$
 12057.32
-21.15
 14192.67
-41.81
 155.16
-0.07
weather
+26
Кечаси   +14°

Nimaga avtomobillar qishda ko‘proq yoqilg‘i “yeydi?”

shina

Ko‘pchilik yoqilg‘i qimmatlashganda dvigatel yoki yo‘l sharoitini ayblaydi, ammo eng oddiy sabab ko‘pincha e’tibordan chetda qoladi. Gap shinalardagi havo bosimi haqida. Shinalar kam yoki ortiqcha shishirilgan bo‘lsa, mashina ham ko‘proq yoqilg‘i “yeydi”, ham tezroq eskiradi. Xo‘sh, shina bosimi qanchalik muhim? Uni qanday to‘g‘ri saqlash kerak?

Shina bosimi va yoqilg‘i sarfi

Avtomobil shinalaridagi havo bosimi yoqilg‘i sarfiga bevosita ta’sir qiladi. Agar shinalar me’yordan kam shishirilgan bo‘lsa, g‘ildiraklar yo‘lda kuchliroq ishqalanadi. Natijada, mashina harakatlanishi qiyinlashadi va dvigatel ko‘proq ishlashiga to‘g‘ri keladi, bu esa benzin yoki dizelning tezroq sarflanishiga olib keladi. Mutaxassislarning aytishicha, shinalardagi bosimning ozgina pasayishi ham yoqilg‘i sarfini oshiradi. Masalan, bosim biroz tushsa, yoqilg‘i 2–3 foizga, ancha past bo‘lsa esa 5–10 foizgacha ko‘proq ketishi mumkin. Bu darhol sezilmasligi mumkin, ammo vaqt o‘tib cho‘ntakka jiddiy ta’sir qiladi.

To‘g‘ri bosimni saqlash nega muhim?

Qish kelganda shinalardagi bosimga yanada ko‘proq e’tibor berish kerak. Sababi sovuq havoda shina ichidagi havo kamayadi va bosim o‘zidan-o‘zi tushib ketadi. Shu bois qishda shinalarni tez-tez tekshirib turish foydali. Mashina uchun kerakli shina bosimi odatda haydovchi eshigining ichki tomonida yoki avtomobil qo‘llanmasida yozilgan bo‘ladi. Ana shu ko‘rsatkichlarga amal qilish mashinani ham tejamkor, ham xavfsiz qiladi. Ba’zi haydovchilar shinalarni ko‘proq shishirsam, yoqilg‘i kamroq ketadi deb o‘ylaydi, lekin bu noto‘g‘ri. Ortiqcha bosim g‘ildiraklarni tez eskirtiradi va yurishni noqulay qiladi. Eng to‘g‘ri yo‘l esa shinalardagi bosimni ishlab chiqaruvchi tavsiya qilgan darajada ushlab turishdir.

Tejamkorlik deyarli oshmaydi

Shinalarni me’yoridan ortiq shishirish ko‘pchilik o‘ylagandek katta foyda bermaydi. Tadqiqotlarga ko‘ra, bunday holat yoqilg‘ini juda kam, deyarli sezilmaydigan darajada tejaydi. Kundalik haydashda bu farqni payqash qiyin.

Shinalar tezroq shikastlanadi

Aksincha, ortiqcha bosim esa ko‘proq muammo keltirib chiqaradi. Shina haddan tashqari qattiqlashib, elastikligini yo‘qotadi va natijada teshilish yoki yorilish xavfi oshadi. Ayniqsa notekis yo‘llarda, chuqur va o‘ydim-chuqurlarga tushganda bunday shinalar tezroq ishdan chiqadi.

Xavfsizlik pasayadi

Ortiqcha bosim shinaning yo‘lga yopishishini yomonlashtiradi. G‘ildirak yo‘l yuzasiga to‘liq moslasha olmaydi, tormozlash samarasi kamayadi va mashinani boshqarish qiyinlashadi. Bu esa harakat xavfsizligiga jiddiy ta’sir qiladi.

Safar qulayligi kamayadi

Yo‘lovchilar ham buni darhol sezadi. Shinalar qattiq bo‘lgani sabab yo‘ldagi tebranish va zarbalar salon ichiga ko‘proq uzatiladi. Natijada safar noqulay bo‘ladi va uzoq yo‘lda odam tezroq charchaydi.

Eng to‘g‘ri yechim

Shu sabab mutaxassislar shinalardagi bosimni mashina ishlab chiqaruvchisi tavsiya qilgan darajada ushlab turishni maslahat beradi. Aynan shu yo‘l bilan mashina tejamkorroq ishlaydi, haydash xavfsizroq bo‘ladi va shinalar uzoqroq xizmat qiladi.

Теги :
Jamiyat