$
 11934.24
-75.03
 13591.91
-96.26
 152.98
-0.77
weather
+26
Кечаси   +14°

Bolaga qoʻpollik qilgan tarbiyachi umrbod ishdan chetlatilishi shart!

rayan kids

Toshkentdagi “Rayan kids” xususiy maktabgacha ta’lim muassasasida sodir bo‘lgan voqealar ijtimoiy tarmoqlarni portlatib yubordi. Bolalarni sudrash, urish, og‘ziga latta tiqish va kameralar tushmaydigan “ko‘r zona”larda jazolash tasvirlari har qanday odamni larzaga solishi tabiiy. Ammo bu safar ham ssenariy o‘zgarmadi: video tarqaldi, jamoatchilik g‘azabga keldi, huquq-tartibot idoralari ish ochdi, bog‘cha yopildi yoki tarbiyachi jazolandi. Keyin esa... sukunat. Keyingi navbatdagi dahshatli videoga qadar davom etadigan soxta xotirjamlik.

Biz har safar faqat “portlagan”, yuzaga qalqib chiqqan fojialarnigina muhokama qilamiz. Vaholanki, eng katta xavf kameralar obyektiviga tushmayotgan, tarbiyachining sovuq nigohi va tahdidli pichirlashida yashiringan ko‘rinmas tazyiqlardir. Bugun bog‘chalarimizda shov-shuvli jinoyat xronikalaridan ham dahshatliroq jarayon — bolalik asabi va ruhiyatining tizimli ravishda yemirilishi sodir bo‘lmoqda. Xoʻsh, biz farzandimizni hayot poydevorini qurish uchun bog‘chaga beryapmizmi yoki murg‘ak qalbini umrbod majruh qiluvchi travma fabrikasiga topshiryapmizmi?

Aslida muammo alohida bir sadist tarbiyachida emas. Muammo — fojia yuz berguniga qadar qimirlamaydigan, faqat tasvirlar tarqalgachgina “hujumga o‘tadigan” reaktiv nazorat tizimida. Biz hamon kasallikning o‘zi bilan emas, uning og‘riqli asoratlari bilan kurashyapmiz.

Tarbiyachining ijtimoiy portreti: Biz bolamizni kimga ishonyapmiz?

Tizimni tubdan o‘zgartirmoqchi bo‘lsak, hissiyotlarni chetga surib, sovuqqon tahlilga o‘tishimiz kerak. Biz tarbiyachilarni “vahshiy” yoki “sadist” deb atashimiz, ulardan nafratlanishimiz mumkin. Ammo savol tug‘iladi: o‘sha tarbiyachi qayerdan paydo bo‘ldi? Uni kim tarbiyaladi, kim unga diplom berdi va kim uni murg‘ak bolalar bilan ishlashga qo‘yib qo‘ydi?

Bugungi o‘zbek bog‘chasidagi o‘rtacha tarbiyachining ijtimoiy-iqtisodiy portreti juda achinarli ko‘rinishga ega. Bu ko‘pincha jamiyatning eng quyi iqtisodiy qatlamiga mansub, oyligi tirikchiligiga zo‘rg‘a yetadigan, o‘zining hayotiy muammolari va ichki distressi (ruhiy zo‘riqishi) ichida yonayotgan ayoldir.

Biz shunday absurd (teskari) reallikda yashayapmizki, ota-onalar farzandining ust-boshiga, tug‘ilgan kunlariga, qimmatbaho gadjetlariga millionlab mablag‘ sarflashga tayyor. Ammo o‘sha bolaning miyasi va ruhiyati shakllanadigan eng muhim davrda (0–5 yosh) u bilan birga bo‘ladigan odamga jamiyat eng kam oylikni loyiq ko‘radi. Biz mashinamizni ustaxonaga topshirayotganda eng tajribali injenerni qidiramiz, lekin eng aziz boyligimiz — bolamizni minimal ish haqiga ishlayotgan, tasodifiy odamlar qo‘liga tashlab ketyapmiz.

Tasodifiy tarbiyachilar

Maktabgacha ta’lim muassasalarining keskin ko‘payishi (ayniqsa xususiy sektorda) kadrlar bozorida katta bo‘shliqni yuzaga keltirdi. Ushbu bo‘shliqni to‘ldirish uchun tizim professional pedagoglarni emas, shunchaki ish qidirib yurgan odamlarni yuta boshladi. Buning bir nechta asosiy sabablari bor:

Psixologik saralashning yo‘qligi: Bugun bog‘chaga ishga kirayotgan odamdan diplom va tibbiy ma’lumotnoma so‘raladi, xolos. Lekin hech kim uning agressiyaga moyilligini, psixologik turg‘unligini yoki bolalarni yomon ko‘rish-ko‘rmasligini tekshirmaydi.

Professional emotsional kuyish (burnout): Hattoki eng yaxshi tarbiyachi ham 20-30 ta yig‘layotgan, injiqlik qilayotgan bola bilan 10 soatlab bitta xonada qolsa, ruhiy charchaydi. Tizimda esa tarbiyachilarni psixologik qo‘llab-quvvatlash, ularning stress darajasini o‘lchash mexanizmi umuman mavjud emas. Charchagan, asabi portlash arafasida turgan odam — bola uchun tirik bomba hisoblanadi.

Enaga mafkurasi: Jamiyatda ham, tizim ichida ham tarbiyachiga professional pedagog, inson kapitalining poydevorini quruvchi muhandis deb emas, shunchaki bolaning tgi-ustini toza tutib, ovqatini berib turuvchi “enaga” sifatida qaraladi. Natijada, kasbga nisbatan hurmat o‘ldi.

Tizimning eng zaif nuqtasi shundaki, u tarbiyachini rivojlantirishga emas, faqat undan hisobot talab qilishga sozlangan. Qog‘ozdagi chiroyli rejalar, ochiq darslarning soxta yorqinligi ortida murg‘ak qalblarning ko‘rinmas fojiasi yashirinib yotibdi.

Ota-onalarning “ko‘r nuqtasi” va qimmat bog‘cha illyuziyasi

Zo‘ravonliklar zanjirida faqat davlat organlari yoki bog‘cha ma’muriyatini ayblash — masalaning faqat bir tomoni. Keling, achchiq bo‘lsa-da, haqiqatga tik qaraylik: biz, ota-onalar ham ko‘pincha bu fojialarning bilvosita ishtirokchisiga aylanib qolyapmiz. Bizning “ko‘r nuqtalarimiz”, ya’ni farzandimiz ta’lim oladigan muassasaga baho berishdagi xato mezonlarimiz ko‘p hollarda ziyon keltirmoqda.

Bugungi kunda xususiy bog‘chalar bozori yaltiroq va jozibali reklama industriyasiga aylandi. SMM menejerlar va marketologlar ota-onalarning og‘riqli nuqtalarini juda yaxshi bilishadi: chiroyli ranglardagi interyer, xorijiy tillarda gapiradigan robotlar, basseynlar va “haftasiga 5 kun ingliz tili” degan va’dalar. Mana shu vizual illyuziyaga uchib, eng muhim savolni berishni unutamiz: “Bu yaltiroq devorlar ortida bolamning ruhiyati xavfsizdami?”

Ota-onalarning eng katta 3 ta xatosi:

“Brend” va feyk natijalar ketidan quvish: Ota-onalarga farzandining 3 yoshida inglizcha she’r aytib bergani yoki robototexnika darsida o‘tirgani muhimroq bo‘lib qoldi. Bog‘chalar esa ota-onalarga aynan mana shu “shou”ni taqdim etishga o‘tdi. Bola yaltiroq ochiq darslarda robotdek qarsak chalishni o‘rganadi, lekin uning ichki qo‘rquvlari, tarbiyachining dars ortidagi po‘pisalari hech kimni qiziqtirmaydi.

“Kamera bor-ku” xotirjamligi: Ko‘pchilik ota-onalar bog‘chada onlayn kamera borligini eshitib, xotirjam bo‘lishadi. Ammo tajriba shuni ko‘rsatadiki, zo‘ravonlik ko‘pincha kadr ortida — kameralar ko‘rmaydigan “ko‘r zona”larda (hojatxona, kiyim almashtirish xonasi yoki burchaklarda) sodir bo‘ladi. Kamera — bu xavfsizlik tizimi emas, bu shunchaki bo‘lib o‘tgan voqeani tasvirga oluvchi sovuq guvoh, xolos.

Bolaning ovozini eshitmaslik: Kichik yoshdagi bolalar ko‘pincha zo‘ravonlikni so‘z bilan aytib bera olishmaydi, lekin ularning tanasi va xulq-atvori baqirib gapiradi. Bola bog‘chaga borishdan oldin isterika qilsa, tushida yig‘lasa, to‘satdan tajovuzkor bo‘lib qolsa yoki kiyimini almashtirayotganda cho‘chib tushsa, biz buni “bolaning injiqligi” yoki “moslashish davri” deb o‘zimizni ovutamiz. Biz bog‘cha ma’muriyatining “hammasi yaxshi, shunchaki xarakter ko‘rsatyapti” degan soxta tasallilariga ishonishni afzal ko‘ramiz.

Jahon tajribasi: Nazorat emas, falsafa

Rivojlangan davlatlar bog‘chalardagi zo‘ravonlik muammosini har bitta burchakka kamera o‘rnatish yoki jazolarni shunchaki qog‘ozda qattiqlashtirish bilan hal qilmagan. Ularning asosiy siri — maktabgacha ta’limga “bola saqlash joyi” emas, balki millat genofondini shakllantiruvchi strategik poydevor deb qarashidadir.

Faylasuflar tizimi, Finlandiya: Bu yerda bog‘chada bolaning yig‘lashi yoki tarbiyachining ovozini ko‘tarishi favqulodda holat (chp) hisoblanadi. Tarbiyachi bo‘lish uchun universitet darajasidagi chuqur pedagogik va emotsional tayyorgarlik talab etiladi. Muammo chiqqanda aybdor emas, muhit tahlil qilinadi.

Charchashga qarshi immunitet, Yaponiya: Tizim tarbiyachining ruhiy charchash (burnout) darajasini muntazam o‘lchaydi. Agar stress aniqlansa, xodim bolalardan darhol chetlatiladi va unga bepul psixologik yordam beriladi. Chunki ruhiyati charchagan odam — potensial tajovuzkordir.

Filtr va saralash, Norvegiya: Bu yerda e’tibor texnikaga emas, odamga qaratiladi. Ishga kirishdan oldin nomzod qattiq psixologik tekshiruvdan, jinoyatchilik va avvalgi ish joylaridan olingan tavsifnomalar süzgichidan o‘tadi. Nomzodning bolalar bilan muloqot qilish instinkti amalda sinaladi.

Tizimni qutqarish kodi

Bugun O‘zbekiston maktabgacha ta’lim tizimida shunchaki qog‘ozdagi tekshiruvlar yoki kosmetik o‘zgarishlar bilan cheklanmaydigan, majmuaviy ва tub burilish yasaydigan yagona milliy standartni qabul qilish vaqti keldi. Bu tizim har bir muassasani huquqiy, texnik va kadrlar siyosati jihatidan mutlaqo yangi saviyaga olib chiqishi shart.

Eng avvalo, davlat va xususiy bog‘cha farqlanmagan holda, sohaga qadam qo‘yadigan har bir xodim uchun majburiy psixologik litsenziyalash va qat’iy “dezo-filtr” tizimi joriy etilishi lozim. Diplom yoki tanish-bilish omili murg‘ak bolaga yaqinlashishga huquq bermasligi, agressiya, sadizm va ruhiy turg‘unlik bo‘yicha maxsus filtrlashdan o‘tmagan hech bir shaxs tizimga yo‘latilmasligi kerak. Bu borada tibbiyotdagi kasbiy taqiqlar kabi qat’iy norma ishlashi va hayotida bir marta bo‘lsa ham bolaga nisbatan kuch ishlatgan, uni haqoratlagan yoki baqirgan xodim kasbiy diskvalifikatsiyaga uchrab, umrbod bolalar bilan ishlash huquqidan mahrum etilishi shart.

Shu bilan birga, bog‘chalardagi videokuzatuv tizimining texnik va yuridik mustaqilligi ta’minlanishi lozim. So‘nggi holatlar ko‘rsatganidek, nazorat kameralarining mavjudligi fojianing oldini olmayapti, chunki yozuvlar binosi va arxivi muassasa rahbarining qo‘lida qolmoqda va ko‘pincha eng og‘ir zo‘ravonliklar kameralar tushmaydigan “ko‘r zona”larda sodir etilyapti. Qonunchilik darajasida bog‘cha binolarida hech qanday kuzatilmaydigan berk hududlarga yo‘l qo‘yilmasligi, kamera arxivi esa muassasa mudirasining nazoratidan chiqarilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri mas’ul vazirlik yoki Bolalar ombudsmanining mustaqil serverlariga onlayn rejimda ulanishi zarur. Bu “kamera ishlamay qoldi” yoki “yozuvlar o‘chib ketdi” kabi bahonalarni chippakka chiqaradi va jamoatchilik nazoratini soxta tasallidan haqiqiy himoya qalqoniga aylantiradi.

Biroq, eng muhim va strategik qadam — bu tarbiyachi maqomini ham moliyaviy, ham ma’naviy jihatdan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarishdir. Biz jamiyatning eng quyi va kam maosh oluvchi qatlamiga aylantirib qo‘ygan tarbiyachidan yuqori pedagogik madaniyat, cheksiz sabr va psixologik barqarorlikni talab qila olmaymiz. Rivojlangan davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, sohada zo‘ravonlikka imkoniyat qoldirmaslikning eng to‘g‘ri yo‘li — tarbiyachilikni mamlakatdagi eng nufuzli va yuqori haq to‘lanadigan kasblar qatoriga qo‘shishdir. Ijtimoiy paket va maoshlar tizimi tubdan qayta ko‘rib chiqilsagina, bog‘chalarga tasodifiy, ijtimoiy jihatdan charchagan va stressga dosh berolmaydigan odamlar emas, balki eng kuchli, bola ruhiyatini tushunadigan professional pedagoglar katta tanlov asosida intiladigan bo‘ladi. Bugun sohada qat’iy “nol tolerantlik” milliy standartini o‘rnatmasdan turib, bolalik xavfsizligini ta’minlash imkonsizdir.

Shahruza SATTOROVA





Теги :
Jamiyat