$
 12838.33
-13.67
 13498.22
-70.92
 119.70
0.71
weather
+26
Кечаси   +14°

Boshqaruv servis kompaniyalarning shartnomalarida qonundan tashqari asossiz shartlar belgilanganligi ma’lum bo‘ldi

servis

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi va uning hududiy tuzilmalariga fuqarolardan boshqaruv servis kompaniyalari (BSK) va ular tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlardan norozilik bildirilgan ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.

Kompaniyalarda hisobotlar bilan ochiq-oydin tanishishning imkoni yo‘q

Ma’lum bo‘lishicha, 2024-yilning yanvar-oktyabr oylarida Qo‘mitaga uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, qurilish va transport sohasida iste’molchilardan jami 8434 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, bulardan 380 tasi ko‘p kvartirali uylarni boshqarish sohasiga to‘g‘ri keladi.

Murojaatlar o‘rganilganda boshqaruv organlari tomonidan mulkdorlarning umumiy yig‘ilishlarni o‘tkazilmasligi, amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlar ochiq taqdim etilmasligi va hisobotlar bilan tanishish uchun onlayn imkoniyatlarning mavjud emasligi shuningdek, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun asossiz qarzdorliklar hisoblanayotganligi ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek, o‘rganishlar jarayonida shartnomalarda belgilangan qonunchilik normalariga mos kelmaydigan yoki iste’molchining huquqini cheklab qo‘yuvchi bir nechta shartlarni kiritgan quyidagi Boshqaruv servis kompaniyalari aniqlandi.

Bir qator hududlarda huquqlarni suiiste’mol qilgan servis kompaniyalari mavjud

Misol tariqasida Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahrida “Lochin-Sanjar BK” MCHJning shartnoma shartlarida majburiy badallarni to‘lashda muddatdan kechiktirganlik uchun 0,1 foiz miqdorida jarima qo‘llanishi, biroq kompaniya o‘z majburiyatlarini muddatida bajarmaganlik uchun hech qanday javobgarlik belgilanmaganligi nazarda tutilganini keltirib o‘tish mumkin.

Bu kabi holatlar Toshkent viloyatining “Ascent Gold Story” MCHJ, Qashqadaryo viloyati "Omad paxtazor kommunal PBK" MCHJ, Sirdaryo viloyatida “Istiqlol kommunal xizmat ta’mir” MCHJ, Samarqand viloyatida "Nurafshon tashabbusi” MCHJ va “Afrosiyob Maroqand BSK” MCHJ va “Pastdarg‘om kommunalchi” MCHJlarida ham kuzatilgan.

Shuning bilan birga, Farg‘ona viloyatida faoliyat yurituvchi “Xumo Turon” MCHJ shartnomasida esa 3 oy mobaynida to‘lov amalga oshirilmagan taqdirda elektr energiyasi, gaz va suv ta’minotidan uzib qo‘yilishi qayd etilganini ham keltirib o‘tish mumkin. Amaldagi qonunchilikka asosan BSKlarga kommunal ta’minotlardan uzib qo‘yish vakolati berilmagan.

Toshkent viloyati, Olmaliq shahrida yashovchi fuqaroning “Ascent Gold Story” MCHJ boshqaruv servis kompaniyasi o‘rtasida tuzilgan umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni ta’mirlash bo‘yicha tuzilgan shartnomada BSK o‘z majburiyatlarini bajarmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganlik natijasida yetkazilgan zarar Davlat tomonidan qoplab berilishi to‘g‘risida asoslanmagan shart belgilangan.

Holat bo‘yicha qonunchilikda mulkdor huquqi himoyalangan

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi Qonuni 28-moddasining:

11-xatboshida belgilangan agar boshqaruvchi tashkilot yoki boshqaruvchi shartnoma shartlarini bajarmasa, ko‘p kvartirali uydagi joylarning mulkdorlari umumiy yig‘ilish qaroriga asosan ko‘p kvartirali uyni boshqarish shartnomasini bajarishdan bir tomonlama tartibda voz kechishga va boshqa boshqaruvchi tashkilotni yoki boshqaruvchini tanlash to‘g‘risida qaror qabul qilishi asosiy huquqlaridan biri bo‘lib, lekin shartnomaning tomonlarning majburiyatlari va huquqlari to‘g‘risidagi bo‘limida mulkdorning hech qanday huquqi aks ettirilmagan.

Eslatib o‘tamiz: O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining:

6-moddasiga muvofiq, ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovar (ish, xizmat)lar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart.

19-moddasiga muvofiq, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish)qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi(xizmat ko‘rsatishi) shart.

Yuqorida qayd etilgan ko‘p kvartirali uyni boshqaruvchi tashkilotlar faoliyatidagi mavjud muammolar yechimi bo‘yicha Raqobat qo‘mitasi tomonidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasiga tegishli takliflar bilan ma’lumot yuborildi.