$
 12557.56
-34.15
 14809.13
-12.57
 159.44
-0.74
weather
+26
Кечаси   +14°
textileads

Urfga kirayotgan oshqozon kichraytirish: asorat, oqibat va narxlar

semizlik

Bugungi kunda dunyo bo‘ylab har sakkiz kishining biri, ya’ni 1 milliard odam semizlikdan aziyat chekmoqda. Ularning 879 millioni kattalar va 159 millioni bolalardir.

Ma’lumki, ortiqcha vazn yoki semirib ketish yuqori qon bosimi, II turdagi diabet, insult, yuqori xolesterin, ayrim saraton turlari, yurak-qon tomir kasalliklari, uyqusizlik, oshqozon-ichak kasalliklari va ruhiy salomatlik, shu jumladan depressiya va tashvish muammolari xavfini oshiradi.

Oshqozonini qisqartirgan mashhurlar

Mana shunday vaziyatda turli-tuman parhezlar, oshqozonni qisqartirish, ozdiruvchi dorilar, yog‘larni so‘rdirish kabi amaliyotlar ko‘paymoqda. Bunday ozdiruvchi usullar O‘zbekistonda ham ommalashib ulgurdi.

Keyingi paytlarda oshqozonini jarrohlik yo‘li bilan qisqartirish natijasida hayratlanarli darajada ozgan san’at vakillari haqidagi xabarlar tez-tez quloqqa chalinyapti. Masalan, instabloger Muborak Abdullayevaning vazni operatsiyadan oldin 130 kg. bo‘lgan. Hozir esa uning sezilarli darajada ozganini ko‘rish mumkin.

Shu kungacha tomoshabinlar Zuhra Soliyevani xipchabel qiyofada ko‘rmagan edi. Chunki aktrisa debyut rolini ijro etgan paytda ham do‘mboq edi. Biroq aktrisa oshqazonini qisqartirgach ilk oyda 15 kg. vazn tashlaganini aytadi. U avval 110 kg. bo‘lgan, hozir esa teng barobar ozgan.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Muyassar Berdiqulova bir necha yildan buyon ortiqcha vazn bilan kurashardi. Bir necha yillik qat’iy diyeta sabab 25 kg vazn ham tashlagandi. Ammo natijani ushlab qolish oson kechmadi. Shu bois aktrisa oshqozon kichraytirish amaliyotini boshdan kechirdi. Vazni 85 kg bo‘lganida jarrohlik amaliyotini o‘tkazib, 30 kilogrammdan ko‘proq vazn tashladi.

Ortiqcha vazndan qutulib, boshqa insonga aylangan o'zbek san'ati vakillari  (foto) — Daryo Yangiliklari

O‘zbek milliy akademik drama teatri aktyori O‘tkir Mengliyev ham ozish uchun so‘nggi chorani qo‘llashga majbur bo‘ldi, operatsiyadan so‘ng u 60 kiloga ozdi.

Marhum xonanda Mo‘min Oripovning rafiqasi Kamola Oripova Instagram foydalanuvchilariga yaxshi tanish. U operatsiyani 2020-yilning 8-fevral sanasida qildirgan. Bir yilda esa 43 kilo vazn yo‘qotgan.

Bariatriya yoki metabolik jarrohlik

Ushbu surat va natijalarni ko‘rgan kishida ushbu jarrohlik turiga nisbatan qiziqish uyg‘onadi. Ularda o‘zi bu qanday amaliyot, kimlarga mumkin, zarari bormi, narxi qancha degan savollar tug‘ilishi tabiiy. Quyida ushbu savollarga javob topishingiz mumkin.

Oshqozon kichraytirish jarrohlik amaliyotining tibbiy nomi — bariatriya (metabolik jarrohlik) bo`lib, bu Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan semirish va qandli diabetni davolash uchun tavsiya etilgan. Bariatrik jarrohlikdan so`ng bemorlar sezilarli va tez vazn yo`qotishadi.

Qaysi darajada jarrohlikni tanlash kerak?

Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Shuhrat Hoshimov bu savolga javob berdi.

“Tibbiyotda semizlik turli darajalarga bo‘linadi. Tana vazni indeksi 30 dan 35 gacha bo‘lsa, birinchi, 35-40 gacha ikkinchi, 40 dan tepasi uchinchi darajali hisoblanadi. 40 dan yuqori bo‘lganda 16-60 yosh oralig‘idagi bemorlarga jarrohlik yo‘li bilan ozish tavsiya qilinadi.

Shuningdek, tana indeksi 35 dan yuqori va qandli diabet, gipertoniya, osteoxondroz, qonda lipidlar miqdorining balandligi, yurak ishemik hamda artroz kabi yondosh xastaliklar bo‘lganda ham mazkur amaliyotni o‘tkazish mumkin.

Bundan tashqari, ozishga tabiiy choralar foyda bermaganda ham bu muolaja usuliga murojaat qilinadi. Bariatrik jarrohlikdan so‘ng bemorlar sezilarli va tez vazn yo‘qotadi”.

Oshqozon kichraytirish amaliyoti qachon mumkin emas?

 Shifokorning ta’kidlashicha, tibbiyotdagi aksariyat muolajalar qarshi ko‘rsatmalarga ega. Shu ma’noda oshqozon kichraytirish amaliyotini ham qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar mavjud. Eng avvalo, surunkali yurak kasalligiga chalingan insonlarda bariatriya operatsiyasini bajarish tavsiya etilmaydi.

Qolaversa, buyrak yetishmovchiligi yoki jigar, o‘sma xastaliklari bor bemorlarda ham bu muolajani o‘tkazish mumkin emas.

Bemorlarda qanday salbiy asoratlar kuzatilishi mumkin?

Bariatrik jarrohlikdan keyin inson to‘yinishi uchun oz miqdordagi oziq-ovqat ham yetarli bo‘ladi. Qolaversa, bu muolaja usuli semirish bilan bog‘liq ko‘plab jiddiy kasalliklarga barham berishi bilan ahamiyatli. Biroq mazkur operatsiya asoratlardan xoli emas.

Ya’ni, amaliyotdan so‘ng bemorning kesilgan joyidan qon ketishi, temir tanqisligi anemiyasi rivojlanishi mumkin. Ba’zi hollarda o‘n ikki barmoqli ichakdagi safro oshqozonga zarda bo‘lib chiqishi kuzatiladi.

Shuningdek, ushbu amaliyotni qo‘llaganlarda oshqozonning shilliq qavatida yaxshi so‘riladigan B12, D3 vitaminlari kamayib ketishi uchraydi. Shunga qaramay, operatsiyadan keyingi ushbu asoratlar qiyinchiliksiz bartaraf etiladi va bu bemorlar hayotiga xavf tug‘dirmaydi. Jarrohlik amaliyotidan so‘ng ozish nafaqat semizlik asoratlaridan qutilish, balki yana uzoq yil sifatli hayot kechirish imkonini beradi.

Yana qayta semirib ketish mumkinmi?

25 yillik tajribagan ega oliy toifali gastroenterolog Gulnozo Ochilova fikrga ko‘ra, operatsiyadan so‘ng oshqozon yana kengayib ketishi hech gap emas

“Hozirda bu jarrohlik amaliyotiga qiziqish, talab yuqori. Ammo bu amaliyotning salbiy ta’sirlarini oddiy tilda tushuntirsam, birinchi navbatda inson tanasida oshqozon tikka turishi kerak emas, oy shaklida yotgan holatda bo‘lishi lozim. Jarrohlik amaliyotida esa oshqozonning aynan yotgan qismi kesiladi. Va natijada oshqozon tikka holatda turib qoladi. Ya’ni oshqozon to‘g‘ridan to‘g‘ri ichakka ulab qo‘yiladi. Yigirma besh yillik tajribamdan kelib chiqib shuni ayta olamanki, bir necha yildan so‘ng asoratlar baribir kelib chiqadi. Biroz ko‘proq ovqat yesa, jig‘ildon qaynaydi yoki yurak o‘ynab ketadi. Maqtarli joyi shundaki, juda ham semirib, o‘z vaznini boshqara olmaydigan odamlar uchun hayotini boshqatdan yo‘lga qo‘yishlari uchun imkoniyat. Ammo jarrohlik amaliyotida avval mijozning yoshi, uning jigar, yurak faoliyatlarini yaxshilab tekshirish kerak. Jarrohlikning yaqinva uzoq davrdagi asoratlari bo‘lishi shubhasiz. Yaqin asoratlariga aytish mumkinki, qon ketib qolishi, atrofdagi qon tomirlarga shikast etishi mumkin. Operatsiyadan so‘ng olti oy, bir yil o‘tgach ham oshqozon yana kengayib ketishi hech gap emas. Bundan hech kim qochib qutulolmaydi”, - deydi gastroenterolog

Narxi qancha?

Hozirgi kunda yurtimizdagi ko‘plab klinikalarda ushbu amaliyot o‘tkazilmoqda. Toshkentda bariatrik operatsiyasi narxi 10 mln. so‘mdan 62 mln. so‘mgacha bo‘lmoqda. O‘rtacha narx esa 26 mln. 988 000 so‘m.

 

Теги :
Jamiyat