$
 12844.21
-11.72
 13508.26
-62.46
 127.35
-0.81
weather
+26
Кечаси   +14°

Endi shaharsozlik sohasida qonunbuzilish holatlari uchun alohida komissiya tuziladi

Shaharsozlik komissiyasi

“Bino va inshootlarni joylashtirish va qurishda davlat arxitektura nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.

Komissiyaning asosiy vazifalari

Shaharsozlik sohasidagi qonunbuzilish holatlari oldini olish bo‘yicha respublika komissiyasi tuziladi hamda uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni aniqlash hamda bartaraf etish bo‘yicha vakolatli organlarning faoliyatini muvofiqlashtirib borish;

o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarni bartaraf etish bilan bog‘liq sud hujjatlarining amalda ijro etilishini ta’minlash choralarini ko‘rish;

amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida doimiy ravishda O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga hisobot kiritib borish.

Bino va inshootlarni joylashtirish va qurishda davlat arxitektura nazorati

Qonunga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan qurilgan bino va inshootlarni aniqlash va davlat arxitektura nazoratini amalga oshirish tadbirkorlik subyektlarining qonuniy faoliyatiga aralashish hisoblanmaydi. Tuman (shahar) qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limlarining arxitektura va qurilish sohasi bo‘yicha bosh mutaxassislari lavozimlari (ularning faoliyatini moliyalashtirish va mehnatini rag‘batlantirish bo‘yicha amaldagi tartibni saqlab qolgan holda) to‘g‘ridan to‘g‘ri Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining Davlat arxitektura nazorati departamenti bo‘ysunuviga o‘tkaziladi.

O‘zboshimchalik bilan imorat qurganlar qonunan jazolanadi

Quyidagilar Davlat arxitektura nazorati departamentining aholi punktlarining tasdiqlangan bosh rejalarida bino va inshootlarni joylashtirish hamda qurishda shaharsozlik to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashdagi asosiy vazifalari etib belgilanadi:

aholi punktlarida va ularning orasidagi hududlarda tuman (shahar) hokimlari tomonidan imoratlar qurilishi uchun yer uchastkalarining tegishli ruxsat berish hujjatlarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda rasmiylashtirmasdan berilishining oldini olish;

yuridik va jismoniy shaxslar, davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan o‘zboshimchalik bilan imoratni qurishga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

bino va inshootlarni joylashtirish va qurishda qonunbuzilish holatlari aniqlangan taqdirda, bu haqida xulosa tuzgan holda tegishli yuqori turuvchi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar berish;

aholi punktlarini qurishda shaharsozlikka oid qonunchilik hujjatlariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarning ommaviy axborot vositalarida muntazam ravishda yoritib borilishini tashkil etish.