$
 11914.67
3.74
 13735.23
-49.29
 148.27
0.78
weather
+26
Кечаси   +14°

Dasht javohiridan tog‘lar tojigacha: Qo‘shni mamlakatlarning eng go‘zal shaharlariga qulay borish usullari

shahar

Dasht o‘rtasida qad ko‘targan kelajak poytaxti

Astana — Qozog‘istonning eng zamonaviy poytaxt shahri hisoblanadi. Shahar mamlakatning keng dashtlar orasida, Esil daryosi bo‘yida joylashgan. Bu yerda osmono‘par binolar, noodatiy arxitektura, keng ko‘chalar, hukumat binolari, opera teatri va katta masjidlar bir joyda jamlangan. Poytxatning Bayterek minorasidan butun Astana kaftdagidek ko‘rinadi. Shuningdek, shisha “Nur Alem” shari, Hazrat Sulton masjidi va turli madaniy markazlar ham shaharga alohida joziba beradi. Astanada qish juda sovuq bo‘lib, harorat −30°C gacha tushadi va Esil daryosi ko‘pincha muzlab turadi. Shuning uchun qishki manzarasi juda chiroyli. Qaysi faslda borsangiz ham, Astana o‘zining go‘zal ko‘rinishi bilan kutib oladi.

Astanaga qanday borish mumkin?

Shaharga borish uchun bir nechta yo‘l bor. Eng tez va qulay transport bu – samolyot. Parvozning o‘zi odatda 2 soat davom etadi. Umumiy safar esa aeroportga borish, ro‘yxatdan o‘tish bilan 4–5 soatga cho’zilishi mumkin. Chipta narxi taxminan 93 dollardan boshlanadi. Toshkentdan Astanaga borishda eng ko‘p foydalaniladigan yerusti transporti poyezd hisoblanadi. Poyezd yo‘lda 26-30 soat atrofida yuradi. Chiptalar taxminan 42 dollardan boshlanadi. Toshkentdan Astanaga avtobuslar ham qatnaydi. Rome2Rio ma’lumotiga ko‘ra, avtobus 31 soat atrofida yuradi va chiptalar 30–34 dollar oralig‘ida bo‘lishi mumkin. Mashina bilan borish – eng erkin, lekin ko‘pincha eng charchatadigan yo‘l. Masofa juda uzoq bo‘lib, chegara, yoqilg‘i, ovqat va hokazo hisobga olinsa, bunaqa yo‘llarda mashinada borish kamida 142–205 dollar atrofida xarajat qilishga sabab bo‘ladi. Bu odatda do‘stlar bilan 3–4 kishi bo‘lib, mashina yo‘l haqqini bo‘lishib to‘lash uchun ma’qul.

Tog‘ shamoli esib turadigan zamonaviy shahar

Qozog‘istonning yana bir eng go‘zal shaharlaridan bo‘lgan Olmaota mamlakatning janubi-sharqida, baland tog‘lar etagida joylashgan. Atrofini o‘rab turgan Trans-Ili Alatau tizmasi shaharga alohida ko‘rk beradi. Shu sababli ham ko‘p odamlar Olmaotani “tog‘ bag‘ridagi ulkan shahar” deb tasvirlaydi. Shaharning o‘zi juda zamonaviy bo‘lib, keng ko‘chalari, baland binolari, bog‘lari, har xil muzey va madaniy markazlari bor. Ayniqsa, Kok Tobe tepaligiga chiqilsa, butun Olmaotaning go‘zal manzarasini ko‘rish mumkin. Qishda Shymbulak tog‘-chang‘i kurorti ko‘plab sayyohlarni jalb etadi. Qorli tog‘lar, toza havo va sport muhiti Olmaotani qish faslida ham sayohat uchun juda mos joyga aylantiradi. Yozda esa aksincha, tog‘ yo‘llarida sayohat qilish, shaharning yashil bog‘larida dam olish, muzey va tarixiy joylarni ko‘rish qo‘l keladi.

Poyezd, avtobus yoki samolyot – qaysi bir yaxshiroq?

Olmaotaga borish uchun eng ko‘p foydalaniladigan transportlardan biri bu – poyezddir. Safar taxminan 17–18 soat davom etadi. Chipta narxi 12 dollardan boshlanadi. Avtobus esa odatda biroz arzonroq bo‘lib, taxminan 16–18 soatda 20-25 dollar bilan manzilga yetish mumkin. Agar tezda borish kerak bo‘lsa, samolyot eng yaxshi variant. Parvoz 4–5 soat bo‘lib, chiptalar boshlang‘ich 75–260 dollardan bo‘ladi. Mashina yoki taksi bilan borganda yo‘lga 10–11 soat vaqt hamda 70–101 dollar pul sarflanadi.

Dasht o‘rtasidagi yashil maskan

Shimkent – Qozog‘istonning eng iliq va yashil shaharlaridan biri. Shahar keng dashtlar orasida joylashgan bo‘lsa-da, nihoyatda ko‘p daraxtlar, bog‘lar va soyali xiyobonlarga boy. Atrofdagi baland tog‘lar shaharga yanada ko‘p go‘zallik qo‘shadi, ayniqsa bahor va yozda tog‘lar yam-yashil tusga kirib, manzara yanada chiroyli bo‘ladi. Sayram–Ugam milliy bog‘i, Aksu darasi va Jabag‘li qo‘riqxonasidagi lola dalalari bu hududning eng mashhur tabiat maskanlari bo‘lib, toza havo va sokinlik izlaydiganlar uchun juda mos. Shahar tabiat, sokinlik va shahar hayoti uyg‘unlashgan yoqimli manzil sifatida ko‘pchilikka ma’qul keladi.

Toshkentdan Shimkentga poyezd va mashinada borish mumkin

Kazakhstan Railways ma’lumotiga ko‘ra, Toshkentning janubiy vokzalidan Shimkentga poyezd taxminan 6 soat 13 daqiqada yetib boradi. Chiptalar 10–15 dollardan boshlanadi. Toshkent–Shimkent yo‘nalishida avtobus va samolyot yo‘lga qo‘yilmagan. Shimkentga taksi bilan 1–2 soatda 11–16 dollar bilan borish mumkin. 

Dam olish uchun eng yaqin manzil

Bishkek — Qirg‘izistonning sokin, yashil va juda yoqimli poytaxti. Shahar tog‘larga yaqin joylashgani uchun havosi toza, shamoli yengil va salqin bo‘lib turadi. Keng-ko‘cha xiyobonlari, eski rus uslubidagi arxitektura, parklaridagi shovqinsiz muhit insonlarni o‘ziga jalb qiladi. Ayniqsa, shahar atrofidagi tog‘lar va Issiqko‘lga boradigan yo‘llar sayyohlar uchun yaxshi joy. Bishkek odamlari muloyim, narxlar ham hamyonbop. Shu sababli ko‘p o‘zbekistonliklar dam olish yoki qisqa sayohat uchun aynan Bishkekni tanlaydi.

Bishkek tomon yo‘l

Shaharga borishning eng tez va oson yo‘li bu samolyotda borishdir. Parvozning o‘zi 1 soat-u 13 daqiqa davom etadi. Narxlar taxminan 883 ming so‘mdan boshlanadi. Odamlarda Bishkekka borishda eng ko‘p avtobuslarni tanlaydi. Chiptalar odatda 26–38 dollar atrofida bo‘ladi. Yo‘l taxminan 14 soat davom etadi. Bu yo‘nalishga qatnaydigan poyezdlar ham bor. Odatda Toshkentdan Bishkekka poyezdda borishda o‘rtacha 22–25 soat ketadi. Narx esa 25–40 dollarni tashkil qiladi.

Mashina bilan borishda esa yo‘l 8–9 soat davom etadi. Benzin, chegara va boshqa xarajatlarni qo‘shib hisoblasangiz, odam boshiga 51–74 dollar atrofida ketadi.

Sulaymon tog‘i soyasidagi go‘zal shahar

O‘sh — Qirg‘izistonning eng qadimiy va eng chiroyli shaharlaridan biri. Shahar baland tog‘lar bag‘rida joylashgani uchun havosi sof, manzaralari esa har faslda boshqacha tusga kiradi. O‘shning eng mashhur joyi — shahar o‘rtasida ko‘tarilib turgan Sulaymon tog‘i hisoblanadi. Bahorda tog‘ etaklari yashil libosga kirib, lola va gullar ochiladi, daryo bo‘ylarida esa sayr qilish mumkin. Shahar eski bozorlar, masjidlar va tarixiy joylar bilan boy bo‘lib, qadimiy ipak yo‘li ruhi hanuz sezilib turadi. O‘sh odamlari muloyim, shahar esa tinch va tabiatga yaqin bo‘lgani uchun ko‘pchilik bu yerga dam olish yoki tog‘ manzarasidan bahramand bo‘lish uchun boradi.

O‘shga borishning eng qulay yo‘li…

O‘shga borish uchun eng ko‘p tanlanadigan yo‘l bu – taksida chegara orqali o‘tishdir. Toshkentdan chegara punktigacha taksi bilan borib, u yerdan O‘shga umumiy mashinalar bilan yo‘lni davom ettirish mumkin. Butun safar odatda 7–8 soat davom etadi, xarajat esa 14–20 dollar atrofida bo‘ladi. Shaharga avval poyezd keyin avtobus bilan ham borish mumkin. Yo‘lga o‘rtacha 7–9 soat vaqt ketadi. Chiptalar esa eng kamida 15–20 dollar atrofida turadi.

Agar eng tez borish kerak bo‘lsa, samolyot varianti ham bor. Parvoz vaqti 1 soatcha davom etadi. Aviabiletlar 90 dollardan boshlanadi. Mashinada yo‘lga chegara bilan birga o‘rtacha 6 soat vaqt ketadi. Benzin va boshqa xarajatlarni qo‘shib hisoblaganda, butun mashina uchun 35–50 dollar atrofida sarf bo‘ladi.

Oq marmarlar shahri

Ashxobod — Turkmanistonning oq marmardan qurilgan, juda sokin va o‘ziga xos poytaxtidir. Shahar keng ko‘chalari, baland marmar binolari, kattakon maydonlari va tungi yoritilishi bilan diqqatni darrov tortadi. Shovqin deyarli yo‘q, odamlari muloyim. Dunyoning “eng ko‘p marmar binolari bor shahri” sifatida tanilganligi ham Ashxobodga alohida joziba beradi. Ko‘plab sayyohlar Ashxobodga uning betakror arxitekturasi, qadimiy turkman madaniyati va nihoyatda toza shahar muhiti sabab kelishadi. Kunduzi oq marmar binolar quyoshda yaltirab turadi, kechasi esa shahar chiroqlari uni butunlay o‘zgacha qiyofaga kirgizadi.

Ashxobodga qaysi transport bilan borish qulayroq?

Shaharga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam reyslar bo‘lmagani sabab, ko‘pincha tranzit orqali samolyotda boriladi. Parvozning o‘zi 1,5–2 soat atrofida bo‘lsa ham, tranzitlar bilan umumiy safar odatda 10–11 soatga cho‘ziladi. Samolyot chiptalari 500–600 dollardan boshlanadi. Ashxobodga yerusti transportida borish ham mumkin. Eng ko‘p qo‘llaniladigan yo‘l — poyezd va avtobusni birlashtirgan variant. Rome2Rio ma’lumotiga ko‘ra, Tashkent → Buxoro → Turkmenabat → Ashxobod yo‘nalishida safar 24–27 soat davom etadi. Bu masofadagi poyezd va avtobuslar odatda 30–60 dollardan boshlanadi.

Shaharga faqat avtobus bilan borish ham mumkin. Tashkentdan Turkmanobod va u yerdan Ashxobod tomon borilsa, yo‘l o‘rtacha 26 soat davom etadi. Narx esa odatda 30–40 dollar bo‘ladi.

Mashina bilan borish eng erkin, lekin eng uzoq va xarajatli variant. Toshkentdan Ashxobodgacha bo‘lgan masofa 1300 kilometrdan ko‘proq bo‘lib, yo‘l 18–19 soat davom etadi. Benzin, chegara va boshqa xarajatlarni qo‘shib hisoblasangiz, butun mashina uchun 140–200 dollar sarflash mumkin. Bu yo‘l ko‘pincha 3–4 kishi bo‘lib, xarajatni bo‘lib to‘lash uchun qulay.

Tog‘lar bag‘ridagi go‘zal poytaxt

Dushanbe — Tojikistonning osoyishta va go‘zal poytaxt shahri. Shahar baland tog‘lar orasida joylashgani uchun havosi sof, manzaralari chiroyli va tinch muhit hukm suradi. Keng ko‘chalari, katta xiyobonlari, sharqona arxitekturasi, muzey va bog‘lari bilan Dushanbe sayyohlarni tezda o‘ziga tortadi. Ayniqsa, shahar yaqinidagi tog‘lar va tog‘ yo‘llari tabiatni yaxshi ko‘radiganlar uchun juda mos. Bu yerning odamlari muloyim, mehmondo‘st, narxlar ham uncha qimmat emas. Shu sababli ko‘p o‘zbekistonliklar qisqa sayohat uchun Dushanbeni tanlashadi.

Dushanbega borishda qaysi transportni tanlagan ma’qul?

Shaharga parvozlar taxminan 50–55 daqiqa davom etadi. Chiptalar odatda 70–100 dollar oralig‘ida bo‘ladi. Odamlar ko‘pincha poyezdda borishni afzal ko‘radi. Tashkent North stansiyasidan chiqadigan poyezd Dushanbegacha 18–19 soat yuradi. Yo‘l uzun bo‘lsa ham, vagonlarda yotib borish mumkin, chegara poyezdda o‘tilgani uchun safar tinch o‘tadi. Poyezd chiptalari odatda 35–50 dollar atrofida bo‘ladi.

Avtobus va mashina bilan borganda yo‘l o‘rtacha 9–12 soat davom etadi. Yo‘l xarajati taxminan 23–28 dollar atrofida tushadi. Mashina bilan o‘rtacha 6–7 soatda yetib olish mumkin. Benzin, chegara va boshqa xarajatlarni qo‘shib hisoblasangiz, bir mashina uchun 40–57 dollar ketadi.

Tabiat, tarix va tinch muhit bir joyga jam bo‘lgan Xo‘jand

Xo‘jand — Tojikistonning eng qadimiy va eng yoqimli shaharlaridan biri. U Sir daryosi bo‘yida, keng va quyoshli So‘g‘d vodiysida joylashganligi uchun havosi toza, manzaralari esa juda chiroyli. Daryo bo‘yidagi uzun chinorlar, bog‘lar va sokin sayilgohlar shaharni yanada jozibador qiladi. Atrofidagi tog‘lar ertalab quyosh chiqqanda pushti rangga kirib, kechqurun esa oltinday tovlanib turadi. Shu uyg‘unlik Xo‘jandga o‘ziga xos, sokin va yoqimli kayfiyat beradi.

Shahar markazida qadimiy Xo‘jand qal’asi, tarix muzeyi, mashhur Panjshanbe bozori va Arbob madaniyat saroyi kabi joylar mavjud. Xo‘jand odamlari muloyim, mehmondo‘st va xushmuomala bo‘lgani uchun bu yerga kelgan hech bir inson o‘zini begona his qilmaydi.

Toshkentdan Xo‘jandga safar qanchaga tushadi?

Xo‘jandga borish uchun eng ko‘p tanlanadigan yo‘l bu – taksida chegara orqali o‘tishdir. Toshkentdan Oybek chegara punktigacha taksi bilan taxminan 1–1,5 soatda boriladi, u yerdan Xo‘jandga umumiy taksilar ketadi. Butun yo‘l o‘rtacha 4–5 soat davom etadi, xarajat esa 10–20 dollar atrofida tushadi.

Shaharga avtobus bilan ham borish mumkin. Bu yo‘l biroz sekinroq bo‘lsa-da, narx jihatdan arzon hisoblanadi. Avtobuslar odatda 5–7 soatda manzilga yetadi, chiptalar esa 20–30 dollar oralig‘ida bo‘ladi.

Tez yetib borish kerak bo‘lsa, samolyot varianti ham bor. Lekin muntazam reyslar kam bo‘lgani sabab narxlar yuqoriroq bo‘ladi. Parvozning o‘zi atigi 40–45 daqiqa, ammo tranzitli variantlarda vaqt cho‘zilishi mumkin. Chiptalar odatda 112–160 dollardan boshlanadi. O‘z mashinangizda borsangiz, yo‘l ancha qulay bo‘ladi. Chegara bilan birga 3–4 soatda Xo‘jandga yetib borish mumkin. Benzin va mayda xarajatlarni qo‘shib hisoblansa, butun mashina uchun 25–40 dollar atrofida sarf bo‘ladi, bir necha kishi bo‘lib chiqsangiz, yanada arzon tushadi.

Теги :
Jamiyat