tirish va ko‘proq harakat qilishni odatga aylantirishdir.

Vazn ortishi va semizlik

Uzoq vaqt o‘tirib qolish vazn ortishiga va semizlikka olib kelishi mumkin. Shifokorlarning aytishicha, bu holat ayniqsa diabet bilan chambarchas bog‘liq. Aslida bu holat tabiiy, chunki ilgari odamlar ko‘proq harakat qilgan. Suv olish uchun quduqqa borilgan, qo‘shni bilan gaplashish uchun piyoda yurilgan. Harakat hayotning bir qismi bo‘lgan.

Bugungi kunda esa ko‘pchilik ovqatni ish stolida yoki televizor qarshisida yeydi. Ovqat paytida telefon ko‘riladi, yangilik o‘qiladi yoki video tomosha qilinadi. Bunday paytda odam qancha ovqat yeyayotganini sezmay qoladi va odatdagidan ko‘proq yeyishi mumkin. Shu sababli porsiya nazoratdan chiqadi va vazn sekin-asta ortib boradi.

Mutaxassislar ovqatlanayotganda faqat ovqatga e’tibor qaratishni tavsiya qiladi. Ya’ni tushlik paytida telefonni chetga qo‘yish, internetni titkilamaslik va video ko‘rmaslik kerak. Shunda miya ovqatlanganini yaxshiroq anglaydi va to‘yish hissi o‘z vaqtida paydo bo‘ladi.

Harakat masalasida ham haddan oshish shart emas. Ba’zi odamlar faqat juda og‘ir mashqlar foyda beradi deb o‘ylaydi. Aslida esa bu xato. Har kuni qulay sur’atda 15–20 daqiqa yurish ham muntazam qilinsa, sog‘liq va vazn uchun katta foyda beradi. 

Saraton kasalligi

Shifokorlarning aytishicha, uzoq vaqt o‘tirib ishlash va umuman kam harakat qilish saraton kasalligi xavfini oshiradi.

Bu holat ko‘p qizil go‘sht yeyish yoki chekish kabi zararli odatlar bilan bir qatorda turadi. Mutaxassislar fikricha, muammo faqat bitta odatda emas, balki umumiy hayot tarzida. Shuning uchun sog‘lom yashash madaniyatini o‘zgartirish juda muhim.

Ishning bir qismini tik turib bajarish va kun davomida ko‘proq harakat qilish tavsiya qilinadi. Chunki ortiqcha vazn saraton uchun xavfli omil hisoblanadi, tik turish esa o‘tirishga qaraganda ko‘proq kaloriya yoqadi. Albatta, buni qilish hamma uchun oson emas, chunki ish, vaqt va majburiyatlar bor. Ammo mutaxassislar qo‘ldan kelgancha harakat qilishni aytishadi.

Asosiysi, sog‘lom turmush tarzini odatga aylantirishdir. Bu muntazam jismoniy mashqlar qilish, chekishdan voz kechish, spirtli ichimlik va go‘shtni kamroq iste’mol qilish, meva-sabzavotni ko‘proq yeyishni anglatadi. Shu oddiy odatlar orqali nafaqat saraton, balki ko‘plab boshqa kasalliklarning ham oldini olish mumkin.

Теги :
Jamiyat