Yurtimizda shisha chiqindilarning atigi 9 foizi qayta ishlanadi
Hisob-kitoblarga ko‘ra, yurtimizda yiliga 408 ming tonna shisha chiqindi hosil boʻladi. Bu chiqindilar qattiq maishiy chiqindilarning (10,2 mln. tonna) morfologik tarkibidan 4 foizini tashkil etadi.
2 daqiqa o‘qiladi

Shisha chiqindilarni qayta ishlash orqali atrof-muhitni muhofaza qilish va iqtisodiy samaradorlikni oshirish mumkin. Shuningdek, bu chiqindilar salbiy ta‘sirni kamaytirish maqsadida dunyoning koʻplab mamlakatlarida qayta ishlanmoqda. Bu esa o‘z navbatida chiqindilarni va ularning atrof-muhitga taʼsirini kamaytirish hamda resurslardan samarali foydalanish imkoniyatini yaratadi.
Yurtimizda yiliga qancha chiqindi hosil boʻladi?
Hisob-kitoblarga ko‘ra, yurtimizda yiliga 408 ming tonna shisha chiqindi hosil boʻladi. Bu chiqindilar qattiq maishiy chiqindilarning (10,2 mln. tonna) morfologik tarkibidan 4 foizini tashkil etadi.
Ma’lumot uchun, 2024-yilda respublikamizda 14 ta korxona tomonidan 37,3 ming tonna shisha chiqindi qayta ishlangan (ushbu turdagi chiqindilarning 9 foizi).
Shisha chiqindilarga eski stakanlar, shisha idishlar, oynalar va boshqa shisha mahsulotlari kiradi. Shisha tabiatan qayta ishlanishi oson materiallardan biri hisoblanadi, chunki u juda uzoq vaqt davomida degradatsiyaga (chirib yo'q bo'lish holati) uchramaydi. Shisha chiqindilar yiggʻilganda atrof-muhitga zarar yetkazishi bilan bir qatorda, 1000 yildan ortiq vaqt davomida yerda parchalanmasdan qoladi.
Qanday qayta ishlanadi?
Shisha chiqindilarni qayta ishlash jarayoni quyidagi bosqichlarni oʻz ichiga oladi:
Ajratish: shisha chiqindilar boshqa chiqindilardan ajratiladi.
Yuvish: shisha mahsulotlari yuvilib, tozalanganidan keyin qayta ishlashga tayyorlanadi.
Boshqa materiallar bilan aralashtirish: shishani qayta ishlash uchun boshqa xomashyo (masalan, yangi qum) bilan aralashtiriladi.
Qayta eritish: shisha eritilib, yangi shakllar (yangi shisha idishlar yoki qurilish materiallari) yaratiladi.



