$
 12831.81
-25.54
 14606.45
-66.36
 163.75
0.3
weather
+26
Кечаси   +14°
oguads

O‘zbekistonning savdo siyosati JSTga a’zolik bilan cheklanib qolmasligi kerak — ekspertlar

JST O

O‘zbekiston so‘nggi bir necha yil ichida tashqi bozorlar salohiyatidan samarali foydalanish fonida savdo siyosatida katta o‘zgarishlarni amalga oshirdi. “Iqtisodiy sharh” jurnalining ma’lumotlariga tayanib, O‘zbekistonning tashqi savdo siyosatida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni, ikki tomonlama savdo bitimlari va mintaqaviy hamkorlik rivoji mamlakat iqtisodiy barqarorligiga qanday hissa qo‘shayotgani va qanday qiyinchiliklar mavjudligini ko‘rib chiqamiz.

O‘zbekistonning tashqi savdo yo‘nalishlari

Hukumatning erkin savdo siyosati borasidagi sa’y-harakatlarini uchta yo‘nalishda tahlil qilish mumkin. Bular Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish borasidagi jadal muzokaralar, ikki tomonlama erkin savdo bitimlarini tuzish va erkin savdo borasida Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirishdan iborat.

JSTga a’zolik O‘zbekistonga savdo bilan bog‘liq eski siyosatdan voz kechishi va erkin savdoga ochiqlik dunyo iqtisodiyotida samarali ishtirok etishi uchun juda ko‘p imkoniyatlarni ochadi. O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish uchun ilk bor 1994-yilda ariza bergan. Biroq mustaqillikning dastlabki yillarida olib borilgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash siyosati tufayli muzokaralar yillar davomida to‘xtab qoldi. 15 yillik tanaffusdan so‘ng hukumat 2020-yilda JST a’zoligiga kirish uchun muzokaralarni qaytadan boshladi. Hukumatning ushbu harakati mamlakatdagi biznes muhitini yaxshilash, tadbirkorlik oldidagi to‘siqlarni yengillatish va erkin savdo amaliyotida shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar dasturining bir qismi sifatida namoyon bo‘ldi.

JSTga a’zolik O‘zbekistonga nima beradi?

Rasmiy manbalarga tayangan holda tahlil qilinsa, JSTga a’zolik O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ijobiy ta’sir olib kelishi borasida bir nechta taxminlarni ilgari surish mumkin. Birinchidan, JSTga a’zolik hukumat uchun O‘zbekistonning savdo rejimini jahon miqyosida qabul qilingan me’yorlarga muvofiqlashtirish uchun zarur qadam bo‘ladi. JSTga a’zo bo‘lish, shuningdek yagona tijorat amaliyotiga yo‘l ochadi, tashqi savdo bilan bog‘liq bo‘lgan qog‘ozbozlikni qisqartiradi va mamlakatning iqtisodiy modelini qishloq xo‘jaligi va xomashyo eksportidan boshqa sohalar sari kengaytirishga yordam beradi. Ushbu maqsadlarni inobatga olgan holda, hukumat eksportni rag‘batlantirish uchun beriladigan subsidiyalar va imtiyozlarni bekor qilishni joriy etish arafasida. Bundan tashqari, JSTga a’zo bo‘lish O‘zbekistonga savdo nizolarini hal qilish mexanizmlaridan foydalanish imkoniyatini ham beradi. Bu degani, O‘zbekiston global savdo aloqalarini rivojlantirish orqali o‘zining savdo manfaatlarini yanada samarali himoya qilishi imkoniga ega bo‘ladi. JSTga a’zolik orqali investorlarning mamlakatga bo‘lgan ishonchi yanada oshadi, chunki yangilangan qonunchilik qonun ustuvorligi, shaffoflik va tadbirkorlarni kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik borasida kuchli signal beradi. Bu esa energetika, infratuzilma va qishloq xo‘jaligi kabi muhim sohalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalarni jalb qilishga yaxshi zamin yaratadi.

O‘zbekiston va YeI

JSTga a’zolik borasidagi sa’y-harakatlari bilan bir qatorda, O‘zbekiston o‘zining keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlarining bir qismi o‘laroq strategik ahamiyatga ega davlatlar bilan erkin savdo bitimlarini imzolashga ham jiddiy ahamiyat bera boshladi. Bunday bitimlar orqali eksport bozorlariga yanada kengroq integratsiya qilish va ular bilan chuqurroq aloqa o‘rnatish maqsad qilinadi. Hozirga qadar O‘zbekiston 47 davlat bilan savdo borasida maxsus imtiyozlar berish to‘g‘risida shartnomalar tuzgan. Mamlakat, shuningdek, 2020-yilda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeII) kuzatuvchi davlat sifatida qo‘shilgan. Biroq O‘zbekiston bugungi kunga qadar imzolagan erkin savdo bitimlarini tom ma’noda keng qamrovli kelishuvlar, deya olmaymiz. Shu nuqtai nazardan, ikkita muhim qadam, Yevropa Ittifoqi (YeI) va Janubiy Koreya bilan erkin savdo bitimini imzolash borasidagi kelishuvlar hukumatning xalqaro maydonda muhim ahamiyatga ega davlatlar bilan strategik va JST qamrovidan kengroq bo‘lgan savdo munosabatlarini o‘rnatish borasidagi jiddiy sa’y-harakatini namoyon qiladi.

O‘zbekiston so‘nggi yillarda Yevropa Ittifoqi bilan mustahkam aloqalarni rivojlantirishda sezilarli yutuqlarga erishdi. 2021-yil aprel oyida Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonga Preferensiyalar Plyus Umumiy Tizimi (GSP+) doirasida benefitsiar maqomini berdi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston inson huquqlari, mehnat huquqlari, ekologiya va samarali boshqaruvga oid 27 ta xalqaro konvensiyani amalga oshirish sharti bilan 6,200 ta mahsulot turini tariflarsiz Yevropa Ittifoqiga eksport qilish huquqiga ega bo‘ldi. Bundan tashqari, O‘zbekiston 2022-yilda Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim (EPCA) borasida muzokaralarni yakunladi. O‘zbekistonning GSP+ maqomini to‘ldiruvchi ushbu EPCA bitimi tarifsiz to‘siqlarni bartaraf etish va o‘zbek mahsulotlarini Yevropa Ittifoqi standartlariga muvofiq holda ittifoq hududidagi bozorlarga kirishni ta’minlaydi. O‘rnatilgan ushbu hamkorlik natijasida ikki tomon o‘rtasida tashqi savdo yildan yilga o‘sishda davom etmoqda. Masalan, O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2023-yilda 11 foizga o‘sib, 5,13 mlrd. yevroga yetgan. Jumladan, Yevropa Ittifoqidan O‘zbekistonga eksport 4,35 mlrd. yevroni, O‘zbekistondan YeIga import 780 mln. yevroni tashkil etdi.

O‘zbekiston va Sharqiy Osiyo

Sharqqa nazar tashlaydigan bo‘lsak, O‘zbekiston hukumati allaqachon Janubiy Koreya bilan mamlakatlar o‘rtasida erkin savdo bitimini tuzish imkoniyati borasida muzokaralarni boshlab yuborganini ko‘rish mumkin. O‘zbekiston va Janubiy Koreya 2020-yilning noyabr oyida texnik-iqtisodiy asoslash ishlari yakunlanganidan so‘ng erkin savdo bitimini tuzish bo‘yicha muzokaralarni boshlash rejalarini e’lon qilishdi. Bitim O‘zbekiston uchun strategik ahamiyatga ega, chunki Janubiy Koreya texnologiya, ishlab chiqarish va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha mamlakatning asosiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. Darhaqiqat, so‘nggi yillarda Janubiy Koreyaning O‘zbekistonga kiritgan sarmoyasi 7 mlrd dollardan oshgan. Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi mustahkam iqtisodiy aloqalardan dalolat beradi. Janubiy Koreya O‘zbekistonning Markaziy Osiyodan tashqaridagi Rossiya, Xitoy va Turkiya kabi asosiy savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi yillarda savdo aylanmasi ikki baravar ko‘paydi va 2019-yilda 2,5 mlrd. dollarga yetdi. Janubiy Koreya bilan erkin savdo bitimi O‘zbekistonning yangi bozorlarga kirish imkoniyatini oshirib, to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi kabi asosiy eksport tarmoqlariga katta foyda olib keladi. Xulosa o‘rnida aytiladigan bo‘lsa, O‘zbekistonning qo‘shni davlatlarning bozorlariga bog‘liqligi kamayib borar ekan, Koreya bilan savdo kelishuviga erishish o‘zgarayotgan geosiyosiy sharoitlar paydo qilayotgan turli xil xarajatlardan xalos bo‘lish va eksport savdo xaritasini kengaytirish uchun juda zarur.

O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari

Yuqorida qayd etilgan sa’y-harakatlardan tashqari, O‘zbekistonning yangi savdo siyosati qo‘shni Markaziy Osiyo mamlakatlariga nisbatan ham sezilarli darajada o‘zgardi. Hukumat so‘ngi yillarda iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish maqsadida qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalarni mustahkamlashga jiddiy e’tibor qaratdi.

Qo‘shnichilik aloqalarini yaxshilashga qaratilgan pragmatik tashqi siyosat chegaralarning qayta ochilishi, yangi havo, avto va temir yo‘l yo‘nalishlarining yo‘lga qo‘yilishiga olib keldi. Ushbu o‘zgarishlar ikki tomonlama hamda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamladi va mintaqaviy savdo hajmining sezilarli darajada oshishiga hissa qo‘shdi. Jumladan, 2018-yildan buyon Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi olti yil ichida ikki barobarga oshib, 5,7 mlrd. dollardan 11 mlrd. dollarga yetdi.

Tarixan Markaziy Osiyo davlatlari savdo borasida turli xil kelishuv va tarif rejimlarida ishtirok etgan, bu esa savdo borasida chuqur hamkorlik o‘rnatishga to‘sqinlik qilgan. Garchi mamlakatlar o‘rtasida ikki tomonlama bitimlar tuzilgan bo‘lsa-da, mintaqaviy savdo va iqtisodiy hamkorlik har doim yagona savdo rejimini joriy etishni talab qilgan. Bu ehtiyoj mamlakatlararo va mintaqaviy muzokaralar olib borish borasidagi sa’y-harakatlarning paydo bo‘lishi va jonlanishiga turtki bo‘ldi. Bunday zarurat tufayli, masalan, O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari chegara hududida Xalqaro Savdo-iqtisodiy hamkorlik markazini (ISTES) tashkil qilishdi. Bundan tashqari, 2018-yilda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi tashabbusi yo‘lga qo‘yildi va har yili davom etayotgan muzokaralar doirasida mintaqaviy hamkorlik yangicha tus ola boshladi. Ushbu maslahat uchrashuvi dastlab asosan siyosiy va xavfsizlik bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish bilan cheklangan bo‘lsa, yaqin yillardan boshlab yig‘ilishda iqtisodiy integratsiya, savdo bo‘yicha kelishuvlar, siyosiy va madaniy hamkorlik masalalari muhokama qilina boshlandi[19]. 2024 yilda Ostonadagi oltinchi uchrashuv chog‘ida Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumati rahbarlari Markaziy Osiyo mintaqasida mustahkam iqtisodiy integratsiyani amalga oshirish uchun o‘zaro hamkorlikka asos bo‘ladigan aniq fundamental norma va tamoyillar to‘plamini taklif sifatida olg‘a surishdi.

Ekspertlar nima deydi?

Ekspertlar fikricha, O‘zbekiston hukumati global savdo tizimining murakkab tomonlarini samarali boshqarish uchun erkin savdo siyosatida gibrid shaklidagi yondashuvni amalga oshirishi lozim. Ya’ni, hukumat JSTga a’zo bo‘lish orqali ko‘p tomonlama savdo munosabatlarini jadallik bilan amalga oshirish bilan bir paytda, JSTga a’zolikni maqsadli yo‘naltirilgan ikki tomonlama savdo bitimlari va mintaqaviy kelishuvlar bilan uyg‘unlashtirishga harakat qilishi lozim. Mamlakat iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlar qilish va xalqaro ta’minot zanjirida samarali ishtirok etish borasidagi islohotlarni davom ettirar ekan, qaror qabul qiluvchilar shiddat bilan o‘zgarib borayotgan global iqtisodiyotda moslashuvchan savdo siyosatini amalga oshirish uchun nafaqat JSTga a’zo bo‘lish, balki yangi shakllanayotgan turli xil erkin savdo bitimlaridan ham samarali foydalanishlari lozim.

O‘zbekistonning savdo siyosati faqat JSTga a’zolik bilan chegaralanib qolmasligi darkor

JSTga a’zo bo‘lish xalqaro maydonda O‘zbekiston qurayotgan huquqiy-iqtisodiy tizimga bo‘lgan ishonchni mustahkamlash va uning xalqaro qoidalarga rioya qilishiga asos bo‘lib xizmat qiladi. Ammo JST tizimining bugungi kunda samarali ishlashi bilan bog‘liq muammolar va global iqtisodiyotdagi o‘zgarishlar savdo siyosatidagi imkoniyatlarni chegaralab qo‘yishini hisobga olgan holda, O‘zbekistonning savdo siyosati faqat ushbu tashkilotga a’zolik bilan chegaralanib qolmasligi darkor. Shu bois Yevropa Ittifoqi va Janubiy Koreya kabi asosiy hamkorlar bilan erkin savdo bitimini tuzishni jadallashtirishga jiddiy e’tibor berishi lozim. Ushbu bitimlar JST kelishuvidan tashqari bo‘lgan elektron tijorat kabi yangi sohalarda bozorga imtiyozli kirish va innovatsiyalarni joriy etish imkonini beradi. Boshqacha qilib aytganda, erkin savdo bitimlari yangi paydo bo‘layotgan ilg‘or savdo qoidalari uchun eksperimental asos bo‘lib xizmat qiladi. Qolaversa, hukumat Markaziy Osiyodagi iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik nisbatan past ekanligini inobatga olgan holda, savdo infratuzilmasini yaxshilash va mintaqaviy savdo tranzaksiyalarini osonlashtirish uchun mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga e’tibor berishi lozim.

Теги :
Iqtisodiyot