$
 12109.02
75.74
 14139.70
78.81
 150.31
1.01
weather
+26
Кечаси   +14°

Samsung Isroilga ma’lumot yetkazadimi?

samsung

Agar siz Samsung smartfonidan foydalanayotgan bo‘lsangiz, telefoningizda AppCloud nomli ilovani ko‘rgandirsiz. Hozir aynan shu ilova atrofida katta bahslar boshlandi. Samsung telefonlariga o‘chirilmaydigan, Isroilda ishlab chiqilgan dastur yashirincha foydalanuvchilarning muhim ma’lumotlarini yig‘ayotgani haqida ayblovlar paydo bo‘lmoqda.

Joriy yil boshida arab dunyosida raqamli huquqlarni himoya qiluvchi nodavlat tashkilot — Smex Samsung’ga ochiq xat yo‘lladi. Shu xatdan keyin ijtimoiy tarmoqlarda keskin muhokamalar boshlandi va bu bahslar hanuzgacha davom etmoqda. Asosiy e’tiroz Isroilda yaratilgan ilova foydalanuvchilarning roziligisiz ularning ma’lumotlarini yig‘ayotgani taxmin qilinmoqda. Xo‘sh, Samsung smartfonlaridagi yashirin ilova chindan ham maxfiy ma’lumotlarni yig‘yaptimi?

Josus dasturmi yoki shunchaki keraksiz ilova?

Kiberxavfsizlik bilan shug‘ullanuvchi Brinztech kompaniyasi Samsung telefonlaridagi AppCloud ilovasini tekshirib chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, bu ilova Isroilda tashkil etilgan ironSource kompaniyasi tomonidan yaratilgan va Samsung 2022-yildan beri u bilan hamkorlik qilib keladi. Shu sababli AppCloud ko‘plab Galaxy A va M modellari telefonlariga oldindan o‘rnatilgan holda keladi.

Texnik tomondan bu ilova keraksiz dastur, ya’ni bloatware hisoblanadi. Muammo shundaki, uni oddiy yo‘l bilan o‘chirib bo‘lmaydi. Ilovani butunlay olib tashlash uchun telefonni “root” qilish kerak bo‘ladi, bu esa qurilmaning kafolatini yo‘qqa chiqaradi. Ilovani vaqtincha o‘chirib qo‘yish mumkin, ammo tizim yangilangach u yana o‘z-o‘zidan yoqilib ketadi.

Eng asosiy xavotir uyg‘otayotgan jihat – mutaxassislar bu ilova foydalanuvchidan ruxsatsiz turli ma’lumotlarni yig‘ishi mumkinligini aytmoqda. Gap biometrik ma’lumotlar, IP-manzil, joylashuv va raqamli izlar haqida bormoqda. Bu esa Yevropadagi ma’lumotlarni himoya qilish qonunlariga zid bo‘lgani sabab jiddiy savollarni keltirib chiqarmoqda.

Marketing vositasi yoki raqamli josus

Mutaxassislar bu masalada shoshilib xulosa chiqarmaslik kerakligini aytmoqda. Ularning fikricha, AppCloud mashhur Pegasus josus dasturiga o‘xshamaydi. Pegasus ilgari faollar, jurnalistlar va siyosatchilarni yashirin kuzatish uchun ishlatilgan edi. AppCloud’ni yaratgan ironSource kompaniyasi esa hozir AQShning Unity kompaniyasiga tegishli bo‘lib, bu ilova asosan reklama va ilovalarni tavsiya qilish uchun mo‘ljallangani aytilmoqda. Shu sabab u biror davlat nomidan josuslik qiladigan dastur sifatida ko‘rilmayapti.

Shunga qaramay, odamlar orasida xavotir saqlanib qolmoqda. Ilova yashirin emas, lekin taxminan uch yildan beri Samsung telefonlariga foydalanuvchi bilmasdan o‘rnatib kelinmoqda. Bu oddiy marketing vositasimi yoki chuqurroq ma’lumot yig‘ish uchun ishlatiladimi, hozircha bu aniq emas.

Samsung javob berishga majbur

Oldindan o‘rnatilgan, o‘chirib bo‘lmaydigan va foydalanuvchini kuzatishi mumkin bo‘lgan ilova har qanday brend uchun salbiy holat hisoblanadi. Hozircha Samsung rasmiy izoh bermadi, ammo tanqidlar kuchaygani sari kompaniya bu masalaga albatta javob berishga majbur bo‘ladi.

Ba’zi taxminlarga ko‘ra, ayrim davlatlar maxfiylik bilan bog‘liq xavotirlar sabab Samsung qurilmalariga cheklov qo‘yishi mumkin. Bu gaplar hozircha tasdiqlanmagan va to‘liq taqiq bo‘lishi ehtimoli kam. Shunga qaramay, yuzaga kelgan mojaro kompaniya obro‘siga jiddiy zarar yetkazmoqda.

Hozircha mutaxassislar telefonida AppCloud bo‘lsa, uni o‘chirib qo‘yishni va yangilanishlarni diqqat bilan kuzatib borishni tavsiya qilmoqda. Bu haqiqatan josus dasturmi yoki shunchaki reklama ilovasimi? Samsungning jim turishi esa odamlar shubhasini yanada kuchaytirmoqda.

Теги :
Jamiyat