$
 11985.10
12.75
 13923.09
71.08
 148.86
1.34
weather
+26
Кечаси   +14°

Yaqin o‘n yillikda sildan halok bo‘lish xavfi ikki baravar ko‘payishi mumkin

sil

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tuberkulyoz kasalligi bo‘yicha so‘nggi statistik tahlillarini e’lon qildi. Qayd etilishicha, o‘tgan yili dunyo bo‘yicha 8,3 million kishiga ushbu xastalik tashxisi qo‘yilgan, ulardan 1,2 million nafari hayotdan ko‘z yumgan.

Kasallik tarqalishi bo‘yicha yetakchi davlatlar

Vaholanki, tuberkulyoz — bedavo xastalik emas. Uning oldini olish borasida ham amaliy yechimlar mavjud. Qolaversa, silni samarali davolash bo‘yicha jahon tibbiyotida katta yutuqlarga erishilmoqda.

Shunga qaramasdan, ba’zi mamlakatlarda ushbu soha yetarli darajada moliyalashtirilmayotgani, bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyati pastligi tufayli muammo global ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.

Masalan, o‘tgan yili dunyodagi kasallanish holatlarining 87 foizi 30 ta davlat hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ular orasida Hindiston (25 foiz), Indoneziya (10 foiz), Filippin (6,8 foiz), Xitoy (6,5 foiz), Pokiston (6,3 foiz), Nigeriya (4,8 foiz), Kongo Demokratik Respublikasi (3,9 foiz) va Bangladesh (3,6 foiz) yetakchi.

Kasallikka qarshi kurashishdagi ijobiy natijalar

JSST rahbari Tedros Gebreyesusning so‘zlariga ko‘ra, 2000-yildan buyon tuberkulyozga qarshi kurashish choralari 83 million insonning hayotini saqlab qolish imkonini bergan.

Xususan, 2023–2024 yillarda silga chalinish ko‘rsatkichi 2 foizga, o‘lim holatlari esa 3 foizga qisqargan. Biroq bu JSST strategiyasida belgilangan marralardan hali ancha yiroq.

JSST ogohlantiruvi

Bugungi kunda mavjud BCG vaksinasining samarasi yetarli bo‘lmagani uchun olimlar yanada kuchli, universal va kattalar uchun ham to‘liq himoya beradigan yangi vaksinalar yaratishga e’tibor qaratmoqda.

Shuningdek, tuberkulyozni erta aniqlashni kuchaytirish maqsadida olimlar tez va aniq diagnostika vositalari ustida ishlamoqda. Jumladan, bir necha daqiqada natija beradigan testlar, sun’iy intellekt asosidagi rentgen tahlillari va uyda foydalanishga mo‘ljallangan portativ qurilmalar yaratilyapti.

Shu bois tashkilot hukumatlarni mazkur yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarni kuchaytirishga chaqirdi. Chunki vaziyat shunday davom etsa, 2025–2035 yillarda tuberkulyozdan o‘limlar soni 2 millionga, kasallanish holatlari esa 10 milliongacha yetishi mumkin.