$
 12049.44
52.23
 14024.34
75.18
 163.92
2.4
weather
+26
Кечаси   +14°

Bolalar o‘ynamaydigan shaharlar: Dunyodagi “arvoh shaharlar” kechmishiga bir nazar

shahar

So‘nggi kunlarda AES qurilishi aktual mavzulardan biriga aylandi. Kimdir uni energiya mustaqilligi va iqtisodiy taraqqiyot bilan bog‘lasa, boshqalar ehtimoliy xavflar haqida gapirmoqda. Bunday xavotirlarning ildizi esa ko‘pincha insoniyat tarixidagi eng yirik texnogen falokatlardan biri – Chernobil hodisasiga borib taqaladi. Bir paytlar bolalar kulgisi yangragan, xiyobonlari gavjum bo‘lgan Pripyat bugun sukunat hukmronlik qilayotgan shaharga aylangan. Pripyat tashlab ketilib kimsasiz qolgan yagona shahar emas. Ushbu maqolada ana shunday shaharlar tarixini bir joyga jamladik.

Pripyat 1970-yilda Ukrainada, Chernobil atom elektr stansiyasi xodimlari va ularning oilalari uchun barpo etilgan zamonaviy shahar edi. Qisqa vaqt ichida u rivojlanib, aholi soni qariyb 50 ming kishiga yetdi. Shaharda maktablar, bog‘chalar, shifoxonalar, madaniyat saroylari va istirohat bog‘lari faoliyat yuritardi.

16 yildan so‘ng Chernobil AESning 4-reaktorida portlash sodir bo‘ldi. Dastlab aholi voqea xavfi haqida to‘liq xabardor qilinmadi. Oradan 36 soat o‘tgach, 27-aprel kuni Pripyat aholisi evakuatsiya qilina boshladi. Rasmiylar fuqarolarga o‘zlari bilan faqat eng zarur buyumlarni olishni va bir necha kundan so‘ng qaytib kelishlarini aytgan edi. Biroq bu qaytish hech qachon sodir bo‘lmadi. Radioaktiv ifloslanish darajasi yuqori bo‘lgani sababli shahar yashash uchun yaroqsiz deb topildi. Natijada minglab xonadonlar, maktablar, do‘konlar va ko‘ngilochar maskanlar egasiz qoldi. Tabiat asta-sekin beton binolarni o‘z bag‘riga ola boshladi. Ko‘chalar o‘rtasida daraxtlar o‘sib chiqdi, binolar yemirildi va shahar vaqt ichida muzlab qolgandek taassurot uyg‘ota boshladi.

Bugungi kunda Pripyat dunyodagi eng mashhur “arvoh shahar”lardan biri hisoblanadi. U nafaqat Chernobil falokatining ramzi, balki texnologik xatolar va ularning inson hayotiga ta’siri haqida eslatib turuvchi tarixiy yodgorlik hamdir. Bundan tashqari, Pripyat shahrida mashhur “Unutilganlar yurti” va “Chernobil kundaliklari” filmlari suratga olingan. Halokatga bag‘ishlangan “Chernobil” seriali Litvada olingan bo‘lsa-da, Pripyat manzaralari aks etgan.

Shaharlar kimsasiz qolishi uchun aynan falokat bo‘lishi shartmasligiga Kolmanskop misolini keltirsa bo‘ladi. 1908-yilda Afrika hududlarida olmos konlari topila boshladi. O‘sha davrda Namibiya Germaniya mustamlakasi bo‘lgani uchun u yerda Kolmanskop shaharchasi nemis uslubida quriladi. Shaharda hashamatli uylar, maktab, shifoxona, teatr, kazino, elektr stansiyasi va hatto Afrikadagi ilk rentgen apparatlaridan biri mavjud edi. Cho‘l o‘rtasida joylashganiga qaramay, u mintaqaning eng farovon maskanlaridan biriga aylandi.

Biroq oradan 12 yil o‘tib olmos zaxiralari kamaya boshladi va Afrikaning janubiy hududlarida yanada boyroq konlar topildi. Natijada, kon kompaniyalari va ishchilar asta-sekin yangi hududlarga ko‘chib ketdi. 1956-yilga kelib Kolmanskop butunlay tashlab ketildi. Aholi ketgach, Namib cho‘lining qumlari binolar ichiga kirib, ko‘chalarni bosib oldi. Bir paytlar gavjum bo‘lgan uylar, maktablar va jamoat binolari qum ostida qolib, xarobaga aylandi.

Bugungi kunda qum bilan to‘lgan xonalar va tashlandiq binolar bu joyni sayyohlar hamda fotograflar uchun noyob manzilga aylantirgan. Shahar iqtisodiy yuksalish qanchalik tez bo‘lsa, tanazzul ham shunchalik tez yuz berishi mumkinligining yorqin misoli sifatida tilga olinadi.

 

Kon zaxiralari bo‘shab qolgani uchun tashlab ketilgan shaharlar qatorida Bodie shahri ham bor. AQShning Kaliforniya shtatida 1859-yil yirik oltin konlari aniqlangach, shahar tez sur’atlarda rivojlanib boshlaydi. 1870–1880-yillarda uning aholisi 7–10 ming kishiga yetdi. Shaharda yuzlab uylar, mehmonxonalar, restoranlar, maktablar, banklar va savdo markazlari faoliyat yuritardi. Oltin qazib olishdan kelgan katta daromad Bodieni mintaqaning eng gavjum shaharlaridan biriga aylantirdi. Biroq bu farovonlik uzoq davom etmadi. XIX asr oxirlariga kelib oltin zaxiralari kamaydi, konlardan olinayotgan foyda pasaydi va ish o‘rinlari qisqardi. Natijada aholi boshqa hududlarga ko‘chib keta boshladi. XX asr boshlarida shahar keskin bo‘shab qoldi. Bir necha yirik yong‘inlar ham Bodiening tanazzulini tezlashtirdi. 1940-yillarga kelib esa u deyarli butunlay tashlab ketildi.

Bugungi kunda Bodie tarixiy yodgorlik sifatida saqlanmoqda. O‘nlab binolar hali ham o‘z holicha turibdi. Do‘kon javonlari, maktab sinfxonalari va uylarning ichki jihozlari o‘tmishdagi hayotni eslatib turadi. Shu sababli Bodie nafaqat arvoh shahar, balki Amerika oltin izlovchilari davrining tirik muzeyi sifatida ham e’tirof etiladi.

 

Sharqdagi eng mashhur “arvoh shahar” Yaponiyadagi Hashima hisoblanadi. Ushbu shaharning tashlab ketilish “ssenariysi” Bodie va Kolmanskoplarniki kabi bo‘ldi. XIX asr oxiri va XX asr boshlarida orol atrofida yirik ko‘mir konlari aniqlangach, u sanoat markaziga aylandi. Konlarni mashhur Mitsubishi kompaniyasi boshqargan. Orol hududi juda kichik bo‘lishiga qaramay, bu yerda ko‘p qavatli turar joylar, maktablar, do‘konlar, kasalxona va boshqa infratuzilmalar qurildi. 1950–1960-yillarda Hashima dunyodagi aholi zichligi eng yuqori hududlardan biri hisoblangan.

Biroq 1960-yillardan boshlab Yaponiya energetika siyosatida ko‘mir o‘rnini neft egallay boshladi va ko‘mir konlariga talab keskin kamaydi. Natijada, Hashimadagi konlar iqtisodiy jihatdan samarasiz bo‘lib qoldi va 1974-yilda rasman yopildi. Konlar yopilgach, aholi orolni tark etdi. Bir necha oy ichida Hashima butunlay bo‘shab qoldi. O‘nlab yillar davomida qarovsiz qolgan binolar shamol, yomg‘ir va dengiz tuzi ta’sirida yemirila boshladi.

Bugungi kunda Hashima Yaponiyaning sanoat merosi ramzlaridan biri hisoblanadi. 2015-yilda u UNESCOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Tashlandiq beton binolari va bo‘sh ko‘chalari esa uni dunyodagi eng mashhur arvoh shaharlardan biriga aylantirgan. Orolda ko‘plab hujjatli filmlar va kinolar, jumladan Jeyms Bond filmi ham tasvirga olingan.

Теги :
Jamiyat